Sport | 14:44 / 07.09.2016
15786
2 daqiqa o‘qiladi

Klichko va Fyurining revansh jangi kuni rasman tasdiqlandi

Superog‘ir vazn toifasida IBO/WBA/WBO versiyalari bo‘yicha jahon chempioni bo‘lmish britaniyalik bokschi Tayson Fyuri va ukrainalik sobiq jahon chempioni Vladimir Klichko revansh jang o‘tkaziladigan kun xususida bir to‘xtamga kelishdi. Jang 29 oktabr kuni o‘tkazilishi rasman ma'lum qilindi.

«Klichkoning jamoasi Fyuri bilan qoldirilgan jangning yangi muddati aniq bo‘lganidan mamnun. Bu ajoyib jang «Manchester-arena»da tashkil qilinadi. Bu ko‘plab katta janglarga guvoh bo‘lgan munosib joy. Vladimir 29 oktabr kuni a'lo formada bo‘ladi va u chempionlik kamarini o‘ziga qaytarishga qodir», deya Klichkoning menejyeri Bernd Byontening so‘zlarini keltirgan BoxingScene.

Klichko va Fyuri o‘rtasidagi revansh jangi shu yilning 9 iyul kuni Manchester shahrida bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo britaniyalik bokschi jarohat olgani uchun boshqa muddatga qoldirildi.

2015 yilning noyabr oyida Germaniyada o‘tkazilgan 12 raundlik jangda ochkolar bo‘yicha hakamlarning yakdil qarori bilan Tayson Fyuri Vladimir Klichko ustdan zafar quchgan hamda WBA, WBO va IBF titullarini qo‘lga kiritgandi. Keyinroq britaniyalik himoya jangini o‘tkazishdan bosh tortganligi uchun IBF kamaridan mahrum qilingandi.

28 yoshli Tayson Fyuri professional ringda biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan. Uning hisobida 25 ta g‘alaba (shulardan 18 tasi nokaut bilan) mavjud. 40 yoshli Klichko professional faoliyati davomida 68 ta jang o‘tkazib, 64 tasida (shulardan 53 tasi nokaut bilan) zafar quchgan va 4 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan.

Mavzuga oid