Jamiyat | 10:15 / 01.07.2016
11490
3 daqiqa o‘qiladi

Kun hikmati: Urush- umr egovi

Ey g‘ofil, o‘ylama dunyoda sening,
Qismatingni xalloq aylagan urush.     
O‘zi-ku umrimiz juda ham qisqa,
Yana qisqartirmoq bu qanday yumush?  
 

Odamzot yaralibdiki, nizo, nifoq, janjalu urushlarga tarix shohid. Ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi shiddatli urush «dam qalam bilan, dam qilich bilan» bardavom. Mashriqu mag‘ribzaminda ezgulik ruhi Xurmuz (Axura Mazda), yovuzlik ruhi esa, Ahriman (Angra Manyu) deb e'tirof etilgan. Biri tinchlikni, ikkinchisi urushni qo‘msaydi. Birining dilida bunyodkorlik, ikkinchisida buzg‘unchilik g‘oyalari mavjud. Oqil va johil, bedor va g‘ofilning farqi ham ana shu niyatlarga bog‘lanishida. G‘ofil uyqudagi odam. Tiriklik mazmuni, bedorlik mohiyati, umr, dunyo mazmunidan u bexabar. Dunyoga kelish va ketish uning uchun farqsiz. Moddiy manfaat hissigina o‘ylantiradi, xolos. Ma'rifatdan uzoq kishi johil. Jaholat botqog‘i g‘ofilning ham joyi. U g‘aflat uyqusi ila band. Urush oqibati, zamin va zamonga yetkaziladigan ziyonga u befarq. Uning qalbida mehr o‘rniga qahr, muhabbat o‘rniga nafrat, hilm o‘rniga zug‘um in qurgan.

Ikki zid qutbning yashash tarziga e'tibor qiling. Biri ilmu hilm bilan ish tutsa, ikkinchisi zulmu zug‘um bilan ish yuritadi. Yovuzlik homiysi quroli urush. Bu esa onani boladan, bolani otadan judo qilish, xonadonlarda to‘y o‘rniga aza tuttirish.

Shu paytgacha dunyoda o‘n besh mingdan ortiq urush bo‘lib, 5,5 mlrd.dan ziyod inson qurbon bo‘lgan bo‘lsa, hammasi yovuzlik qutbining kasridan. Bobokalonimiz Rudakiy hazratlari  o‘sha davrdayoq, xavotirga tushib, nido qilgan ekanki, asrlar qa'ridan kelayotgan bu sado ogohlikka, hushyorlikka da'vat bo‘lib yangrayotganini anglash qiyin emas.

Muallif: Rahimboy Jumaniyozov

Mavzuga oid