Jahon | 16:07 / 27.06.2016
5499
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda mamlakatga kiruvchi xorijliklardan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari haqida hisobot so‘rash taklif qilindi

AQSh bojxona va chegara mudofaasi xizmati (SVR) I-94 migratsiya shaklining qo‘shimcha qatorini ko‘zlovchi yangi qonun loyihasini tasdiqladi. Unga ko‘ra, AQShga kiruvchi xorijiy shaxslarga turli ijtimoiy tarmoqlarda qo‘llaniladigan nik nomlari haqida ma'lumot berish taklif qilingan. 

Hujjatdagi yangi satrni to‘ldirish majburiy emas, biroq bu Amerika chegara qo‘shinlariga xorijiy sayyohlarning virtual hayotidan xabardor bo‘lish imkonini beradi. 

Qonun loyihasida foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi profillarini tekshirish tartibiga aniqlik kiritilmagan. Biroq shu yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan ma'lumotlardan razvedka maqsadida foydalaniladi. 

"Turli ijtimoiy tarmoqlardan yig‘ilgan ma'lumotlar tergov olib borishda mavjud uslubni yanada takomillashtirish imkonini beradi va AQSh ichki xavfsizlik vazirligining u yoki bu xorijlikning amalga oshirishi mumkin bo‘lgan noqonuniy harakatlaridan xabardorlik darajasini ko‘taradi", deyilgan SVR rasmiy ma'lumotida.

I-94 migratsiya shakli AQShga kirayotgan barcha xorijliklar uchun majburiy hujjat hisoblanadi. Mamlakatga samolyot yoki suv transporti orqali kelish hamda ESTA elektron shaklini oldindan to‘ldirish holatlarida I-94 migratsiya shaklini to‘ldirish majburiy emas. ESTA elektron shakliga ham shunday mazmundagi yangi satr kiritilishi rejalashtirilmoqda.
 

Mavzuga oid