Jahon | 10:09 / 24.10.2016
6011
3 daqiqa o‘qiladi

WikiLeaks AQShdagi saylovlarga oid ma'lumotlarni Assanj tarqatmayotganini ma'lum qildi

© Joe Raedle/Getty Images

WikiLeaks tashkiloti tasdiqladiki, AQShda saylovoldi poygasiga oid ma'lumotlar Ekvadorning Londondagi elchixonasidan tashqarida turib nashr etilmoqda. Bu haqda tashkilotning tvitterdagi sahifasi orqali ma'lum qilingan.

"WikiLeaks hech qachon materiallarni Ekvador elchixonasi hududida nashr qilmagan va kelgusida ham bunday bo‘lmaydi. Janob Assanj hech qachon AQShdagi saylovlarga oid ma'lumotlarni elchixona hududida turib tarqatmagan", - deyilgan bayonotda. Tashkilot Ekvadorda "bu holat bo‘yicha qaysi pozitsiyani tanlash o‘z ixtiyorida qolayotgani"ni ta'kidlagan. WikiLeaks tomoni Assanj AQSh prezidentligiga nomzodlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligini qayd etgan.

Tashkilotda ma'lum qilinishicha, AQShdagi saylovlarga oid ma'lumotlar va boshqa hujjatlar butun dunyo bo‘ylab joylashgan ofislar, xususan, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya va Norvegiya kabi mamlakatlardagi markazlardan turib tarqatilmoqda.

Bundan oldinroq NBC telekanali Ekvador hukumati AQSh talabi bilan Assanjga internetga kirishni cheklab qo‘ygani haqida ma'lum qilgandi. Assanjning chiqishlari 15 oktabr kuni, AQSh prezidentligiga nomzod Hillari Klintonning nutqlaridan biri tarqatilgach, to‘xtab qolgandi.

Ma'lumot uchun, Avstraliya fuqarosi hisoblangan Julian Assanj maxfiy hujjatlarni chop etish uchun yaratilgan WikiLeaks` saytining asoschisi (2006) hisoblanadi. 2010 yilda ushbu sayt AQSh harbiylarining 2007 yilda Bag‘dodni vertolyotdan turib hujum uyushtirgani va 18 nafar tinch aholi vakilining o‘limiga sabab bo‘lgani tasvirlangan videolavhani oshkor qilgan edi. Sayt o‘sha yili AQShning diplomatik xarakterdagi 250 mingga yaqin hujjatini chop etishni boshlagan.

U Shvetsiya tomonidan jinsiy tovlamachilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanmoqda. Sud Assanjni 2011 yil dekabrida sirtdan hibsga olgan. WikiLeaks asoschisi 2012 yil iyunidan beri Ekvadorning Londondagi elchixonasi hududida yashirinib turibdi.

Assanjning o‘zi unga nisbatan ilgari surilgan ayblovni tan olayotgani yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Shvetsiya uni hibsga olsa, darhol AQShga topshiradi, AQSh esa Assanjni turli hukumat idoralari va xizmatlarining maxfiy hujjatlarini omma e'tiboriga havola qilib yuborgani uchun ta'qib qilmoqda.

Mavzuga oid