Jamiyat | 16:14 / 15.11.2016
29830
15 daqiqa o‘qiladi

Islom jaholatga qarshi ma'rifat bilan javob qaytargan va shunday bo‘lib qolajak

Foto: Kun.uz

Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida bo‘layotgan jarayonlarga imom–xatiblar o‘z munosabatlarini bildirishlari, adashgan oqimlarning puch da'volariga ilmiy, asosli raddiyalar berishlari, ularning xatarli g‘oyalaridan musulmonlar ommasini saqlash va odamlarga sof islom ta'limotlarini mag‘izini tushuntirish hamda islom ezgulik, tinchlik dini ekanligini yetkazishlari asosiy vazifa hisoblanadi.

Oqil hayotdan, tarixdan ibrat olib yashaydigan kishidir. Bu maqola orqali e'tiboringizga tarixga muhrlangan ana shunday ibratli nasihatni havola qilamiz. O‘qib hozirgi zamonda din niqobi ostida har qanday xunrezlikni qilishga tayyor g‘alamislarning asl basharasini bilib olasiz.

Mashhur muarrix Abulqosim Aliy ibn Hasan o‘zining «Tarixi madina ad–Dimashq» asarida: «Abu Bakr roziyallohu anhuning Shom fathiga ehtimomi» bobida qo‘mondonlarga nasihatlarini keltirganlar. O‘sha voqeani qisqacha tafsiloti keltirib o‘tsak.

Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu amirlardan birini Shomga jo‘natayotib o‘nta nasihat qilganlar. Bu voqea o‘n uchinchi hijriy yili bo‘lgan. Abu Bakr roziyallohu anhu nasihat qilgan zot Yazid ibn Abu Sufyon edi. Bu nasihatlar urush holatida qo‘mondonlarga qarata aytilgan. Urush vaqtida ham ushbu o‘n nasihatga amal qilish kerak va lozim bo‘lsa, tinch o‘lkalarda odamlarni qirg‘inbarot etib, obod joylarni vayron qilayotgan vahshiylarning ishlariga nima deyish, qanday baho berish mumkin?!

O‘sha o‘n nasihat quyidagilar:

1. Xargiz ayol kishini, 
2. yosh bolalarni, 
3. yoshi katta keksalarni o‘ldirma.

Islom dinida ayollar qadrlanadi, e'zozlanadi. Bunga zid bo‘lgan har qanday ishlar qoralanadi.

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g‘azotlaridan ba'zisida bir ayol o‘ldirilgan holda topildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayol va bolalarni o‘ldirishni qattiq inkor qildilar»Imom Muslim rivoyati.

Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘sha g‘azotlaridan ba'zisida bir ayol o‘ldirilgan holda topildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayol va bolalarni o‘ldirishdan qaytardilar», dedi. Imom Muslim rivoyati.

Bu hadisi sharifni Imom Buxoriy, Molik, Termiziy, Abu Dovud, Ibn Moja, Dorimiy va Ahmad rahmatullohi alayhlar ham rivoyat qilganlar.

Bir marta Toifda o‘ldirilgan ayolni ko‘rib:
«Men sizlarni ayollarni o‘ldirishdan qaytarmaganmidim?!», deganlar.

Islom dinida insoniylik nuqtai nazaridan shaxsga berilgan oliy bahoga e'tibor qarating!

XVIII asrda Yevropada ayol kishini odam qatoriga qo‘shish kerakmi yo yo‘qmi degan masala muhokama etilayotgan bir paytda Islom dini bundan o‘n to‘rt asr muqaddam urushda ayollarni o‘ldirish mumkin emas degan qat'iy qonunni e'lon qilib qo‘ygan edi. Bu esa Islom zaiflarga yordam qo‘lini cho‘zuvchi, insonparvar din ekanligini ko‘rsatadi.

Ulamolarimiz yuqorida o‘tgan hadislardan zaiflarga kuchini ko‘rsatish og‘ir gunoh, harom amal degan hukmni chiqarganlar. Jumhur ulamolar esa: «Ularning o‘zlari qatl qilishni qasd qilmasalar» – degan qaydni qo‘shadilar.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayol va bolalarni o‘ldirishdan qaytardilar». Bu islom dinini boshqalardan yaqqol ajratib turuvchi hukmlaridan biri.

Insonlar urushda ayollar, bolalar, qariyalar va ota – onalarni o‘ldirishi odat tusiga kirib qolgan davrda birinchi bo‘lib ularni qatl qilish harom degan hukmni Islom e'lon qildi. Bu hukmni muhofaza qilish va unga jiddiy e'tibor qaratishda islom ummatidek xalqni topa olmaysiz.

Urush vaqtida zaiflarni qiynash va ularni o‘ldirishdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qaytarib turgan bo‘lsalar – tinch yashab turgan aholini, ayniqsa, zaiflarni umriga zomin bo‘lish eng yomon, eng jirkanch, hech qanday insoniylik tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydigan yovuz ish ekanligi ma'lum bo‘ladi.

