Fan-texnika | 12:18 / 15.10.2016
9244
2 daqiqa o‘qiladi

Lockheed Martin Mitsubishi kompaniyasiga ko‘rinmas samolyotlar ishlab chiqishni taklif qilmoqda

Foto: AP

Amerikaning Lockheed Martin kompaniyasi Yaponiyaning Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasiga ko‘rinmas qiruvchi samolyotlarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni taklif etmoqda. Bu haqda, Amerika harbiy konserni rahbari Merilin Xyuson Nikkei gazetasiga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

"Biz ularga avgust oyida yuborgan so‘rovlariga muvofiq, loyihaga oid axborotlarni taqdim etdik", - degan Xyuson. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lockheed Martin konserni ham  Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasiga ko‘pmaqsadli beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlari uchun "butlovchi va ehtiyot qismlari yetkazib berish bo‘g‘ini" sifatida qaramoqda. 

"Yaponiyaning aerokosmik sanoati katta salohiyatga ega. Biz har tomonlama hamkorlikka tayyormiz", - deya qo‘shimcha qilgan Xyuson.

Ayni vaqtda, Yaponiya mudofaa vazirligi eskirib qolgan F-4 qiruvchilari va F-2 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlarni almashtirishni rejalashtirmoqda. Bu samolyotlar aynan Mitsubishi Heavy Industries va Lockheed Martin hamkorligida ishlab chiqilgan. Yaponiya mudofaa kuchlari tarkibida 130 dona shunday samolyot bor. 

Ushbu jangovar havo kemalarini Yaponiyaning radarlarga kam ko‘rinuvchi Advanced Technology Demonstrator X texnologiyasiga ega mahalliy samolyotlar bilan almashtirish rejalashtirilgan.

Biroq, ularni foydalanishga topshirish 10 yillar vaqt talab qilishi aytilmoqda. Bu jarayonni tezlashtirish va xarajatlarni qisqartirish maqsadida Mitsubishi Heavy Industries loyihaga xorijiy kompaniyalar, jumladan Lockheed Martin konsernini ham jalb etishi mumkin. Bu boradagi yakuniy qaror 2018 yilda qabul qilinadi. 

Mavzuga oid