Jahon | 16:08 / 13.11.2016
7988
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq harbiylari Mo‘sul yaqinidagi yana bir shaharni IShID jangarilaridan ozod qildi

© AFP

Iroq harbiylari yakshanba kuni Mo‘sul shahridan janubi-sharqda joylashgan qadimiy Nimrud shahrini IShID jangarilaridan to‘la ozod qildi. Bu haqida Al Sumaria telekanali harbiy qo‘mondonlikka asoslangan holda xabar bergan.

Nimruddagi qadimiy xaroba binolar insoniyat madaniy tarixining bir qismi hisoblanadi. Shaharga miloddan avvalgi XIII asrda asos solingan, bu shahar o‘sha davrning eng qudratli davlati bo‘lgan Ossuriya davlati poytaxti edi. IShID jangarilari shu yilning martida bu qadimiy xarobalarni buldozerlar vositasida yo‘q qilib tashlamoqchi bo‘lgan, ammo qadimiy osori-atiqalarga deyarli ziyon yetkaza olishmagandi.

O‘tgan haftada harbiylar Abbos-Rajab va Nomaniya aholi turarjoylarini jangarilardan ozod etgandi. Nimrud harbiy harakatlar davomidagi ozod etilgan ikkinchi katta shahar bo‘ldi.

Iroq armiyasi kurd harbiy bo‘linmalari va AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiya ittifoqchilari bilan birga Mo‘sulni ozod etish uchun qariyb bir oydan beri urush olib bormoqda.

Mavzuga oid