Jahon | 18:21 / 07.09.2016
7388
2 daqiqa o‘qiladi

Merkel AQSh va Rossiyani Halabdagi vaziyatni tezroq tartibga solishga chaqirdi

Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiya va AQSh Halabda tinch aholining o‘limiga sabab bo‘layotgan bombardimonlarni va otishmalarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

"Men faqat umid qilamanki, Rossiya va AQSh tomonlari shifokorlarni va tibbiyot muassasalarini o‘qqa tutishni bas qilish bo‘yicha kelishuvga erishadi. U yerdagi kishilar dahshatli darajada azob chekishmoqda. Buni oqlab bo‘lmaydi", - degan kansler.

Shu bilan bir vaqtda suriyalik ko‘ngillilar Bashar Asad armiyasini Halab yaqinida kimyoviy qurol ishlatishda ayblagan. 100dan ortiq kishi Halab yaqinida xlor qo‘llanishi oqibatida zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan.

Halabda 250 mingdan ortiq kishi jangarilar tomonidan egallangan hududlarda qamalda qolgan.

Xitoydagi G20 sammiti vaqtida ikki tomon o‘rtasida bu bo‘yicha sulh tuzilishi kutilgandi. Lekin yakunda Vashington va Moskva hozircha kelishuvga erishmagani ma'lum bo‘ldi.

Iyul oyidan buyon bu borada ish olib borilmoqda. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Moskvaga kelgan va o‘z taklifini bildirgandi. Unga ko‘ra, Halabdagi kishilarga insonparvarlik yordamlari yetkazib berish uchun Suriya armiyasini bu hududdan olish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid