Jamiyat | 16:20 / 17.08.2016
23605
37 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchi yon daftaridan: Milliy g‘oya fanini o‘qitishda yangicha yondashuv

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti o‘qituvchisi Behzod Qobulov o‘z blogida Milliy g‘oya samaradorligini oshirish yo‘lida fanni o‘qitishdagi o‘z tajribasini bayon qilgan.

Quyida post o‘zgartirishlarsiz qayta nashr etilgan.

Men ta'lim unday bo‘lishi kerak, bunday bo‘lishi kerak degan daqqiyona xohish-istaklarni, vaysashlarni xush ko‘rmayman. Xuddi baxtli bo‘lishning muayyan retsepti bo‘lmagani kabi, ta'lim jarayonida ham qat'iy, o‘zgarmas qoidalar yo‘q, deb hisoblayman. “Ixlos bilan boqqil kitob yuziga”, deydi buyuk shoir Maxtumquli Firog‘iy. Ixlos bilan bilim olmoqchi bo‘lgan talabgorga hamisha imkon, sharoit topilgan va topiladi. Bu yo‘lga kirganning shart-sharoit talab qilishi ham, aslida nedir mahdudlikdan, fikri torlikdan darak.

Ammo masalaning boshqa tomoni – ta'limni tashkil qilishga doir qismi rostdan ham o‘ylovga muhtoj. Ta'limni tashkil qilishda davlatning roli, uslubiy yordami, rahbarlik qilishi, kengroq qaraganda, bir qadar nisbiy holatdir. Chunki, baribir bu jarayonda o‘sha umumiy ko‘rsatmalar, metodologik tavsiyalar asosida fan o‘qituvchisi erkin, mustaqil faoliyat yuritaveradi. Mana shu nuqtada noqislik bo‘lishi mumkin. Sohasini tushunib-tushunmay ishlayotgan o‘qituvchilar, muomala layoqati chatoq murabbiylar, nazariy bilimi sust pedagoglarning ham mavjudligi, davlatning inon-ixtiyoridan tashqarida, undaylar aylanib-o‘rgilib sermoya joylarga o‘rnashib olaveradilar. Ular har gal attetstatsiya va tekshiruvlardan muloyimlik bilan o‘tishlari, necha yillik pedagogik stajga ega bo‘lishlari mumkin, ammo aqalli bitta o‘quvchi yoki talabaning qalbiga yorug‘ xayollarga oshinolik hissini yuqtira olmasalar kerak.
Gap zamonaviy ta'lim haqida ketar ekan, umumiy gap-so‘zlardan tiyilib, aniq manzilli mulohazalarimni bayon qilmoqchiman.

Ayni paytda o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida faoliyat ko‘rsataman. Bu maskanda to‘rtinchi bosqich talabalariga “Milliy g‘oya: asosiy tushuncha va tamoyillar” fanidan amaliy mashg‘ulot (seminar) o‘tayapman. Asosiy kasbim jurnalist, falsafa bo‘yicha aspiranturada o‘qiganman. Demak, har ikki sohani omixta qilib, talabalar bilan real muloqot qilish imkonim bor. Jami o‘nta guruhda 250 ga yaqin talabalar bilan (Uchinchi ingliz tili va roman-german fakulteti talabalari) bevosita ishlayman, fikrlashaman. Ha, aynan fikrlashaman...

Ilk marta darsga kirganimda, talabalarning yuzida allanechuk bepisandlik, istehzo hissini ko‘rganday bo‘ldim. Gap shundaki, fikrimcha, aslida bitiruvchi kurs talabalariga milliy g‘oyadan dars o‘tish mutlaqo noto‘g‘ri. Bu vaqtda talabaning fikrati millat g‘oyasini qabul qilarli darajada sokin, o‘zlashtirishga moyil kayfiyatda bo‘lmaydi. Ammo dasturga kiritilgan ekan, na iloj? Maosh kerakmi, darsingni o‘t, mulla Behzod! Salom-alikdan keyin ularga bitta narsani, ya'ni dars davomida “Milliy g‘oya” degan so‘zni ishlatishni ta'qiqladim. Mana shu so‘zimning o‘ziyoq, ma'lum darajada, talabalarda o‘qituvchi shaxsiga qiziqish uyg‘otdi. Chunki, men bu talabalar haqida ba'zi tafsilotlarni bilardim, chamalab ko‘rgan edim. Keling, dastlab mavjud manzaraga nazar tashlaylik.

Birinchidan, ular, ya'ni menga termulib turgan talabalar optimistik ruhda tarbiya topgan, o‘zini go‘yo o‘ta zamonaviy hisoblaydigan, til bilgich o‘zimizning qorako‘zlar. Odatiy so‘roq-savollar bilan auditoriyani tinch ushlab turish, deylik, baho qo‘yib bermaslikni, imtihonda qiynashni peshkash qilib vaqtni o‘tkazish mumkindir. Lekin bu menga to‘g‘ri kelmaydi. Barcha ishni vijdonan bajarish kerak. Chunki, dars millatga doxil. Bu xurpaygan, o‘zibilarmon talabalarning katta hayotga yo‘l olishidan avvalgi, eng so‘nggi davolash, profilaktika ishlarini olib boraman, shunday sharaf menga yuklatildi, degan gapni o‘ylab topdim-da, shu tariqa o‘z fanimga, shaxsimga ichki ishonchimni mustahkamlab oldim.

