Sport | 19:53 / 04.10.2016
8938
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yosh shaxmatchi JCh sovrindorlaridan biri bo‘ldi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi 20 sentabr – 4 oktabr kunlari Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahrida  o‘smir yigit va qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jahon chempionati tashkil qildi. Unda 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar ishtirok etdi.

Turnirda 61 mamlakatdan jami 412 shaxmatchi (221 yigit va 191 qiz) ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi turnirga 6 nafar sportchi bilan borgandi.

Terma jamoa vakillaridan faqat birginasi, Nodirbek Yoqubboyev (jahon reytingida 2341 ochkoga ega) sovrindorlar qatoridan joy oldi. Ushbu yosh shaxmatchi 11 tur natijasiga ko‘ra, musobaqada qatnashgan 76 nafar 14 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar orasida uchinchi o‘rinni egallagan va bronza medali bilan taqdirlangan.

18 yosh toifasida qizlar o‘rtasidagi bahslarda oltin medalni gretsiyalik Stavrula Tsolakidu olgan. Shu yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalarda armanistonlik Manuel Petrosyan g‘olib bo‘lgan.

Hindiston vakili Xagavane Alanksha hamda armanistonlik Xaik Martirosyan 16 yoshli shaxmatchilar o‘rtasidagi musobaqalarda tengsiz bo‘lishgan.

14 yoshlilar o‘rtasida esa xitoyli Chju Jiner hamda rossiyalik Semena Lomisova chempionlikka erishgan.

Mavzuga oid