Jamiyat | 18:00 / 06.09.2016
29958
11 daqiqa o‘qiladi

Bloger shikoyati: Bitta firmani yopish uchun 76ta hujjat va 5 oy vaqt!

Bloger Davronbek Tojialiyev o‘z blogiga "Tirigidan o‘ligi qimmat: firma yopish mashmashalari" sarlavhasi ostida post joylashtirdi.

Quyida ushbu post o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.

O‘zim shaxsiy firma ochib, yuritib ko‘rmaganman. 2 yil oldin do‘stimning iltimosi bilan uning firmasiga direktor bo‘ldim. Firma faoliyat yuritmagani bois “nolevoy” hisobot topshirib turdik. Keyin boshlandi: hokimiyatdan qo‘ng‘iroq, statistika boshqarmasidan, soliq qo‘mitasidan, bankdan… Unga hisobot topshir, bunga topshir, uni to‘la-buni to‘la…

2016 yilning mart oyi boshlarida ishlamayotgan firmani yopishga qaror qildim. Tanishlardan surishtirdim, yo‘l-yo‘riq so‘radim. Kimdir firmani yopishda yordam beruvchi yollanma kishilar borligini, ularning xizmat haqi 200 dollardan 1000 dollargacha ekani, shu pulni berib, tinchgina qutulish kerakligini aytdi. Birovga pora bermayman, oddiy xalq qanday qiynalsa, men ham shu usulda firmani yopaman, deb fikr qildim.

Agar firma 1 yil davomida faoliyat yuritmagan bo‘lsa, soliq idorasida bankdan bu haqda ma'lumotnoma va ko‘chirma olib kelib berilsa, korxonani avtomatik tugatishga yo‘naltirishlari mumkin deyishdi. Buyog‘iga firmani yopish uchun tayyorlagan qog‘oz-hujjatlarim haqida raqamlab yozib boraman.

Soliq idorasiga yuqoridagi hujjatni olib borish uchun avvalo bankka xat (1) bilan murojaat qildim. 3 kundan so‘ng menga javob xati (2) va ko‘chirmani (3) berishdi. Uni olib tuman soliq qo‘mitasining firmalarni likvidatsiya qilish bo‘limiga uchradim. Bo‘lim mutasaddisi muddaomni tinglagach, bunday amaliyot hozirda qo‘llanmayotganini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 630-sonli qaroriga ko‘ra, ixtiyoriy tugatish lozimligini tushuntirdi.

Tadbirkorlik sub'yektlarini ixtiyoriy tugatish uchun tuman hokimiyatining “Yagona darcha” markaziga bordim. Ular kerak bo‘ladigan dastlabki hujjatlar ro‘yxatini berishdi:

- Firma yopilayotgani haqida gazetaga e'lon (4).
- “Yagona darcha markazi”ga ariza (5).
- Firmani tugatish haqida ta'sischilar majlisi protokoli (6).
- Firmani tugatish haqida ta'sischilar qarori (7).
- Firmani tugatuvchining pasport nusxasi (8).

Ushbu hujjatlarni tayyorlab (gazetada e'lon chop etilishiga 1 hafta ketdi), “Yagona darcha” markaziga topshirdim. Ular ushbu hujjatlar asosida soliq qo‘mitasiga xat yuboradigan bo‘lishdi. 10 kunlardan keyin soliq qo‘mitasiga chaqirishdi. Soliq qo‘mitasi tekshiruvi uchun quyidagi hujjatlarni olib kelishimni aytishdi:

- Ta'sis hujjatlari (9).
- Direktorning pasport nusxasi (10).
- Bosh hisobchining pasport nusxasi (11).
- Tekshiruvlar ro‘yxati kitobi (12).
- Ijara shartnomasi (13).
- Kadastr shartnomasi (14).
- Elektr energiyasi shartnomasi (15).
- Ustav fondini tashkil etish hujjati (16).
- Lisenziya (17).
- Kadastr hujjati (18).
- Investitsiya va dividentlar rasshifrovkasi (19).
- Hisob siyosati (20).
- Hisobotlar, soliqlar balansi (21).
- Shtatlar jadvali (22).
- Xalq banki yillik akt-sverkasi (23).
- Debit va kredit rasshifrovkasi (24).
- So‘nggi chek daftari (25).
- Asosiy vositalar rasshifrovkasi (26).
- TMTs rasshifrofkasi (27).
- Ish haqi kitobi (28).
- Ish haqi vedomostlari (29).
- Kassa kitobi (30).
- Plastik kartalar ro‘yxatnomasi (31).
- Inkassatsiya shartnomasi (32).
- Eksport-import shartnomalari (33).
- Soliqlar jadvali (34).
- Likvidatsion balans (35).
- Kirim-chiqim hisob-fakturalari (36).
- Shartnomalar (37).
- Yillik 01, 10, 20, 28, 29 hisobotlar (38).