Ikkinchidan, kuni kecha amaliyotdan qaytgan talabalarga auditoriya torlik qiladi. Ularning o‘zaro yig‘indi gaplari ham to‘planib qolgani sezilib turibdi (telefonlar, partaga engashgancha pichir-pichirlar...). O‘zim ham kechagi talabaman. Bunday vaziyatni yaxshi tushunaman. Yashirib nima qildim, biz ham shunday qilganmiz... Xullas, bu vaziyatda ulardan seminarga tayyorgarlik ko‘rgan-ko‘rmaganini so‘rab-surishtirishim befoyda. Bu ishim rasmiy ko‘rsatmalarga muvofiq kelsa-da, hayotiy jarayonga mos emas, yosh do‘stlarim baribir hech nima o‘qib kelmaganlar. Eng asosiy muammo – juda ko‘pchilik qatori ular ham milliy g‘oya haqida maxsus tayyorgarliksiz gapiraverish, muhokama yuritish mumkin deb o‘ylaydilar. Sezib turibman – bu vaziyatda ochiq-oydin fikriy bahsga kirishish mening olamshumul mag‘lubiyatim bilan tugaydi. Demak, boshqacha yo‘l tutish lozim.

Uchinchidan, bundan tashqari ikkita tashkilotda ishlayman, yana deng, o‘sha ishxonalarda ham dublyor emas, asosiy rol ijrochisi bo‘lishga intilaman. Xullas, dastavval seminar mashg‘uloti deganda bamaylixotir eshitib o‘tirishni, va'zxonlikdan holi jarayonni orzu qilgandim. Ammo reallik boshqacha bo‘lib chiqdi. Oliy ta'limning ko‘zga ko‘rinmas ba'zi tashkiliy muammolari tufayli seminar mashg‘ulotlarini ma'ruzadan avval boshlashimga to‘g‘ri keldi. Xullas, talabalarda ham, menda ham darsni shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tkazishga bahona serob edi...

To‘rtinchidan, rost aytganda, bizda umumiy maqsadlar yo‘q edi. Ular tezroq vaqt o‘tishini xohlashar, men esa talabalarda imkon qadar fanga, milliy g‘oyaga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirishni o‘ylardim, xolos.

Beshinchidan, qo‘limdagi o‘quv qo‘llanma, uslubiy tavsiyalar, ishchi-o‘quv dasturga tayansam, talabalarni g‘oya, mafkura, madaniyat kabi so‘zlar tavtalogiyasidan “bahra” olishga mahkum etaman. Bu bilan hech bir natijaga erishib bo‘lmaydi. Men bu adabiyotlarni qunt bilan o‘qib chiqqan edim. Shunday ekan, ularni asos sifatida ko‘rib, vaziyatga moslab talqin qilishni mo‘ljalladim.

Oltinchidan, rostini aytganda, talabalarda milliy g‘oya tushunchasiga nisbatan hurmat-ehtirom hissi yuzaki va ensaqotar shaklda bo‘lib, buning uchun ularni aybdor qilish judayam to‘g‘ri emas. Ular bu mavzudagi silliq ma'ruzalarni bisyor eshitishgan, “ommaviy madaniyat” nomli yalmog‘izning joriy hayotimizga juda chatoq ta'siri haqidagi qo‘rqinchli gaplar yomg‘iridan zerikishgan, tarbiyaviy soat mazmunidagi turli madaniy tadbirlarga majburiy safarbarlik mobaynida o‘zlarini uyqudan arang tiyib turishgan, “g‘oya – inson tafakurida vujudga keladigan...” deya boshlanadigan zerikarli ma'ruzalarni qayerlardadir, ma'lum-noma'lum sabablarga ko‘ra ko‘p va xo‘p tinglashgan... Shunga qaramay, men bu talabalarni jabrdiyda, ruhan ezilganlar deya olmayman. Faqat qandaydir mexanizm aniq ishlamagan, shu sababga ko‘ra, ular o‘zlari istamagan kampaniyalarga jalb etilgan, xolos. Aslida bunday tadbirlar, gap-so‘zlar hozir har qachongidan ham ko‘proq aytilishi kerak. Ammo biron dorini me'yoridan ortiq iste'mol qilish kishini muqarrar o‘limga olib borishini ham aslo unutmasligimiz kerak. Mening oldimda turgan missiya shuki, qanday bo‘lmasin ularda vatanimiz kelajagining dasturilamali bo‘lmish milliy g‘oyaga ishonch-sadoqat tuyg‘usini, aynan tuyg‘usini shakllantirishim lozim.

Xullas, shunaqa gaplar. Ilk seminar soatining mavzusi “Milliy g‘oya fanining predmeti, maqsadi, vazifalari. Ogohlik tuyg‘usi” edi. Demak, bunday e'tibor berilishi lozim bo‘lgan asosiy nuqta – ogohlik.

