O‘zbekiston | 20:33 / 24.08.2016
50774
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Senati ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

2016 yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Majlisda senatorlar “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishdi.

Ushbu qonun davlat rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida belgilab berilgan vazifalarni ijro etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan va parlamentning quyi palatasiga kiritilgan hamda ichki ishlar organlarining maqomini, birinchi navbatda, qonun ustuvorligini, fuqarolar huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini ta'minlash bo‘yicha ular faoliyatining shakllari hamda usullarini aniq belgilab berishga qaratilgan. 

Qonunda ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari va prinsiplari mustahkamlab qo‘yilmoqda. Ichki ishlar organlari zimmasiga fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini, jamoat tartibini va jamoat xavfsizligini, yuridik hamda jismoniy shaxslar mol-mulki himoyasini ta'minlash vazifalari yuklatilmoqda. 

Ichki ishlar organlarining aniq vazifalarini, shu jumladan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, yuridik hamda jismoniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, jinoyatlarning, boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qo‘yish va ularni fosh qilish, jamoat joylarida fuqarolar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ichki ishlar organlarining aniq vazifalarini belgilab qo‘yish ularining jamiyat va davlat oldidagi javobgarligini oshiradi. 

Qonunda ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilishga doir qo‘yilgan asosiy talablarga, xizmat o‘tash shartlariga alohida o‘rin ajratilgan. 

Qonun O‘zbekiston Prezidenti imzolaganidan va ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan kundan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

Senator Oral Ataniyazovaning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun hujjatida ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, ularning vakolat va majburiyatlari, ushbu muassasalarda xizmat qilish tartibi va shartlari, xodimlarning huquqiy va ijtimoiy muhofazasi aks etgan. Xususan, ichki ishlar xodimlarining o‘qotar quroldan foydalanishlari ham qonun asosida tartibga solingan.

2015 yil dekabrida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ichki ishlar organlari haqida qonunning mavjud emasligini ko‘rsatib o‘tgandi. Davlat rahbari huquq-tartibot va nazorat organlari ustidan qilingan shikoyatlarning har beshinchisi ichki ishlar organlari xodimlarining noqonuniy harakatlariga oidligini ta'kidlagandi.  

Mavzuga oid