Jamiyat | 16:29 / 02.05.2016
5194
2 daqiqa o‘qiladi

Bin Lodinning otasiga tegishli kompaniya 50 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatdi

Usama bin Lodinning otasi tomonidan asos solingan, qurilish ishlari bilan shug‘ullanuvchi Saudi Binladin Group kompaniyasi xorijlik 50 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatgan. Bu haqda The Times xabar bergan.

Qayd etilishicha, xodimlarga 8 oy davomida maoshlar to‘lanmagan, keyin ularga mamlakatni tark etish tavsiya qilingan.

Xodimlar kompaniyaning Makka shahridagi ofisi qarshisiga yig‘ilishgan va qarordan noroziliklarini ifoda qilishgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 11 sentabrida kran qulashi oqibatida 109 kishi halok bo‘lgan, 230dan ziyod odam jarohat olgan edi. Qirollik saroyi hodisaga kuchli shamol va kranning noto‘g‘ri joylashuvi sabab bo‘lganini tasdiqladi.

Bu ish bo‘yicha 40 kishi sudlandi. Ayblanuvchilarning 30 nafari rekonstruksiya pudratchisi bo‘lgan Saudi BinLaden Group kompaniyasining mansabdor shaxslari, texnik mutaxassislaridir. Qolgan o‘n kishi boshqa tashkilotlar xodimlari edi.

Usama bin Laden Saudi Binladin Group kompaniyasi asoschisi Muhammad Bin Ladenning 53 farzandidan biri bo‘lgan. Avval qarindoshlari unga faol moliyaviy yordam bergan, biroq uning radikal islomiylik mafkurasi oilaviy biznesga xalal bera boshlagach, 1994 yilda uni chetlatishgan.

Mavzuga oid