Boyagi gapni davom ettirib aytsam, salom-alikdan keyin ulardan “milliy g‘oya” degan so‘zni o‘zaro suhbatimizda, dars davomida ishlatmaslikni talab qildim. Hamma hayron. Bir muddat sukut saqlab, ularning ko‘ziga tikka qaradim. Psixologiyaga doir qiziqishlarimdan ma'lumki, odamning qalbiga cho‘g‘ tashlashdan avval diqqatini jamlashga majbur qila olish kerak. Bunda ko‘zlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ko‘zingizga tik qarab, rost so‘zlayotgan odamga boqsangiz, u qandaydir qudrat sohibidek tassurot qoldiradi. Auditoriyaga sinovchan tikilib, taxminan besh-olti sekund sukut saqlab turdim. Agar kimdir shu paytda “Nega?” degan savolni bersa, ish tamom, taktika foyda bermagan, kurashchilar iborasi bilan aytganda, usul muvafaqqiyatli bajarilmagan hisoblanadi. Hayriyat. Hech kim savol bermadi. Demak, men to‘g‘ri bajarayapman. Keyin sokin, bir tekisda so‘zlashni boshladim. Men bu so‘zlarni o‘ttiz-qirq marta xayolimda qaytarib, to talabalar bilan yuzlashgunimcha, ehtimollik nazariyasining tubiga yetgancha, barcha kutilgan va kutilmagan holatlarni hisoblab chiqqan edim.
Sezib turganingizdek, bu kirish nutqimda milliy g‘oya degan tushunchani hurmat qilish majburiyat va burch ekanligini gapirib o‘tirmadim. Konstitutsiyaga ko‘ra, bizda davlat mafkurasi yo‘q. Demak, har qanday qarashlarni majburan singdirish shaxs erkinligiga ziddir. Demak, fan sifatida uni davlat mafkurasi o‘laroq talqin qilish milliy g‘oya mohiyatini anglamaslik bo‘lar edi. Ammo bu milliy g‘oya – davlat, millat sifatida borligimiz, bor bo‘lishimizga doir birlamchi asos. Men shu nuqtai nazarni to‘g‘ri deb qabul qildim. Demak, nazariy chalkashlikni chetga sura oldim. Talabalarga esa nazariyadan gap sotish ayni chog‘da keraksiz. Ular g‘oya va mafkura haqidagi umumiy gaplar majmuini qariyb yod bilishadi.

Shunday qilib, biz suhbatlasha boshladik. Dastlab 1945 yilning yanvaridan bir misol keltirdim. Yulian Semyonovning “Tirik qolish buyurilgan” degan kitobini yaqinda o‘qib chiqqandim. O‘sha kitobda bir epizod bor. Gitler asos solgan uchinchi reyxning mag‘lubiyati muqarrar bo‘lib qolgan bir paytda, oddiy nemis oilasida er-xotin suhbatlashayapti. Bu suhbatda mag‘lubiyat aniq ekani, tadorikni shunga yarasha olish kerakligi haqida xavotirlar aytiladi. Tasodifan bu gurungni eshitib qolgan farzand o‘z xonasiga qamalib olib, reyxsfyurerga ehtirosli, hayajonga to‘la maktub yozadi. Maktubda buyuk fyurerning mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligi haqidagi aqlga to‘g‘ri kelmaydigan, ig‘vogarona fikrlarni aytgan ota-onasidan shikoyat qilgan o‘spirin, natsional-sotsialistlar partiyasining azamat vakili sifatida ularga adolatli jazo tayinlashni o‘tinib so‘raydi. Imperiya xalq sudi mazkur ariza asosida tergov o‘tkazib, sho‘rlik ota-onani o‘limga mustahiq qiladi. Ana o‘sha maktub tufayli uchinchi reyxning bosh mafkurachisi Gebbels shodlanadi. Maktubni qo‘liga olib, bizning o‘lmas g‘oyalarimizni hayotiy aqidaga aylantirgan shunday otashyurak yoshlar bor ekan, hech qachon mag‘lubiyatga uchramaymiz, deya hayajon bilan yig‘laydi. Vaholanki, bu paytda ittifoqchilar armiyasi Berlinni havodan shturm qilayotgan, “shavkatli” fyurer ayonlari bilan yer osti bunkerida jon saqlayotgan edi.

Bu hikoyani gapirib berayotganimda talabalarning diqqati yanada qat'iyroq tarzda jamlandi. Telefonlar chetga surildi, partaga enkaygan yigit-qizlarlarning boshi ko‘tarildi, pichir-pichirlar tindi. Savol tashladim: “Xo‘sh, bu voqeadan qanday saboq olish mumkin?” Yana sukunat. Demak, hammasi rejamdagidek.
Shundan keyin men ularga ta'limni tashkil etish borasida davlatning g‘amxo‘rligini uqtira boshladim. Mening bu so‘z o‘yinlarim va o‘ziga xos uslubimning jozibali jihati shundaki, talabalar eng so‘nggi xulosamni aytmagunimcha, masalaning mohiyatini, eng to‘g‘ri yo‘nalishni topa olishmaydi. Men ularni go‘yo tig‘ ustida yurishga chorlab, nozik fikrlashga o‘rgata boshladim.

Gap shundaki, har qanday davlatning o‘ta tez taraqqiy etishi uchun mutaassib ishchi kuchlari kerak bo‘ladi. Lekin bu holatda o‘sha mutaassiblar keyinchalik millatning umumsayyoraviy obro‘siga dog‘ tushiradi, mamlakat progressiv davlatlardan ajralib, yakkalanib qoladi. Chunki, mutaassiblik, pirovardida, ulkan talablarni yuzaga keltiradi, bunday talablar esa taraqqiyotning boshqa xalqlar bilan chambarchas bog‘liq og‘ir-vazmin qonuniyatiga, asoslariga putur yetkazadi. Demak, tez taraqqiy etishning muqobil yo‘llarini topgan ma'qul. Tuzumga aqliy jihatdan emas, hissiy jihatdan o‘ta sadoqatli, targ‘ibotning har bir gap-so‘ziga ko‘r-ko‘rona ishonadigan yoshlarni tarbiyalash oxir-oqibat davlatning xalqaro nufuzini tushiradi, halokatga yetaklaydi. Mutlaqo iqtidorli va eng ziyoli xalqlardan biri – nemis millatining jahondorlik talabi bilan maydonga chiqishi; Germaniya davlatining (uchinchi reyxning) o‘tgan asr ikkinchi choragida jadal taraqqiy topishi va so‘nishi ana o‘sha faktor tufaylidir.

Shu gaplarni aytib bo‘lganimdan keyin, yana auditoriyaga qarayman. Bu gal ham jim-jitlik. Nigohlar teranlashgan, fikrlash onlari boshlangan. Bu manzarani ko‘rib turgan o‘qituvchi o‘zini qanchalar baxtli his qilishini faqat dars o‘tayotgan hamkasblarimiz bilsa, tushunsa kerak.

Men ularning zehniga bu hayotiy-nazariy masalani havola qilar ekanman, voqeaning hikmatini oshkor qilishga shoshilmas edim. Chunki, ularga ozroq vaqt kerak. Yoshlar turfa o‘ylarga borsin, eng to‘g‘ri yo‘lni topsin, ishoratlar mantig‘ini anglasin, dedim.

Alqissa, suhbatning davomida ularga milliy g‘oyani majburan singdirish, hayotiy e'tiqodga aylantirish va bularning barchasini majburiyat deb talqin qilish davlatning fuqarolarga nisbatan zulm o‘tkazishi ekanligini uqtirdim. Agar O‘zbekiston ham xuddi natsistlar kabi majburiy axloq kodeksini ishlab chiqib, o‘ziga xos milliy g‘oyaga og‘ishmay amal qilishni talab qilsa, mutassib yoshlarni tarbiyalasa, tuzilma sifatida davlatga muayyan manfaat berishi mumkinligini, lekin gumanistik qoidalarga zid kelishini, hur fikrli ziyolilardan mahrum bo‘lishini, millatinng kelajagi xatarda qolishini uqtirdim. Shu boisdan ham bizda milliy g‘oya majburiy aqidalar yig‘indisi emas, aksincha, hayotni to‘g‘ri tashkil qilishga yo‘naltirilgan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan g‘oyalar majmuidir deb tushuntirdim. Milliy g‘oya orqali mutaassib yoshlarni tarbiyalash maqsad qilinmaganini, balki fikri uyg‘oq, Vatanni ko‘r-ko‘rona emas, anglab-bilib seva olishga, yelka tutishga qodir avlodni tarbiyalash asosiy reja ekanini tushuntirishga harakat qildim. Davlat mafkurasi, yoshlarga majburlab singdiriladigan g‘oya yo‘qligini, o‘tilayotgan fan esa ota-bobomizdan meros qolgan vatanni sevishga, qo‘rishga, rivojlantirishga chorlashini tushuntirdim. Ya'ni, davlatning o‘z fuqarolarini muayyan maslak atrofida uyushtirish, itdek ishlatib, g‘oyaqulga aylantirish imkoniyati bo‘lgani holda, bunday yo‘l tutmaganini, aksincha, yoshlarni millat, vatan kelajagiga doir progressiv fikrlar bilan oziqlantirishga harakat qilayotganini, buning uchun respublika byudjyetidan mablag‘ ajratilishini batafsil gapirib berdim. Demak, fanimizning nomlanishini “mamlakatimizning kelajagiga doir qarashlar majmui” sifatida tushunish kerakligini, aslo “Milliy g‘oya” degan maxsus bir atama sifatida tushunmaslikni iltimos qildim. Grammatika qoidalariga moslab izohlansa, milliy g‘oya sifat, aslo ot emas, dedim. Men shu nuqtai nazar orqali milliy g‘oyaning bugun davlatimiz qo‘llayotgan shaklini ularga uqtirdim. So‘zning xulosasi shu bo‘ldiki, bizga mutaassib yoshlar kerak emas, millatga g‘oyalar bera oladigan, qadriyatlarimizga sodiq, ularning mohiyatini teran anglagan yoshlar kerak.

Ochig‘i, men milliy g‘oyani shunday tushunganman. O‘qib-uqqanlarim asosida mana shu talqin eng to‘g‘risi ekanligiga inonganman. Suhbat davomida men “milliy g‘oya” degan iborani ishlatmaslikka harakat qildim. “Millatimiz g‘oyasi”, “Bosh g‘oyamiz”, “Qadriyatlarimiz majmui” tarzida gapirishga harakat qildim. Chunki, talabalar radioda, televideniyeda, matbuotda, davra suhbatlarida “Milliy g‘oya” degan so‘zni eshitaverib, uni oddiy, xashaki ibora deb o‘ylay boshlaganiga ishonchim komil edi. Men o‘z fikrlarim orqali bu tarz qarashlarni chilparchin qilib, milliy g‘oyani tuyg‘u darajasiga ko‘tarishga harakat qildim. Inson onaga, yorga, bolaga bo‘lgan muhabbatini kunda-kunora izhor qilavermagani kabi, asl tuyg‘ularini qalbga ko‘mib, avaylab saqlashi kerak, deb uqtirdim. Milliy g‘oya bu – o‘zbek bolasining, O‘zbekistonda yashovchi xalqlar vakillarining eng muqaddas, g‘ubor qo‘nmagan tuyg‘usidir, degan aqidamni singdirdim.  Biz shunday nuqtai nazardan yondashib, amaliy mashg‘ulot olib boramiz, biz shunday dars o‘tamiz, deb uqtirdim. 

