Jahon | 18:42 / 23.08.2016
5598
2 daqiqa o‘qiladi

Misr Turkiya bilan munosabatlarini tiklash shartlarini bildirdi

Misr-turk munosabatlarining normallashuvi rasmiy Anqaraning bir necha shartlarni bajarishi, xususan Misr xalqining tanlovini hurmat qilish hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidasiga rioya etishiga bog‘liq, degan fikrni ilgari surgan Misr arab respublikasi TIV rasmiy vakili Ahmad Abu Zayd. 

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Qohira ma'muriyati Turkiyaning qarashida ijobiy siljishlar ko‘zga tashlanganini sezsa, "munosabatlarni yaxshilashga tayyor bo‘ladi".

Shu bilan birga, Abu Zayd Turkiya hukumatining siyosiy qarama-qarshilikka e'tibor bermagan holda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish xususidagi taklifiga rozilik bildirmagan. 

"Davlatlararo munosabatlarni alohida tarkiblarga ajratish mumkin emas. Ular ma'lum bir asosga barpo etiladi. O‘sha asoslar naqadar mustahkam bo‘lsa, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlik ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi", — deb ta'kidlagan Abu Zayd. 

Misrlik diplomatning aytishicha, garchi Turkiyaning hozirgi rahbariyati bilan kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa-da, "Misrning turk xalqi bilan aloqalarida hech qanday muammo mavjud emas".


 

Mavzuga oid