Ro‘yxatni ko‘rib hushim o‘chdi. Buxgalteriyani yaxshi tushunmayman. Bor hujjatlarni keltirib berdim. Keyin quyidagi hujjatlarni taqdim etish haqidagi soliq qo‘mitasi xatini bankka topshirib, javobini olib kelishimni aytishdi:

- Bankdagi barcha birlamchi, ikkilamchi va maxsus hisob raqamlari va valyuta hisob raqamlari bo‘yicha muhr va imzo bilan tasdiqlangan ko‘chirma (39).
- Eksport va import operatsiyalarining mavjudligi va ijrosi haqida to‘liq ma'lumot (40).
- Boshqa bank muassasalarida valyuta, ikkilamchi, maxsus va boshqa hisob raqamlarining mavjudligi va valyuta qoldig‘i haqida ma'lumot (41).
- Kartoteka №2 ning mavjudligi va ish haqi bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi haqida ma'lumot (rasshifrovkasi bilan) (42).
- Bank ssudalari va kreditlari bo‘yicha ma'lumot (43).
- Debitor va kreditor qarzlari mavjudligi haqida ma'lumotnoma (44).
- Hisob raqamidagi pul va valyuta mablag‘lari qoldig‘i bo‘yicha ma'lumot (45).
- Korxonaning hisob raqami yopilgan bo‘lsa, yopilgan sana va sabablari bo‘yicha ma'lumot (46).
- Xizmat ko‘rsatuvchi bank muassasasidan o‘rnatilgan kassa limiti bo‘yicha alohida yillar bo‘yicha ma'lumot (47).
- Bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqi kimga berilganligi nusxasi (48).

15 aprel kuni bankdan hujjatlarni olib, soliq qo‘mitasiga topshirdim. Oradan bir oycha vaqt o‘tdi. Moliyaviy va xo‘jalik faoliyati bo‘yicha davlat soliqlari va majburiy to‘lovlarni Davlat byudjyetiga va boshqa jamg‘armalarga to‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida byudjyetga o‘tkazilishi bo‘yicha yakuniy tekshiruv boshlandi.

- Tekshiruv boshlanganligi haqida aktga muhr va imzo qo‘ydim (49).

21 iyun kuni tekshiruv dalolatnomasini oldim. Tekshiruv asosida yo‘l qo‘yilgan xatolar va soliqqa to‘lashim kerak bo‘lgan jarimalar bayon qilindi. Dalolatnoma (50), jismoniy shaxslar daromadidan daromad solig‘ining to‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida byudjyetga o‘tkazilishi yuzasidan o‘tkazilgan yakuniy tekshiruvning oraliq dalolatnomasi (51), elektr energiyasi iste'moli uchun to‘lovlarning to‘lanishi bo‘yicha  o‘tkazilgan yakuniy tekshiruvning oraliq dalolatnomasi (52) imzolandi. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida tushuntirish xati (53) olindi.

14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining soliqqa oid qonunbuzarliklarini bartaraf etish to‘g‘risidagi Mirzo Ulug‘bek tumani DSI boshlig‘ining qarori (54) chiqdi. Unga ko‘ra, 1 oy muddatda soliq idorasining jami beshta hisobiga tegishli qarz va jarimalarni to‘lashim va eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida ma'muriy jarima to‘lashim kerak bo‘ldi.

Jarimalarni soliq idorasidagi kassa orqali to‘lash to‘xtatilgan ekan. Bankdagi hisob raqamimizda pul yo‘q. Avvalo bankka naqd pul qo‘yib, kartoteka ochilishini kutdim. So‘ng beshta hisob raqamiga tegishli qarz va jarimalarni o‘tkazdim. Soliq hisob raqamlari o‘zgargan ekan. Yana bir kun vaqtim ketdi. Ba'zi hisob raqamlariga Soliq qo‘mitasi saytidan pul o‘tkazib bo‘lmadi. Hisob varag‘i (55) tayyorlab, yana bankka keldim.

Soliq qarzdorligi yo‘qligi haqidagi ma'lumotnomani olish uchun yana soliq idorasiga keldim. Ma'lumotnomani berishga mas'ul shaxs yana bir tekshirib chiqishini, hozir inkassa payti ekanini aytib, telefon raqamimni olib qoldi. Tayyor bo‘lgach, qo‘ng‘iroq qilaman dedi. 4-5 kun o‘tgach o‘zim bordim. Qog‘ozni yo‘qotgan ekan. Ma'lumotnomani 15 daqiqada tayyorlab berdi.

Soliq tekshiruvlari, ma'lumotnomalar, to‘lovlar uchun soliq qo‘mitasiga 15 marta qatnadim.

