Fan-texnika | 21:04 / 28.10.2016
9484
7 daqiqa o‘qiladi

Apple'ning kuzgi Special Event taqdimotidan ajoyib yangiliklar

27 oktabr kuni Apple Kupertinoda yangi taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimot doirasida kompaniya bir qator funksional klavishlar o‘rniga sensor panelli yangi Macbook Pro noutbuklarini namoyish qildi. vc.ru taqdimotdagi so‘nggi yangiliklardan boxabar qildi. 

Taqdimot imkoniyati cheklangan kishilarga bag‘ishlangan videorolik bilan boshlandi — Apple o‘z texnologiyasining ularga qanday yordam berayotganini namoyish qildi. Sahnaga Apple rahbari Tim Kuk ko‘tarildi va kompaniya Accessibility-texnologiyalarga bag‘ishlangan yangi saytni ishga tushirayotgani to‘g‘risida e'lon qildi. 

Shundan so‘ng u mahsulotlar borasidagi yangiliklarga o‘tdi — o‘tgan oyda Apple yangi iPhone 7 qurilmasini namoyish qildi. Xususan, Kuk suratlarga doir imkoniyatlar va Memories funksiyasiga alohida to‘xtaldi.

60 foiz kompaniya qurilmalari foydalanuvchilari iOS 10'ni o‘zlashtirishdi, ularning 32 foizi iOS 9, 8 foizi esa  iOS 8 va undan avvalgi versiyalarni qo‘llashadi. Kuk ushbu statistikani Android egalari statistikasiga qiyosladi - Android qurilma sohiblarining atigi 1 foizigina eng so‘nggi Android 7 operatsion tizimidan foydalanar ekan. 

Shuningdek Kuk oktabr oyi oxirida Yaponiyada Apple Pay to‘lov tizimi hamda Apple Maps'da jamoat transporti yo‘nalishlariga doir funksiya yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Kompaniya rahbari yangi iPhone va Apple Watch sotuvlariga doir ma'lumot bermadi. 

Apple TV

Apple TV 'ning so‘nggi modeli ishga tushirilgan vaqtdan boshlab boshqa ishlab chiqaruvchilar bu platforma uchun 8 mingdan ortiq ilovalar chiqarishdi. Ulardan ikki ming nafari — o‘yinlar. Yil oxiriga borib, Apple TV 'da Minecraft paydo bo‘ladi. 

Tim Kuk Apple korporatsiyasi TV nomi ostida yangi ilovani ishga tushirayotgani haqida ma'lum qildi. U boshqa ilovalardagi barcha shou va filmlarni bir joyda birlashtiradi. 

Bundan tashqari, TV ilovasi Siri'ni qo‘llaydi — masalan, ovozli yordamchidan futbol o‘yinini yoqish so‘ralsa, u translyatsiya aynan qaysi efirda ketayotganini topib, uni yoqib beradi. 

Foydalanuvchilar yangi ilovada Netflix kontenti yo‘qligiga e'tiborni qaratishdi. 

TV servisi Amerika bozorida joriy yilning dekabridan xizmat ko‘rsata boshlaydi, uni Apple TV va iOS'dan topish mumkin bo‘ladi. 

Mac

Tim Kuk macOS haqida so‘z yuritib, o‘z nutqida davom etdi — u ish stoli tizimida endi iCloud Drive, Apple Pay va Siri mavjudligini eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haftada Apple'ning ilk noutbuki 25 yoshga to‘ladi — 1991 yilning 25 oktabrida ilk PowerBook taqdim etilgan. 

Tadbir mehmonlariga Apple noutbuklari tarixi haqidagi rolik namoyish qilindi. 

Kompaniya rahbari yangi Macbook Pro'ni taqdim qilib, sahnaga marketing bo‘yicha vitse-prezident Fil Shillerni taklif qildi. 

Macbook Pro yangi korpus dizayniga ega bo‘ldi, u ikki xil rangda hamda ikki xil ekran diagonalida (13 va 15 dyuym) ishlab chiqariladi.

Shillerning ma'lum qilishicha, 13 dyuymli model 14,9 mm qalinlikda bo‘lib, avvalgi versiyasidan 17 foizga yupqaroq. U hajm jihatidan 23 foizga ixchamroq, og‘irligi esa - 1,3 kilogramm. 

15 dyuymli versiya — 15,5 mm qalinlikda bo‘lib, avvalgi versiyasidan 14 foizga yupqaroq, hajm jihatidan esa 20 foizga ixchamroq. Uning og‘irligi - 1,8 kilogramm. 

Yangi modellar Force Touch funksiyasi bilan ta'minlangan, u maydoni jihatidan avvalgi avloddan ikki barobar kattaroq. Klaviatura ham ikkinchi avlodning "kapalak" mexanizmiga asoslangan. 

Klaviatura tepasida avvalgi F1-F11 tugmalari o‘rniga multi-touch texnologiyasini qo‘llovchi funksional Retina-ekran Touch Bar joylashtirilgan. Shiller funksional klavishlar — bu "45 yillik texnologiya" ekani va undan xalos bo‘lish vaqti kelganini aytdi. Shunga qaramay, yangi sensor ekran foydalanuvchi xohishiga ko‘ra, eski klavishlarni aks ettirishga qodir. 

Yangi panel Touch ID'ni qo‘llaydi, bu foydalanuvchiga tizimga kirishda yoki internet-to‘lovlarni amalga oshirishda o‘z shaxsini tasdiqlash imkonini beradi. 

Touch Bar sensor ekranida joriy vaqtda yoqilgan ilovaga qarab, funksional klavishlar aks ettiriladi. Shu bilan birga panel matn terish jarayonida so‘zlarni oldindan topishga yordam beradi, emodzi smayliklarni taklif qiladi hamda Safari sahifalarining biridan ikkinchisiga o‘tishga imkon yaratadi.

Foydalanuvchi tugmalar to‘plami va joylashuvini mustaqil ravishda sozlashi mumkin. Unda "Skrinshot qilish" yoki "Qo‘ng‘iroqqa javob berish" kabi sensor klavishlar mavjud. 

Fil Shiller yangi noutbuk displeyi haqida so‘zlab berdi — u avvalgi modelga nisbatan 67 foizga yorqinroq bo‘lib, 25 foizga ko‘proq rang imkoniyatlariga ega. 

15 dyuymli Macbook Pro 2,6 GGts chastotali hamda 4 GB VRAM Radeon Pro videokartali Intel Core i7 protsessori bazasida ishlaydi. Ichki SSD-xotira hajmi - 2 Tb, operativ xotira hajmi - 16 Gb. 13 dyuymli model 2,9 GGts chastotali Core i5 va Intel Iris GPU grafik chipli i7 protsessori bilan taqdim qilinadi. Operativ xotira hajmi - 8 Gb. 

Noutbuk USB-C standartini qo‘llovchi to‘rt Thunderbolt 3 portiga ega. 

Kompaniya vitse-prezidenti Syuzan Preskott Final Cut Pro videomontaji uchun dastur yangilanishi haqida so‘z yuritdi. 

Adobe'dan Breydi Evans Photoshop dasturi bilan ishlashni namoyish qildi. Algoriddim kompaniyasi rahbari Karim Morzi esa yangi noutbukdan qanday qilib DJ pulti sifatida foydalanish mumkin ekanligini ko‘rsatib berdi. 

Shillerning so‘zlariga ko‘ra, Macbook Pro batareyasi 10 soatgacha avtonom ishlashni ta'minlaydi. 

15 dyuymli Macbook Pro bahosi 2399 dollardan boshlanadi, 13 dyuymlisining narxi esa - 1799 dollardan. 13 dyuymli modelning nisbatan arzon versiyasini 1499 dollardan boshlab xarid qilish mumkin. Sensor panelli modellar sotuvlari 2-3 hafta ichida yo‘lga qo‘yiladi. 


Suratlar:vc.ru

Mavzuga oid