Shu so‘zlarni ayta turib, auditoriyadagi talabalarga nigoh tashladim. Ular endi rostmanasiga o‘y-fikrlar og‘ushiga g‘arq bo‘lgancha, ko‘z o‘ngimda boshqacha odamga aylangan edi. Men bu tarz uqtirishlarim tufayli fanning maqsadi va predmeti haqidagi ishchi-o‘quv dasturida ko‘rsatilgan me'yorlarni boshqacha yondashuv asosida bajardim.

Birinchi dars, amaliy mashg‘ulot, talabalar seminarga tayyorgarlik ko‘rmagan, demak, bu vaziyatda, voqealarning davomida men nima qilishim kerak edi? Demak, endigi navbat, o‘ziga xos metod asosida ularni fikrlashga, so‘zlashga chorlash, ogohlik hissi haqidagi qarashlarini toblashdir.

Shunday qilib, ogohlik deganda nuqul kattaroq sumka ko‘targan yo‘lovchidan shubhalanishni emas, eng avvalo ko‘ngildagi pokiza tuyg‘ularni avaylashni tushunish kerakligini aytdim. Ogohlik, tom ma'noda, yurakka doir tushuncha; o‘zida, do‘stida, yaqinlarida, bolasida yorug‘ xayollar borligini bilib, o‘sha orzu-umidlar ijobat bo‘lishiga ko‘maklashish eng katta ogohlikdir.

Demak, darsni qanday tashkil etish kerak? Oldinda uzundan-uzoq 45 daqiqa vaqt bor. Temirchi temirni qizdirib, ishlov berishga tayyorlagani kabi men ham o‘tgan vaqt davomida talabalarning qalbiga ta'sir o‘tkazib, diqqatini jamlashga erishdim, xolos. Eng asosiy vazifa hali bajarilmadi. Voqean, seminar mashg‘ulotining qoidasiga binoan talabalarga muayyan baho qo‘yishim kerak. Baholash uchun ularni tinglovchi emas, ishtirokchi bo‘lishlarini ta'minlashim zarur.
Lahzalik taraddud, sokinlik paytidan foydalanib, she'r o‘qishni boshladim. Xorazmlik mashhur shoir Matnazar Abdulhakimning bu she'ri “Darsdan so‘ng” deb nomlanadi. She'r o‘qishdan avval xonada xorazmliklar bor-yo‘qligini surishtirib, gapim yanada ta'sirli chiqishi uchun o‘sha tomonlarda Bo‘ston ismli ayolga haykal qo‘yilganini, buning sabibini hozir aytib berishimni bildirib qo‘ydim. Shu tariqa she'r o‘qiy boshladim.

 Kimnidir koyidi chekkani uchun.
 Tortib olib qo‘ydi gugurtini ham.
 Mashq daftarlarini yig‘di-da, so‘ngra
 Bir-bir sanab ko‘rdi. Yetti daftar kam.
 «Har gal shunday ahvol. Uyalmaysizmi?
 Kelasiz o‘qishmas, qilish uchun sayr.
 Bu safar ham ikki qo‘ymay turaman,
 Ertaga qolganlar topshirsinlar. Xayr».
 Qish kuni — bir tutam. Qoraygandi qosh.
 Ikkilandi. O‘tmak kerak, axir, qirdan.
 Eri ham kelmadi olib ketishga
 «Ko‘ngli sovidimi...» — vahm etdi birdan.
 Hamkasb dugonasi qistovga tutib,
 «Tunab keting, — dedi . — Kech bo‘lib qoldi»
 Ko‘nmadi. Qo‘ltiqlab mashq daftarlarni
 Uyga yolg‘iz o‘zi yayov yo‘l oldi.
 Ovul tugab, endi qirga chiqqanda
 Oqshom quyuq edi, atrof sim-siyoh.
 Yo‘ldan qaytmoqchi ham bo‘ldi bir o‘yi.
 «O‘g‘lim xastalanib qoldimikan yo...»
 Yuragini battar vahima bosdi,
 Qamradi tundan ham battar bir qo‘rquv.
 O‘nqirmi, cho‘nqirmi, o‘rmi, qir demay
 Yana ketaverdi, ketaverdi u.
 Mudhish bir sharpani ilg‘adi nogoh,
 Razm solsa qashqir. Qilardi ta'qib,
 Esladi yirtqichning qo‘rqishin o‘tdan,
 Iziga bir daftar tashladi yoqib.
 Qashqir to‘xtab qoldi. So‘ng — yana, yana,
 Muallima omon topgan bu olov
 Yirtqichga berardi ilojsiz sabr.
 Yo‘lovchi — yoqardi, qashqir — to‘xtardi,
 Tin olardi ikkov har daftarda bir.
 Yo‘l uzoq, tun qaro, qashqir esa och,
 Och yirtqich bilarmi nadir sadoqat.
 Uyga yaqin qolgan vaqtda tugadi
 Muallimda daftar, qashqirda — toqat.
 Uvvos fig‘on tutdi qishloqni tongda,
 Zamin aza ochdi, zamon yig‘ladi.
 Daftar topshirmagan yetti o‘quvchi
 Hammadan ham yomon yig‘ladi.
 No‘noq nazmim uchun afv et, xalqim,
 Na olim, na fozil, na so‘z piriman.
 O‘z vaqtida daftar topshira olmay
 Qolgan bolalarning biriman.
 
She'r tugadi, aniqrog‘i faqat shu joyiga qadar o‘qidim. Talabalar juda g‘amzada kayfiyatga cho‘mdi. Ana endi mashg‘ulotni boshlaymiz, dedim kutilmaganda. Shunday qilib, bir yigit va bir qizni doska yoniga chiqarib qo‘yib, voqealarni tahlil qilishga ko‘maklashishni so‘radim. Yigit kishi o‘qituvchi ayolning eri rolini o‘ynasa, qiz bola Bo‘stonning dugonasi rolini bajaradigan bo‘ldi. Qolgan talabalar maktab o‘qituvchilari sifatida qatnashadigan bo‘ldi. Shunday qilib, Bo‘ston o‘ldi. Qashqirlarga yem bo‘ldi. Ammo voqeaning yuridik jihatlari biron kimsani aybdor qilishga botinmasa ham, axloqiy tomondan jinoyat izlari borligi ko‘rinib turibdi. Demak, biz ayni paytda, auditoriyada go‘yo o‘sha mash'um voqeadan keyin maktab jamoasining yig‘ilishini o‘tkazayapmiz. Va bu yig‘inga Bo‘stonning turmush o‘rtog‘ini ham taklif qilganmiz. Men esa maktab direktori rolini vaqtincha bajarib, hammasini muvofiqlashtirib turaman. Dastlab men maktab direktori sifatida so‘z olib, voqeaning qanchalar qayg‘uli bo‘lganini, biz uchun og‘ir yo‘qotish ekanligini aytib, kelinglar, hammasini muhokama qilamiz, fikrimcha hammangizda mana bu ikki kishiga ancha savollar b bo‘lsa kerak. Qani, marhamat, savol-javoblarga o‘tamiz. Aytib qo‘yay, voqealar uyali telefonlar davridan avval boshlangan, demak, muhokamada bunga e'tiborli bo‘linglar, deb tayinladim. Xullas, asosiy shart – she'rdagi detallardan tashqariga chiqmaslik.

Savollar berila boshlandi.
A) Bo‘stonning turmush o‘rtog‘iga
- ayolingiz kech qolganidan xavotir olib, yo‘l qaramadingizmi?
- bolam xastalanib qoldimikin, deb bechora yo‘lga tushgan. Demak, siz bolalarga befarqsiz. Uydagi vaziyatdan ko‘ngli to‘q bo‘lganda sho‘rlik shom paytida qir oshmas edi...
-  ertalabgacha qanday uxladingiz? Sizda vijdon bormi?
- nega maktabga, qishloqdagi biron kishiga telefon qilmadingiz?
- ko‘ngli sovidimi deb bechora Bo‘stonning yuragi siqilipti. Demak, siz hamkasbimizga e'tiborsiz bo‘la boshlagansiz. Endi qaysi vijdon bilan yashaysiz?

Xullas, shunaqa savollar bilan Bo‘stonning erini ko‘mib tashlashdi. Yigit bechora dovdirab, so‘z topolmay qiynaldi. Auditoriyada chinakam fikriy bahs, munozara kayfiyati uyg‘ondi. Jarayon chindan ham juda qiziqarli tus ola boshladi. Men esa maktab direktori sifatida undan javob berishni muloyim ohangda talab qildim. Yigit bir nimalar deb izoh, tushuntirish berdi. Nazarimda u voqeaga kirishib keta olmadi. Shunda men bir muddat yigitning o‘rniga savollarga javob berishga harakat qildim. Ayolimning o‘limiga daxlim yo‘qligini, hammasi taqdirdan ekanini aytdim. Bunday tarzdagi ayblovlardan keyin o‘zimni o‘ldirib qo‘yishim mumkinligini, nomusli odam ekanligimni, bolalarni taqdiriga endi faqat men mas'ul ekanimni bildirib, tinch qo‘yishlarini so‘radim.
Mantiqli bu bahonadan keyin, talabalar jimib qolishdi. O‘yin vaziyatidagi hamma rolini qoyilmaqom bajara boshladi, ular yoppasiga o‘zini vijdon azoblaridan xalos etishni ko‘zlar, qalban poklanishga harakat qilib, bahslashar edi. Ammo baribir talabalar ayolning eriga nisbatan umumiy nafrat kayfiyatidan voz kechishmadi. Binobarin, menga ham shu kerak edi. Men shu paytdan boshlab har bir talabaning ishtirokini zimdan tahlil qilib, daftarimga baholar qo‘yishni boshladim...

Keyin Bo‘stonni uyiga kuzatib qo‘ygan, uni oxirgi marta ko‘rgan kishi – hamkasb dugonasiga savollar berila boshlandi.
B) Bo‘stonning dugonasiga berilgan savollarning ayrimlari:
-  nega dugonangiz qir osha ketayotganini ko‘ra-bila turib, uni yolg‘iz kuzatdingiz?
- u ketganidan keyin qo‘shni qishloqdagi kimgadir telefon qilib, erini xabardor qilishni so‘raganingizda, qirga chiqib turishini tayinlaganingizda bo‘lar edi-ku!
- siz astoydil so‘ramagansiz. Agarda chin qalbdan manzirat qilganingizda bechora Bo‘ston o‘sha oqshomda siznikida yotib qolardi.

