Sport | 11:02 / 08.09.2016
6489
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik suzuvchi Rayan Loxte Riodagi mojaro tufayli 10 oyga diskvalifikatsiya qilindi

Rio-de-Janeyro olimpiadasi chempioni, amerikalik suzuvchi Rayan Loxte turnirlardan 10 oy muddatga chetlashtirildi. Bu haqda USA Today xabar tarqatgan.

Bu qaror Olimpiada vaqtida Braziliyadagi yoqilg‘i quyish stansiyasida talonchilik yuz bergani haqidagi o‘ylab topilgan yolg‘on ortidan kelib chiqqan mojaro tufayli qabul qilingan.

Qaror AQSh suzuvchilar uyushmasi va AQSh Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida qabul qilindi. Shuningdek, voqeaga aloqador yana 3 nafar sportchiga nisbatan intizomiy choralar qo‘llangan. Bular Gunnar Bentts, Jyek Konger va Jyeyms Feygen. Lekin ularning diskvalifikatsiya muddatlari kichikroq bo‘ldi.

Endilikda Loxte 2017 yilning 30 iyuniga qadar turnirlarda ishtirok eta olmaydi. U 2017 yili Budapeshtda o‘tkaziladigan jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi.

Bundan oldinroq Rayan Loxtening asosiy homiylari Riodagi mojaro tufayli u bilan hamkorlikni to‘xtatgani ma'lum bo‘lgandi. Suzuvchilar uchun sport buyumlari ishlab chiqaruvchi Speedo firmasi,  Ralph Lauren brendi, kosmetik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Syneron-Candela hamda matraslar tayyorlovchi Airweave Lcc Loxte bilan hamkorlikni to‘xtatgan.

Eslatib o‘tamiz, olimpiada vaqtida AQSh Milliy olimpiya qo‘mitasi terma jamoaning to‘rt nafar a'zosi Rio-de-Janeyro shahrida tunab ketilgani haqida ma'lum qilgandi. Gunnar Bents, Jyek Konger, Jyeyms Feygen va Rayan Loxte 14 avgustga o‘tar kechasi kechki bazmdan olimpiya shaharchasiga qaytayotganida talonchilik qurboni bo‘lgani aytildi. Ular o‘zlari o‘tirgan taksiga o‘zini politsiya xodimi deb tanishtirgan qurollangan shaxslar tomonidan hujum qilingani, pul va boshqa shaxsiy buyumlarni talab qilgani haqida aytishdi.

Biroq huquq-tartibot xodimlari jabrlanganlarning arizasi rostligiga shubha qildi. 18 avgust kuni sportchilar tunab ketilmagani aniqlandi. Ular yoqilg‘i quyish shoxobchasida zarar yetkazilgan mulkka pul to‘lagani ma'lum bo‘ldi. 

Mazkur da'volar tasdig‘ini topmadi va suzuvchilar hech qanday tunash bo‘lmaganini tan olishiga to‘g‘ri keldi.

Mavzuga oid