O‘zbekiston | 18:52 / 09.11.2016
9025
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiy erkin iqtisodiy zonasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berish ilgari surildi

9 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Navoiy viloyatida saylovchilar va keng jamoatchilik bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zMTDP Navoiy viloyat kengashi
Axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili Anora Bobomurodova ishtirokchilarni Sarvar Otamuratovning tarjimai holi bilan  tanishtirdi.  

Shundan so‘ng Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov so‘zga chiqib, saylovoldi Dasturida belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan nutq so‘zladi.

Nomzod milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari ezgu g‘oyasi asosida iqtisodiyot, ijtimoiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, sud-huquq, axborot, sport va tashqi siyosat sohalarida bir qator vazifalar belgilanganini ta'kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda nomzod ta'kidlaganidek, saylovoldi Dasturda iqtisodiyot sohasida xalqning milliy tiklanishi – iqtisodiy islohotlarning negizidir tamoyili asos qilib olingan. Ma'lumki, Navoiy viloyati respublikamizning boshqa hududlariga nisbatan o‘zining istiqbolli ishlab chiqarish, gigant sanoat korxonalari faoliyati bilan alohida nufuzga ega.

Navoiy erkin iqtisodiy zonasida bugungi kunda yaratilgan qulay investitsion muhit natijasida Koreya, Buyuk Britaniya, Italiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Singapur, Rossiya davlatlari bilan hamkorlikda  24 ta loyiha muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Shu kungacha kiritilgan investitsiyalarning hajmi 124,2 mln. AQSh dollarini tashkil etib, uning 34,2 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisoblanadi. Mavjud korxonalarda 100 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, uzluksiz eksport yo‘lga qo‘yilgan.

Nomzod qayd etib o‘tganidek, bugun dunyo bozorida raqobatbardosh hamda transmilliy kompaniyalar  iqtisodiyot timsoliga aylanmoqda. Shundan kelib chiqib, Navoiy erkin iqtisodiy zonasida transport-logistika tarmog‘i imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish lozim. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida jahon bozoriga mahsulot yetkazib berishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni davom ettirish, import o‘rnini bosadigan mahalliy xom-ashyo asosida mahsulot ishlab chiqaruvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ular uchun soliq miqdorini kamaytirish, bojxona imtiyoz va preferensiyalari, imtiyozli subsidiyalar va boshqa shakllardagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini joriy etish ustuvor vazifalardan biridir.

Uchrashuvda nomzod saylovoldi Dasturning boshqa sohalari xususida ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Sarvar Otamuratov ilgari surayotgan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Navoiy viloyatida madaniy meros obektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish va bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga e'tibor qaratilgani saylovchilar tomonidan e'tirof etildi.

Tadbir so‘ngida Sarvar Otamuratov ishtirokchilar tomonidan uning tarjimai holi va saylovoldi Dasturi yuzasidan berilgan bir qator savollarga javob berdi.

 

Mavzuga oid