Xullas, doska yonida turgan qiz – Bo‘stonning dugonasi yig‘lagudek ahvolda turar, o‘zini himoya qilishga majoli qolmagan edi. Bir amallab, ko‘zlarida yosh bilan “Men bunday bo‘lishini xohlamagan edim!..” deyoldi, xolos. Shu mashg‘ulotni boshqa bir guruhda qo‘llaganimda dugona rolidagi shaddodgina qiz qishloqda svet o‘chgan edi, deb yuborsa bo‘ladimi? Svet o‘chgan, telefonlar ishlamagan, sovuq kunda mehmonnavozlik ko‘ngilga sig‘maydi, degan fikrlar aytildi. Xullas, turfa qarashlar gardobida bu raundni ham yakunladim.

Keyingi ko‘rinishda Bo‘ston muallimani o‘zini tahlil qila boshladik. Sovuqqonlik bilan, hissiyotlarga berilmay, xolis tanqidiy-tahliliy fikrlar aytishni so‘radim. Endi bu vaziyatda biz roldan chiqib, yana auditoriya sharoitiga qaytdik. Biz endi oddiy talabalar va o‘qituvchi bo‘lib, Bo‘ston muallimaning ayanchli taqdiriga doir qarashlarimizni to‘kib soldik.

G) Bo‘ston muallimanig shaxsiga doir mulohazalardan ayrimlari.

- U baribir o‘zini o‘ylashi kerak edi. Ortiqcha, keraksiz qurbonga aylanishdan saqlanishni bilish, juda katta farosatni talab qiladi. Demak, u farosatsizroq ayol ekan.

- U eridan shubhalana boshlagan ekan. Demak, bor e'tiborini ishga qaratgan, erning e'tiboridan qolgan ayol bo‘lib chiqadi. Bunday ayollarni erkaklar xush ko‘rmaydi. Ayol kishi hamisha ayolligini, rafiqa ekanligini unutmasligi kerak.

- Uning o‘limidan keyin o‘sha daftar topshira olmay qolgan o‘quvchilar astoydil o‘qib, mashhur shoir, olim darajasiga chiqqan ekan. Agarda u tirik qolganida Vatanga ko‘proq foydasi tekkan bo‘lardi. Yana yuzlab, minglab teran fikrli shoiru olimlarni yetishtirar edi. Demak, ayni hosil beradigan, shogirdlar tayyorlaydigan yoshda vafot etgani davlat uchun, ta'lim tizimi uchun yo‘qotish. Bu vaziyat uchun ham Bo‘stonning o‘zi qay bir jihatdan aybdor. Bunday odamlar Vatan uchun o‘zini saqlashni bilishi kerak.

- Bo‘ston farzandlari oldidagi burchlarini yaxshi anglamagan ko‘rinadi. Farzand uchun onalar hamisha kerak. U dars soatlarini avvalroq kunduzgi soatlarga o‘tkazishni so‘rab, ma'muriyatga murojat qilsa bo‘lar edi.

Ana shunaqa gaplar... Yonib, hayajon bilan fikr bildirayotgan talabalarning aksariyati yosh kelinchaklar, kelinlik arafasida turgan bo‘ysara qizlar edi. Yigitlar ham shu alpozda – xullas, oila qurgan, qurish arafasida turgan yosh-yalanglar...

Dars vaqti tugashiga olti-yetti daqiqa vaqt qoldi. O‘tgan vaqt mobaynida ishtirokchilarni to‘g‘ri fikri, o‘ziga xos yondashuvini inobatga olib baholab boraverdim. Ammo yana eng asosiy gapni, voqeaning hikmatini, pirovardi, ayni holatning milliy g‘oyaga, ogohlik hissiga nechog‘lik aloqadorligini ularga aytmagan edim. Men har doim talabalar nima demoqchi ekanligimni oxirgi nafasgacha anglay olmasligini rejalashtiraman. Shunday qilinsa, hammasi qiziq va jozibali chiqadi, eng muhimi, kutilmaganlik, favquloddalik tafakkurda juda kuchli evrilishni yuzaga keltiradi.

Shunday qilib, oxirgi nutqimda ko‘rilgan masalaning mavzuga aloqasi, asl mohiyati haqida to‘xtaldim.

Siz uchun ahamiyatsiz, e'tiborsiz bir nojo‘ya hatti-harakatingiz kimningdir hayotini izdan chiqarib yuborishi, ayanchli oqibatlarga giriftor qilishi mumkinligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz, deya savol tashladim. Ehtimol siz o‘zingiz yuzaga keltirgan holatning naqadar fojyeiy ko‘lam olganini keyinchalik ham bilmassiz, umuman bexabar qolarsiz, lekin umringizning qaysidir bekatida qilmishingizdan pushaymonlik tuyasiz. Siz tufayli insonlar jabr ko‘rmasligi uchun, millatning intellektual, moliyaviy boyligi shikast yemasligi uchun barcha ishga mas'uliyat bilan yondashishingiz shart va zarur. Bizning mana shu yo‘ldagi umumiy maqsadimizni, harakatlarimiz dasturini jamlab, MILLIY G‘OYa deyish mumkin. Demak, millatga xizmat qilish sari olg‘a!

