Jamiyat | 13:39 / 12.11.2016
94392
6 daqiqa o‘qiladi

Antropologlar tomonidan Odam alayhissalomning suyaklari topilgani rostmi?

Savollar.islom.uz portali foydalanuvchilaridan biri quyidagi savol bilan murojaat etgan: “Assalomu alaykum! Savolim noo‘rin bo‘lsa uzr so‘rayman. Bilishimizcha, Odam alayhissalomning jussalari judayam katta bo‘lgan. Antropologlar tomonidan Odam alayhissalomning suyaklari topilganmi yoki bu haqda biron bir ma'lumot mavjudmi?”

Ushbu savolga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rahimahulloh) hazratlari javob qaytarganlar. 

“Va alaykum assalom! Mabodo antropologlar suyak topishgan bo‘lsa ham u Odam alayhissalomning suyaklari emasligi 100 foiz aniq. Chunki payg‘ambar alayhimussalomlarning jasadlari chirimasligi hadislarda kelgan. Mabodo kim bo‘lsa ham “birorta payg‘ambarning suyaklarini topdik”, desa ham, xato qilgan bo‘ladi. Odam alayhissalomning qabrlari qayerdaligi aniq ma'lum emas.

Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Albatta, afzal kunlaringizdan biri Jum'a kunidir. Unda Odam xalq qilindi. Unda uning joni qabz qilindi. Unda puflash bordir. Unda qattiq qichqiriq bordir. Bas, unda menga salovotni ko‘p aytinglar. Chunki salovotlaringiz menga arz (namoyish) qilinur», dedilar. Sahobalar:

«Ey Allohning Rasuli, siz chirib ketgan bo‘lsangiz, qanday qilib bizning salovotimiz sizga arz qilinur?», dedilar. 

U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh azza va jalla yerga anbiyolarning jasadlarini harom qilgandir», dedilar».

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot va salom aytib turish har bir bandaning burchidir.
Alloh taolo Qur'oni Karimda shunga amr qilgan. Ammo Jum'a kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish yana ham zarur va alohida fazilatga ega ekanligini ushbu hadisdan bilib olamiz.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu ishning ahamiyatini Jum'a kunining afzal kun ekanligiga bog‘lamoqdalar. Shuning uchun ham hadisning avvalida Jum'a kunining o‘ziga xos sifatlaridan ba'zilarini sanab chiqmoqdalar.

Bulardan Jum'a kuni Odam alayhissalom xalq qilinganliklari, xuddi shu kuni u zotning jonlari qabz qilinganligini oldin o‘rgangan edik.
Hadisi sharifdagi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Unda puflash bor», deganlarining ma'nosi Qiyomat kunida surga Isrofil alayhissalom tomonidan puflab chalish borligini aytishdir.

Shuningdek, u zot sollallohu alayhi vasallamning «Unda qattiq qichqiriq bor», deganlari ham Qiyomat kuniga tegishli bo‘lib, bu qichqiriq puflashdan keyin bevosita bo‘ladi va undan keyin hamma jonzot o‘ladi.

Ana shunday voqealarga xos qilingan kun – Jum'a kuni darhaqiqat, ulug‘ va eng afzal kun bo‘ladi.

Shuning uchun ham bu kunda alohida ibodat, alohida duo, alohida salovot bo‘lishi kerak.

Jum'a kuni haftalik bayramgina emas, u miskinlarning haji kunidir. Bu kunning sharafidan qilingan amallarga ajr-savoblar ko‘paytirib beriladi.

Ana shunday bir kunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salovot aytish juda ham marg‘ub bir ish. Ummatlarning aytgan salovotlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga arz qilinadi, Allohning amri ila u zot sollallohu alayhi vasallam bu salovotlarni eshitadilar, ulardan xursand bo‘ladilar.

Shunday qilib, ham u zotning, ham u zotga salovot aytganlarning martabalari ulug‘ bo‘ladi.

Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz vafot etib, qabrga qo‘yilib, oradan vaqtlar o‘tganidan keyin qanday qilib, u zotga aytilgan salovotlar arz qilinadi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bu savol

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi gaplarini eshitgan sahobai ikromlarda ham paydo bo‘lgan. Darhol ular:
«Ey Allohning Rasuli, siz chirib ketgan bo‘lsangiz, qanday qilib bizning salovotimiz sizga arz qilinur?», dedilar».

Bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning gaplaridan shubhalanib, bu ish bo‘lishi mumkin emas-ku, degan ma'noda emas, balki qanday bo‘lishini bilish uchun berilgan haqli savol edi. O‘sha paytda sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etib, yerga ko‘milsalar, boshqalarga o‘xshab, tanalari chirib ketadi, degan tasavvurda bo‘lganlar. Shuning uchun ham chirib ketgan shaxsga salovot qanday yetishini so‘rab, bilmoqchi edilar. Ularning bu savollariga javoban, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Alloh azza va jalla yerga anbiyolarning jasadlarini harom qilgandir», dedilar».

Demak, yer Payg‘ambar alayhissalomlarning jasadlarini, jumladan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning jasadlarini ham chirita olmaydi.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Jum'a kuni musulmonlarning eng afzal kuni ekanligi.
2. Jum'a kuni Odam ota xalq qilinganligi.
3. Jum'a kuni Odam otaning joni olinganligi.
4. Jum'a kuni surga puflash bo‘lishi.
5. Jum'a kuni qattiq qichqiriq bo‘lib, hamma o‘lib, qiyomat qoim bo‘lishi.
6. Jum'a kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salovot aytishimiz lozimligi.
7. Aytilgan salovotlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bildirilishi.
8. Payg‘ambar alayhissalomlarning jasadlarini yer chirita olmasligi.

Ushbu hadisga amal qilgan holda Jum'a kunlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salovot aytishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a'lam!

Mavzuga oid