Sport | 20:01 / 02.05.2016
4410
3 daqiqa o‘qiladi

«Zenit» Rossiya Kubogi finalida TsSKAni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi

2 may kuni Qozon shahridagi «Kazan-Arena» stadionida TsSKA va «Zenit» o‘rtasida Rossiya Kubogi uchun final bahsi o‘tkazildi.

O‘yinning 35-daqiqasida moskvaliklar darvozasi tomon penalti belgilandi va uni Xalk aniq amalga oshirdi. 1 daqiqa o‘tiboq TsSKAning yosh hujumchisi Aaron Olanare hisobni tenglashtirdi. Lekin u 2 daqiqadan keyin jarohati tufayli maydonni tark etdi. Birinchi bo‘limda hisob o‘zgarmadi.

Ikkinchi bo‘limda, 56-daqiqada «Zenit» hujumchisi Kokorin jamoasini oldinga olib chiqdi. 64-daqiqada yana bir marta TsSKA darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi. Bu vaziyatda moskvaliklar himoyachisi Vasiliy Berezutskiy maydondan chetlatildi. Piterliklar hujumchisi Xalk esa ikkinchi marta penaltini aniq amalga oshirib, hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

70-daqiqada esa Yusupov o‘z nomini tabloga yozdirib, o‘yindagi yakuniy natijani o‘rnatdi.

Shu tariqa, «Zenit» uchinchi marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Bu turnir finallari tarixidagi eng yirik hisob bo‘ldi.

TsSKA uchun bugungi final Rossiya Kubogi turniridagi 100-o‘yin bo‘ldi va jamoa bu borada yaqqol yetakchi. Ikkinchi o‘rin esa shu vaqtgacha turnir doirasida 86ta uchrashuv o‘tkazgan «Zenit»ga tegishli. TsSKA shu vaqtgacha 7 marta Rossiya Kubogi g‘olibi bo‘lgandi.

Rossiya Kubogining amaldagi g‘olibi Moskvaning boshqa bir jamoasi, «Lokomotiv» bo‘lgandi. Bu jamoa bu yili nimchorak finalda «Amkar»ga yutqazib, turnirni tark etgandi.

TsSKA (Moskva) – Zenit (Sankt-Peterburg) – 1:4
Gollar: 0:1 – 35, penalti Xalk, 1:1 – 36 Olanare, 1:2 – 56 Kokorin, 1:3 – 64, penalti Xalk, 1:4 – 70 Yusupov.
TsSKA – Akinfeyev, Berezutskiy, Berezutskiy, Ignashevich, Fernandes, Dzagoyev, Yeremenko, Natxo, Golovin, Musa, Olanare.
Zenit –    Kerjakov, Smolnikov, Krishito, Garay, Netu, Garsiya, Yusupov, Shatov, Vittsel, Kokorin, Xalk.
Ogohlantirishlar: A. Berezutskiy, 18; Yeryomenko, 53; Panchenko, 68 – Shatov, 75; Xalk, 78.
Chetlatish: V. Berezutskiy, 62 – net.

Mavzuga oid