Ana shunday ko‘tarinki ruhdagi, da'vatkor fikrlar bilan, avj nuqtada darsni yakunladim. Gap shundaki, men talabalarni tushkun va ruhan iztirob chekayotgan holatda auditoriyadan chiqarib yubora olmasdim. Milliy g‘oya yoshlarga jo‘shqin kayfiyat berishi kerak degan aqidamda sobit qoldim.

Dars tugaganini e'lon qilib, xayrlashar ekanman, talabalar o‘rnidan qo‘zg‘olishni istamas, yana qandaydir savol bilan, fikr bilan bezovtalanar edi. Muhimi, ularda fikrlashga cheksiz ishtiyoq uyg‘ongan edi. Ularning har biri ayni daqiqalarda milliy g‘oya haqidagi mening xulosa tarzidagi mulohazamga qo‘shimcha fikr bildirishni, to‘ldirishni, o‘z qarashlari bilan boyitishni istayotgani sezilib turar edi. Ammo men ularning izoh va tushuntirishlariga izn bermadim. Chunki, milliy g‘oya haqidagi topgan-anglagan hikmat va xulosalarini qalbning eng to‘rida, mo‘'tabar tuyg‘ular qatorida, el-ulusga ovoza qilmasdan saqlay olishga o‘rgatishni ko‘zlagan edim.

Auditoriyadan hamma bir-bir chiqib ketar ekan, bir talaba, – aftidan u she'r yozadi, shekilli – domla, shunday ekan, nega Bo‘stonga haykal qo‘yildi, deb so‘rab qoldi. Aslida kimdir shu savolni berishini kutib turgandim. Xullas, ularga hissiy va aqliy bilish haqida tushuntirish berdim; adabiyot odamlarda fojyeaga hamdardlik hissini uyg‘otishini, so‘zda qudrat borligini, biz esa voqealarga go‘yo mikroskop orqali qaraganimizni tushuntirdim. Voqealarga nazar tashlaganda, munosabat bildirganda adabiyotning yo‘rig‘i boshqa, aql kishilarining yo‘rig‘i boshqa ekanini, tor doiradagi muhokamalarni ommaga tushuntirish noto‘g‘ri ekanligini aytdim. Ya'ni, fojyeani talqin qilishda davlatning va adabiyotning manfaatlari, nuqtai-nazari mos tushmasligini, ammo bu bir-birini inkor qilmasligini imkon qadar tushuntirdim. Adabiyot tuyg‘ularni charxlashga, o‘zlikni anglashga da'vat etadi, adabiyotsevarlargina millat tug‘ini baland ko‘tarishga qodir. Ammo aynan bir asarda serta'sir bayon qilingan voqeaning mantig‘i hayotda boshqacha bo‘lishi mumkin. Shu bois, adabiyot bilan hayotni chalkashtirib, aynanlashtirib bo‘lmaydi, degan mulohazani bildirdim. U “Xudoga shukur” deganday nafas rostladi, mamnun kulimsirab qo‘ydi. Biz voqeani epizodlarga bo‘lib muhokama qilganimizda uning qalbida adabiyotga nisbatan tushuniksiz munosabat paydo bo‘layotgan ekan, buning oldi olindi.

Xullas, ushbu maqola orqali, zamonaviy ta'lim haqida fikrlashish bahona, bir o‘qituvchi sifatida, o‘zimning tajriba va uslubimni bayon qildim. Bu hali ilk saboqlardagi holat. Avval aytganimdek, jami o‘nta guruhga shu bitta fandan dars o‘taman. Gaplarim qaytariq bo‘lib qolmasin degan o‘yda, har bir auditoriyaga imkon qadar yangi masalalarni muhokama uchun tashlashga harakat qildim. Hozircha, uslubim foyda berayapti, shekilli. Talabalarning ko‘zida, so‘zida, o‘zida norozilik alomatini sezganim yo‘q. Eng qiziq darslar, murakkab masalalar ustidagi mulohazalar endi boshlandi...

ESKARTISh:
Mazkur bitiklarni bir vaqtlar, aniqrog‘i o‘tgan yilning oktabr-noyabr oylarida yozib qo‘ygan edim. Keyinchalik yana yozildi – qolgan darslar qanday tashkil etilganini ham sharhlab, kelgusi faoliyatimda asqatar degan umidda saqlab qo‘ydim. Dars jarayonida zamonaviy texnologiyalardan, badiiy vositalardan unumli foydalanishga harakat qildik, ba'zi guruhlarda bu uslub ish berdi, ba'zilarida yo‘q. Xususan, telegram mesenjyerida har bir kurs yoki fakultet talabalari uchun alohida guruh ochib, fikr almashish, darsga tayyorgarlik ko‘rishni nazorat qilib borish uslubi qiziq tuyuldi. Kelgusida bu ishni yanada pishiq-puxta tarzda olib borishni rejalashtirganman.  Tajribalarimdan bir shingilini bunda o‘rtoqlashar ekanman, shu kunlarda muhokama bo‘lib turgan mavzu – milliy g‘oya targ‘iboti va samaradorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurati borasidagi bahslarga qo‘shilgim, kelgusi mulohazalaringizga material ulashgim keldi...

Mazkur bitiklar 2015-yil,
oktabr-noyabr oyida yozilgan.

Mavzuga oid