Sport | 09:37 / 15.09.2016
16810
3 daqiqa o‘qiladi

Xakerlar Rio-2016 vaqtida doping qabul qilgani aniqlangan yangi nomlarni keltirishdi

Butunjahon aksildoping agentligi (WADA) bazasini buzib kirishga muvaffaq bo‘lgan Fancy Bear xakerlik guruhi Rio Olimpiadasi vaqtida doping qabul qilgani aniqlangan navbatdagi sportchilar ro‘yxatini taqdim etdi.

Bu ro‘yxatda rossiyalik bokschi, 52 kilogrammgacha vazn toifasidagi musobaqalar finalida O‘zbekiston vakili Shahobiddin Zoirovga yutqazib, kumush medal sovrindori bo‘lgan Mixail Aloyanning final jangi arafasida topshirgan doping testi natijasi ijobiy chiqqan. Uning organizmida stimulyator hisoblanadigan tuaminogeptan preparati topilgan.

«Salom odamlar. Biz Fancy Bears xakerlari jamoasimiz. Biz halol o‘yin tamoyillarini doping orqali buzgan sportchilarni fosh qilishda davom etamiz. Doping qabul qilgan sportchilar ro‘yxatida faqatgina kuchli jamoalar sportchilarigina emas, boshqa davlatlar vakillari ham bor. Biz butun dunyoga katta sportdagi doping haqida ma'lum qilishda davom etamiz. Bizni kuzatishda davom eting», — deyilgan xakerlar saytida.

Aloyandan tashqari, yangi ro‘yxatda amerikalik 10 olimpiadachi, Buyuk Britaniya va Germaniyadan 5 nafardan sportchi, shuningdek, Ruminiya, Chexiya, Polsha va Daniyaning bir nafardan vakili bor:  Betani Mattek-Sands (AQSh, tennis), Brittni Griner (AQSh, basketbol), Jon Konger (AQSh, suzish), Dagmara Voznyak (AQSh, qilichbozlik), Dianna Prays (AQSh, yengil atletika), Keytilin Beyker (AQSh, suzish), Makkuin Beyron (AQSh, suzish), Mishel Karter (AQSh, yengil atletika), Sem Dorman (AQSh, suvga sakrash), Tervel Dlagnev (AQSh, kurash), Bredli Uiggins (Buyuk Britaniya, velosport), Charli Hall (Buyuk Britaniya, golf), Kristofer Frum (Buyuk Britaniya, velosport), Xizer Fisher (Buyuk Britaniya, regbi-7), Sem Taunsend (Buyuk Britaniya, akademik eshkak eshish), Pernila Blum (Daniya, suzish), Natalya Maday (Polsha, akademik eshkak eshish), Petra Kvitova (Chexiya, tennis), Roksana Kogianu (Ruminiya, akademik eshish), Robert Harting (Germaniya, yengil atletika), Frantsiska Hentke (Germaniya, suzish), Kristina Obergfell (Germaniya, yengil atletika), Kristian fom Len (Germaniya, suzish), Kristian Rayxert (Germaniya, suv marafoni).

Bundan oldinroq, 13 sentabr kuni  Rossiyaning Fancy Bear xakerlar guruhi tomonidan WADA aksildoping ma'lumotlar bazasi buzib kirilgani tasdiqlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, WADA opa-singil Uilyamslar dopingdan foydalanishiga ruxsat bergani ma'lum bo‘ldi.

Serena Uilyams agentlik ruxsati bilan 2010, 2014 va 2015 yillarda oksikodon, gidromorfon, prednizon, prednizolon va metilprednizolon, uning singlisi Vinus esa 2010–2013 yillarda prednizon, prednizolon, triamtsinolon va formoterol qabul qilgan ekan. Bu moddalarga ruxsat berilishiga qanday tashxis sabab bo‘lgani hujjatlarda aytilmagan.

Shuningdek, amerikalik gimnastikachi Simona Baylzning doping namunalari ijobiy natija berganiga qaramay u diskvalifikatsiya qilinmagan ekan. Ma'lumot uchun, Baylz Rio Olimpiadasida to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritgandi.

Mavzuga oid