Jahon | 08:31 / 18.09.2016
15731
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va AQShning BMTdagi vakillari bir-birlarini tinglashdan bosh tortishdi

AQShning BMTdagi doimiy vakili Samanta Pauer Xavfsizlik kengashining Suriya bo‘yicha uchrashuvida Rossiya delegatsiyasining nutqini tinglashdan bosh tortdi va buning o‘rniga Rossiyani jurnalistlar oldida tanqid qila boshladi. Bu haqda Rossiyaning BMTdagi vakili Vitaliy Churkin ma'lum qildi

Uchrashuv AQSh boshchiligidagi koalitsiya harbiy-havo kuchlari Suriyaning Daur-az-Zor shahri yaqinida suriyalik harbiylar pozitsiyalariga zarbalar berishi sababli chaqirtirilgandi.

"Maslahatlashuvga yig‘ilganimizda, men Kengash a'zolari bilan xavotirlarim bilan bo‘lisha boshlaganimda, Pauer matbuot oldiga chiqib va meni eshitishni istamay, barcha narsada Rossiyani ayblay boshladi va hattoki bu yig‘ilishni chaqirtirishda ham bizni aybladi", deb aytdi Churkin.

Uchrashuv oldidan Churkin maslahatlashuvlar zalida bo‘lganda, Pauer jurnalistlar oldiga chiqib, Rossiyaning yig‘ilishni chaqirtirish tashabbusini "ikkiyuzlamachilik va surbetlik" deb atagan.

Pauer so‘ngra zalga Churkinning nutqidan keyin kirib, "Churkinning nima deyayotganini eshitish unga qiziqmasligini va buning barchasi nayrangbozlik ekanini" aytgan.

"Mutlaq misli ko‘rilmagan axloqsiz pozitsiya. Bu sharoitda men ham Pauer barcha narsada bizni ayblashini eshitishni istamadim va men ham o‘z navbatida zalni tark etdim. U yerda bizning delegatsiya qoldi", deb aytdi Churkin.

17 sentabr kechki payt AQSh boshchiligidagi koalitsiya samolyotlari Suriya armiyasi pozitsiyalariga zarba bergan. Oqibatda 62 suriyalik harbiy halok bo‘lgan, 100 ga yaqini yaralangan. 

Zarbalar berish vaqtida ikkita F-16 va ikkita A10 samolyotlari qo‘llangan. Samolyotlar Suriya havo hududiga Iroq tomondan kirgan. Hujum jangovor harakatlarni to‘xtatish tartibi amal qilayotgan vaqtda berilgan.

Pentagon hujumni xatolik sababli yuz berganini aytgan. Ular IShIDga zarba berayotganlariga ishonchlari komil bo‘lgan va Rossiya tomonidan tegishli axborot olinganidan keyin zarbalar darhol to‘xtatilgan. Oq uyda ushbu voqea yuzasidan afsuslanish bildirilgan.

Mavzuga oid