Bu yerda zaiflar – ayollar, bolalar, qariyalar va ota – onalar haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa–da ba'zi faqihlar bu ro‘yxatga boshqalarni ham qo‘shganlar.

Molik rahmatullohi alayh: «Ko‘r, aqli noqis, nogiron (paralich), eshiklarini berkitib olib, insonlarga aralashmaydigan cherkov ahllari o‘ldirilmaydi», degan. Abu Hanifa va ashoblarining gapi ham shu.

Savriy rahmatullohi alayh: «Keksa, ayol va ko‘r, nogiron (paralich)lar o‘ldirilmaydi», degan.

Avzo'iy rahmatullohi alayh: «Yer haydovchi, ziroat qiluvchi (dehqon), yoshi keksa, jinni va rohiblar o‘ldirilmaydi», yana «Men mevali daraxtni kesishni yoki kanisa yo boshqa obod joylarni vayron qilishni karih ko‘raman», degan.

Lays rahmatullohi alayh: «Cherkov ichidagi rohib ham o‘ldirilmaydi. Unga molidan yemish qoldiriladi», degan.

Dinimiz adolatli, bag‘rikeng din. Diniy bag‘rikenglikka katta etibor qaratgan. Boshqalarning muqaddas deb sanagan narsalariga hurmat ko‘rsatish, rohiblarni qatl qilmaslik va cherkovlarni buzmaslik haqidagi aytilgan so‘zlar gapimizning amaliy isbotidir.

4. Mevali daraxtni kesilmaydi;
Daraxtlarga oid hukmlar sinchiklab o‘rganib chiqilganda quyidagi xulosa kelib chiqdi. Daraxtlarni payxon qilmaslik kerak xususan u mevali bo‘lsa.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlar soyasidan foyda olib turgan daraxtlar ostiga bavl qilib la'natga sabab bo‘lib qolishdan qaytarganlar. Bundan soya beruvchi daraxtlar insonlar ehtiyoji bo‘lgani bois ularni bekordan – bekor, besabab kesmaslik kelib chiqadi. Mevali daraxtlarga kelsak, ularni kesishda molni isrof va zoye qilish bor. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam molni isrofi va zoye qilishdan qaytarganlar.

5. Obodni xarob qilma;
«U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo‘ydi». (Hud surasi 61 oyat)

 Oyati karimada Alloh taolo bizni yerni obodligi yo‘lida harakat qilishimizga buyurmoqda.

«Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang». (A'rof surasi 56 oyat)
Obod joylarni vayron qilish ilohiy ta'limotlarga zid ish bo‘lib, yer yuzida «fasod qilma» nahiysi ostiga kiruvchi qabih amaldir.

6. Qo‘y

7.va tuyalarni yemoqdan boshqa sabab uchun o‘ldirma;
Qo‘y va tuyalar xoslab aytilgani ko‘p uchrashi e'tiboridan. Yo‘qsa, boshqa hayvonlarga ham zulm o‘tkazish mumkin emas.
«U zot yana sizlar uchun issiq kiyim va (turli) manfaatlar bo‘lsin, deb chorva mollarini ham yaratdiki, sizlarning taom–ozuqalaringiz ulardan bo‘lur. Yana sizlar uchun ular kechqurun o‘tloqdan qaytayotgan va tongda o‘tloqqa ketayotgan paytida bir chiroy – fayz bo‘lur. Shuningdek, ular sizlar jonlaringizni qiynab, zo‘r–bazo‘r (mashaqqat bilan) yetadigan yurtlarga yuklaringizni eltib berur. Albatta, Parvardigoringiz mehribon va rahmlidir. U zot yana sizlar minishingiz uchun ziynat qilib otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur.» (Nahl surasi, 5–8 oyatlar)

«Axir Biz ular uchun O‘z qo‘llarimiz–la qilgan narsalardan chorvalarni yaratib qo‘yganimizni ko‘rmaydilarmi?! Bas, ular o‘shalarga molik–egadirlar–ku! Biz ularga o‘sha (hayvon)larni bo‘yinsundirib qo‘ydik. Bas, ulardan markablari bor va ulardan yerlar. Ular uchun o‘shalarda manfaatlar va ichkiliklar bor. Axir shukr qilmaydilarmi?! (Yosin surasi, 71–oyat)

Sahl ibn Hanzaliyyadan rivoyat qilinadi:«Sahl ibn Hanzaliyya aytadiki: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam beli qorniga yopishib ketgan (oriq) tuyaning oldidan o‘tdilar va: «Bu bezuvon hayvonlarda Allohga taqvo qilinglar. Chiroyli mininglar, chiroyli yenglar», dedilar». Abu Dovud rivoyati.

Nofe' ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Bir ayol mushuk sababli azobga giriftor bo‘ldi. Uni qamab qo‘ygan edi, o‘lib qoldi va u sababli do‘zaxga kirdi. Uni qamaganiga yarasha yedirib ichirmadi. Uni qo‘yib yubormadi hamki, yerdagi hashorotlardan terib yerdi»,–dedilar». Muslim rivoyati.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Qaramog‘idagilarni o‘z holiga tashlab qo‘yish kishining gunohkor bo‘lishiga kifoya qiladi»,–dedilar». Abu Dovud rivoyati.

