Jamiyat | 15:03 / 05.10.2016
16451
3 daqiqa o‘qiladi

Ayblov: Toshkent jamoat transportida chiptachilar yo‘lovchilarga qaytim bermayapti

Jurnalist Fozil Jabborov feysbukdagi sahifasida jamoat Toshkent shahri transportidagi ko‘ngilsiz holatdan shikoyat qildi. Unda avtobus konduktorlarining yo‘lovchilarga qaytim qaytarmaslik holatlari ko‘p bor kuzatilayotgani, qo‘pollik qilishi keltirilgan. Muallif bu muammo yuzaga kelishida “Toshshaharyo‘lovchitrans”ni ayblagan.

Quyida ushbu post qayta nashr qilingan.

Yo‘l haqi 1300 so‘m bo‘ldi(mi)?
Uyimizdan “Do‘stlik” metro bekatiga qadar 10 daqiqalik yo‘l. Avtobus bekati undan yaqinroq. Ishga birda metroda, birda avtobusda borib kelaman. Ko‘pincha metroda poyezddan poyezdga almashishni uncha xushlamay, 10, 28, 72, 148, 155-avtobuslarga chiqaman. Yo‘l haqi 1200 so‘m bo‘lganidan beri, chiptachilar uni 1300 so‘mga ko‘tarib olishgan. Nima emish, 100 so‘mlik qaytim yo‘q emish! “Qaytimim yo‘q edi, uzr!”, desayam, mayli deysan. Lekin qachonki: “Yo‘l haqi 1300 so‘m bo‘lganmi?” deb so‘raganingdan keyin tishini g‘ijirlatib: “1200, qaytim yo‘q”, deydi yuzingga tarsaki urganday bo‘lib. Bir xillari qaytimi bo‘la turib bermaydi ham. Bugun ertalab 28-avtobusda shunday bo‘ldi. Oxiri “bezrayib” 100 so‘mimni so‘rab oldim. Lekin ko‘pchilik yo‘lovchi arzimagan bu pulni so‘rashga uyalganidanmi yoki andisha qilganidanmi, indamay qo‘ya qoladi. Bunday indamaslar bir kunda qancha bo‘lar ekan, a? Ulardan qancha foyda tushar ekan? 100tadan 10 ming so‘m, 1000tadan 100 ming so‘m, 10 000tadan bir million so‘m “sof foyda” qilsa bo‘ladi. Yaxshi biznes! Toma-toma ko‘l bo‘lur, deb shuni aytishsa kerak-da! Bu pullar qayerga ketayotganini siz mendan ko‘ra yaxshiroq bilasiz, birodarlar!

Nazorat kuchli bo‘lganidanmi yo jyeton sotuvchilarning insofidan qismaganmi, xudoga shukr, metroda bunday voqeani hech kuzatmadim. Meningcha, ularda ish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Nega deganda, yo‘l haqi 1000 so‘mdan 1200 so‘mga ko‘tarilganidan beri metroda yangi yuz so‘mliklar, ikki yuz so‘mliklar yoki tanga pullar paydo bo‘p qoldi. Xalq haqiga xiyonat qilmayotgani uchun metrochilarning otasiga rahmat! Ammo “Toshshaharyo‘lovchitrans”da ishlovchilarning otasiga rahmat deyolmayman!

Mavzuga oid