Fan-texnika | 11:14 / 06.09.2016
9339
2 daqiqa o‘qiladi

Land Rover yangi Discovery suratlarini namoyish etdi

Land Rover kompaniyasi Parij avtosaloni arafasida yangi avlod 7 o‘rindiqli yo‘ltanlamasi Discovery mashinasining suratlarini namoyish etdi. Hozircha, britaniyaliklar yangilikka oid ma'lumotlarni to‘liq oshkor etmagan bo‘lsa-da, avtomobil o‘ta universal, qulay va texnologik jihatdan yuqori dajarada ekanini ta'kidlashgan. 

«Yangi Discovery, Land Rover sifatlarining eng yaxshilarini o‘zida mujassamlashtirgan», — deb izoh berishgan Land Rover kompaniyasi vakillari.

«Butunlay yangi Discovery yirik hajmli yo‘ltanlamaslar uchun yangi me'yorlarni joriy qilmoqda — deya fikr bildirgan modelning bosh dizayneri Jyerri MakGovern. — Land Rover dizayner va muhandislari Discovery «formula»sini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bu esa, juda ajoyib, bugungi kun talabiga mos keluvchi avtomobil ishlab chiqarish imkonini berdi. Uni dunyodagi eng yaxshi oilaviy yo‘ltanlamaslardan biri deyish mumkin».

Taxminlarga ko‘ra, yangi modelga benzin va dizel yoqilg‘isida yuradigan, 3.0 litrli «V6» motori o‘rnatiladi. Bundan tashqari, gibrid Discovery ham taklif etiladi. Bundan tashqari, uning Discovery SVX rusumli kuchaytirilgan namunasi bo‘lishi ham aytilmoqda. 

Hozirgi vaqtda, to‘rtinchi avlod Diskaveri avtomobili 211 va 249 ot kuchiga ega turbo «dizel» motori va benzinli, 340 ot kuchiga ega V6 dvigateli bilan birga sotiladi. Yo‘ltanlamasning barcha to‘plamlari 8 bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi. Ularning barchasining g‘ildiraklari yetakchi bo‘ladi.
 

Mavzuga oid