Sport | 07:24 / 23.08.2016
7023
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik suzuvchi jinoyat haqida yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun yirik homiylaridan ayrildi

AQShlik suzuvchi Rayan Loxte Riodagi Olimpiadada yuz bergan mojaro sababli ikkita yirik homiysini yo‘qotdi. Suzuvchi bilan shartnomalarni Ralph Lauren va Speedo kompaniyalari bekor qildi. Speedo rahbariyati sportchiga atalgan 50 ming dollarni xayriya ishlariga – braziliyalik bolalarga yordam berish uchun berishga qaror qildi.

Olimpiada vaqtida Loxte va uning uch nafar jamoadoshi tunab ketilganlari haqida politsiyaga ariza berishgan. Ularning aytishicha, politsiya kiyimidagi bir necha qurollangan kishilar ular ketayotgan taksiga hujum qilib, to‘pponcha bilan qo‘rqitib, ularning yonlaridagi pul va qimmatbaho narsalarni tortib olishgan. 

Biroq Braziliya politsiyasi aslida nima yuz berganini boshqacha tushuntirgan. Aniqlanishicha, suzuvchilar Riodagi avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shaxobchasida janjal ko‘tarishgan. Ular AYoQSh hojatxonasiga shikast yetkazishgan. Shundan keyin AYoQSh qo‘riqchilari yetkazilgan ziyonni qoplashni talab qilishgan. Suzuvchilar zararni qoplagach, qo‘yib yuborilganlar. Politsiyada esa sportchilar yolg‘on ko‘rsatmalar berishgan. 

Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan Loxte o‘z qilmishi uchun uzr so‘ragan. Shuningdek, AQSh Olimpiya qo‘mitasi ham bu voqea uchun o‘z uzrini keltirgan.

 

Mavzuga oid