Jamiyat | 23:57 / 29.08.2016
6066
2 daqiqa o‘qiladi

Yosh xaker Shri-Lanka prezidentining saytiga buzib kirib, undan imtihonlarni kechiktirishini talab qildi

Shri-Lanka politsiyasi 29 avgust mamlakat rahbari Maytripala Sirisenaning saytini buzib kirgan va u yerda bitiruv imtihonlarini kechiktirishga chaqiruvchi xabar qoldirgan  17 yoshli o‘smirni  qo‘lga oldi, deb xabar beradi Assoshieyted Press agentligi.

"Biz xakerning hujumlarini kuzatdik va bu kuzatuv uning Kaduganavvadagi uyiga borishimizga sababchi bo‘ldi. Sayt dam olish kuni hujumdan so‘ng ishlamay qoldi", — deydi mahalliy politsiya vakili.
Xaker saytning asosiy sahifasini o‘chirib yuborgan va uning o‘rniga saytda mamlakat rahbaridan maktablardagi yakuniy imtihon kunini kechiktirishini yoki iste'foga chiqishini talab qiluvchi xabar qoldirgan. 

Ismi oshkor etilmagan o‘smir kompyuter yordamida amalga oshirgan jinoyati uchun hibsga olindi. Xabar qilinishicha, uni  300 ming rupiy (2000 dollar) miqdorida jarima, shuningdek, 3 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda.

Dushanba kuni Shri-Lanka prezidentining rasmiy sayti qayta ishga tushirildi. 

 

Mavzuga oid