3 avgust kuni bank hisob raqamimni yopish uchun quyidagi hujjatlar bilan bank idorasiga bordim:

Soliq qarzdorligi yo‘qligi haqidagi ma'lumotnoma (56).
O‘zbekiston Respublikasining soliqqa oid qonunbuzarliklarini bartaraf etish to‘g‘risidagi Mirzo Ulug‘bek tumani DSI boshlig‘ining qarori nusxasi (57).
Bankdan ochilgan plastik kartochkalari (58).
4 avgust kuni bankdan hisob raqamining yopilganligi, kartoteka va bankdan qarzi yo‘qligi haqida ma'lumotnomani oldim.

Shu kuni tuman sud ijrochilari departamentiga bordim. Ma'lumotnomani shahardan berisharkan. Buning uchun quyidagi hujjatlarni topshirdim:

- Qarzdorlik yo‘qligi haqidagi ma'lumotnoma olish uchun ariza (59).
- Korxonani tugatish haqidagi qaror nusxasi (60).
- Guvohnoma nusxasi (61).
- Likvidatorning pasport nusxasi (62).
- O‘n ish kunida tayyor bo‘lishini aytishdi.

5 avgust kuni shahar arxiv boshqarmasiga borib firma hujjatlarini topshirdim. Arxivga topshirishda quyidagi qog‘ozlarni ilova qildim:

- Tugatilayotgan firma hujjatlarini arxivga topshirish uchun ariza (63).
- Topshirilayotgan hujjatlar akti (64).
- Soliq qarzdorligi yo‘qligi haqidagi ma'lumotnoma nusxasi (65).
- Tuman DSI boshlig‘ining qarori nusxasi (66).
- Soliq tekshiruvi dalolatnomasi nusxasi (67).
- Guvohnoma nusxasi (68).
- Ustav nusxasi (69).
- Arxivga hujjatlarni topshirish to‘lovi kvitansiyasi (70).

17 kuni tayyor bo‘lgan quyidagi hujjatlarni olib, hokimiyatning yuridik shaxslar faoliyatini tugatish bo‘limiga yo‘l oldim:

- Soliq qarzdorligi yo‘qligi haqidagi ma'lumotnoma (71).
- Bankdan hisob raqamining yopilganligi haqida ma'lumotnoma (72).
- Sud ijrochilari departamentidan tashkilotga nisbatan undiruv yo‘qligi haqidagi ma'lumotnoma (73).
- Hujjatlar arxivga topshirilgani haqidagi ma'lumotnoma (74).
- Guvohnoma asl nusxasi (75).
Yumaloq va burchak muhr.

Sentyabrning 3-lariga firmaning reyestrdan chiqarilganligi haqidagi ma'lumotnomani olishga kelishimni aytishdi. 6 sentabr kuni firmaning davlat reyestridan chiqarilganligi to‘g‘risidagi (76) so‘nggi qog‘ozni oldim.

Firmani yopish bilan bog‘liq barcha qog‘ozlarni to‘ldirishga 5 oy vaqt ketdi. Bu orada bankka 8 marta, soliq qo‘mitasiga 15 marta, arxiv idorasiga 3 marta, sud ijrochilari departamentiga 3 marta, hokimiyatga 5 marta qatnadim.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida deyarli har kuni matbuot va televideniyeda yoritilmoqda. Tadbirkorlik sub'yektini tezda, oson ochib olasiz, lekin uni yopish uchun bu tartibdagi byurokratiyani boshdan kechirgan ishbilarmon menga o‘xshab, “o‘ta zarur bo‘lmasa, qaytib firma ham ochmayman, direktor ham, ta'sischi ham bo‘lmayman” deyishi haqiqatga yaqin.

Aslida bunaqa byurokratiyaning kimga keragi bor? “Qog‘ozlar” sonini keskin qisqartirish shart. “Yagona darcha” ochildimi, marhamat, oxirigacha tadbirkorga yordamchi bo‘lsin. “Yagona darcha”da soliq, bank va boshqa tashkilotlar vakili o‘tirib, o‘z bazasi orqali korxonanini tekshirib chiqsin. Qarz va shtraflar shu yerning o‘zida hal qilinsin.

Firma yopish uchun 76ta (!) hujjat judayam ko‘p. Balki yuqorida hujjatlar sonida bo‘rttirib yuborgandirman, boshqa holatlarni ham byurokratik to‘siq sifatida baholagandirman. Lekin deyarli ishlamagan firmani qonuniy yopish shuncha harakat, ovoragarchilik, eng asosiysi vaqt sarflash inson umrini behuda sovurishdan boshqa narsa emas. Taraqqiy etgan zamonda yashayapmiz. Axborotlashtirish, elektronlashtirish haqida bot-bot so‘zlayapmiz.

Albatta, fuqarolar uchun osonroq, qulayroq bo‘lgan yechimlar bor. Asosiy masala — qog‘ozbozlikdan voz kechib, eng minimal qoidalarni joriy etishda.

Mavzuga oid