Jahon | 12:18 / 23.10.2016
6966
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Britaniya Yamandagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etuvchi saudiyalik uchuvchilarni tayyorlamoqda

© Foto: Sputnik

Britaniyada Liberal-demokratlar partiyasidagilar ma'lum qilishicha, Buyuk Britaniya Yamanda bombardimon ishlarini olib borayotgan Saudiya Arabistoni uchuvchilarini tayyorlab kelmoqda.

"Bu sharmandalik. Britaniya hukumati nafaqat saudiyaliklarni qurol bilan ta'minlab kelmoqda, balki Saudiyaga uchuvchilar yetishtirib bermoqda. Yamanning begunoh aholisini tartibsiz ravishda bombardimon qilish orqali saudiyaliklar ochiqchasiga inson huquqlarini buzishmoqda. Hukumatimiz bu qonli kampaniyadagi ishtirokini to‘xtatmog‘i lozim", deya partiya vakili Tom Breykning so‘zlarini keltirgan The Independent.

Gazeta ma'lumotiga ko‘ra, Breykning so‘roviga javoban mamlakat mudofaa vaziri Maykl Fellon britaniyaliklar saudiyalik harbiylarni tayyorlashini tasdiqlagan, ammo u Birlashgan qirollik "Saudiya Arabistoni bilan Yamandagi harbiy amaliyotlar xususida maslahatlashuv o‘tkazmagani"ni ta'kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 8 oktabr kuni Sanodagi dafn marosimi vaqtida amalga oshirilgan havo zarbalari oqibatida tinch aholining 150dan ortiq nafar vakili qurbon bo‘ldi. Avvaliga bu hujumdagi ishtirokini inkor etgan Saudiya Arabistoni keyinroq bu hujum adashuv tufayli ro‘y berganini tan oldi.

Mavzuga oid