Sport | 20:20 / 21.08.2016
15679
2 daqiqa o‘qiladi

Prevyu. Shahobiddin Zoirov oltin medal uchun jangda Misha Aloyanga qarshi

Rio—2016 Olimpiadasining 52 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilari o‘rtasidagi turnirida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Shahobiddin Zoirov bugun finald oltin medal uchun jang o‘tkazadi.

Uning raqibi kelib chiqishiga ko‘ra armanistonlik bo‘lgan, Rossiya nomidan turnirda ishtirok etayotgan sportchi Misha Aloyan.

Ishtirokini saralash bosqichidan boshlagan Shahobiddin Zoirov Rio—2016 dagi birinchi jangida irlandiyalik Brendan Irvinni taslim etgandi. U 1/8 finalda amerikalik Antonio Vargasni, 1/4 finalda esa ozarbayjonlik Elvin Mamishzodani turnirdan chiqarib yubordi. Final ostonasida venesuelalik Yoel Rivasga qarshi ringga ko‘tarildi va raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda Hasanboy Do‘stmatov, Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyevlar qatorida boks bellashuvlarining finaliga yo‘llanma olgan to‘rtinchi o‘zbekistonlik bokschiga aylandi.

Aloyan Riodagi ishtirokini 1/8 finaldan boshlagan bo‘lib, avvaliga Fransiya vakili Eli Konkini, 1/4 finalda kolumbiyalik Seyber Avilani, 1/2  finalda esa xitoylik Xu Tszyanguanni yenggan.

Ayni vaqtda 27 yoshda bo‘lgan Aloyan 2012 yilda London Olimpidasining bronza medali sovrindori bo‘lgandi. Uning medallari qatorida Milandagi 2009 yilgi JCh bronza medali, Bokudagi 2011 yilgi JCh va Olma-Otadagi 2013 yilgi JChning oltin medallari bor. U shuningdek, 2008 yilda Moskvada o‘tgan Jahon kubogi hamda 2010 yilda Moskvada o‘tgan Yevropa chempionatida ham tengsiz bo‘lgan.

Shahobiddin Zoirov va Misha Aloyan o‘rtasidagi jang Toshkent vaqti bilan soat 22:15da boshlanadi.

Mavzuga oid