Hayvonni qattiq urish yoki qamab qo‘yib, qarovsiz qoldirish yoxud toqatidan ortiqcha narsani yuklash ham katta zulmdir.

Faqihlar hayvonlarga mehr – muruvvat yuzasidan ulardan egasi borlariga diyonatan nafaqa qilish vojib ekanligiga ittifoq qilishgan. Shunday bo‘lsada hayvoniga infoq qilmaydigan kishini unga majbur qilinishida ixtilof qilganlar. Hanafiylar «Zohirur rivoya»da: majbur qilinmaydi. Chunki haqqa majburlash sohibi uni talab va xusumat qilgan vaqtda bo‘ladi, deyishgan.

Abu Yusufdan majbur qilinadi degan rivoyat bor. Chunki hayvonni och qoldirish unga befoyda azob berish va molni zoye qilish demakdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bularning hammasidan qaytarganlar. Yana bu ish chiroyli oqibatdan xoli bo‘lgani sabab ahmoqlikdir.

Alloh inson va hayvonni toqati yetmaydigan narsaga buyurmadi. Bolasiga zarar qilsa sutini sog‘ish harom hisoblanadi. Yelinini jarohatlamasligi uchun tirnoqlarni olish sunnatdir.

Buni qarangki, bezuvon hayvonlar jismiga shikast yetmasligi uchun tirnoqlarni olish sunnat hisoblansa, mavjudotlarning gultoji bo‘lgan insonni sababsiz jarohatlash yoki o‘ldirish qaysi aqlga to‘g‘ri keladi?!

8. Arilarni yoqma va g‘arq qilma. Boshqa bir rivoyatda xurmoni yondirma ham deyilgan.

Arilardan murod asalarilar. Ularni yondirish yoki suvg‘a g‘arq qilish mumkin emas. Nima uchun? Chunki ular ham bir ummat–da!

«Yer yuzidagi yuruvchi har bir jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir». (An'om surasi, 38 oyat)

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Payg‘ambarlardan birini chumoli tishlab oldi. Chumoli qishlog‘iga o‘t qo‘yishga buyurdi. Shunda Alloh unga vahiy qildi: Agar seni bir chumoli tishlagan bo‘lsa tasbeh aytadigan ummatlardan birini yondirib tashlaysanmi?!»
Boshqa bir rivoyatda xurmoni yondirma ham deyilgan.

Yuqorida har qanday daraxtlarni payxon qilmaslik haqida so‘z yuritildi. Xurmo ham daraxt sifatida o‘sha nasihat ostiga kiradi – ku, deyishingiz mumkin. Haqiqatda buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Qur'oni karimda yigirmadan ortiq joyida xurmo so‘zi kelgan. Xurmoni fazilatlari borasida hadislarda mavjud. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xurmoni suyib istemol qilganlar. Shu bois alohida zikr qilgan bo‘lishlari mumkin. Buni usulda umumdan keyin xosni zikr qilish qoidasi deyiladi.

O‘t qo‘yish yoki yondirishga kelsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlar yondirgan chumoli uyasini ko‘rib «Bunga kim o‘t qo‘ydi?», «Parvardigordan boshqaning olov bilan azoblashga haqqi yo‘q», deganlar. Demak, bundan o‘t qo‘yish yoki u bilan azoblash faqatgina Allohning O‘ziga xos ish ekanligi kelib chiqadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Islom dini zaruratsiz, hech qanday hojat va sababsiz daraxtlarni payxon qilishdan qaytarishining o‘ziyoq tabiat muhofazasiga qanchalar e'tibor berganini ko‘rsatadi.

9. Xiyonat, o‘g‘irlik qilma
O‘ljadan hali u taqsim qilinmay oldin xiyonat qilib yoki o‘g‘irlab olma.
Xiyonat va o‘g‘irlik gunohi kabira. Bu borada juda ko‘p oyat va hadislar mavjud.

10. Qo‘rqoqlik qilma
Urushdan qo‘rqoqlik qilib qochma. Chunki hadislarda urushdan qochish gunohi kabira ekanligi ta'kidlangan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, aytilgan gaplarning hammasi urush vaqtiga qaydlanganligi, hatto urush vaqtida ham haddan tajovuz qilmaslik kerakligi kelib chiqadi. Musulmonlar bu qoidalarga ming yillardan beri amal qilib kelganlar. Bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘lganlar.

Turli oqim va firqalar esa yuqorida aytilgan o‘nta nasihatning aksariga balki ularning hammasiga xilof qiladi.

Islom dini daraxtni payxon qilma, hayvonni qiynama, hatto chumoliga ozor berma, deb bong urib turgan bir vaqtda yerda fasod qilib, mavjudotlar gultoji joniga tajovuz qilish nimasi?!

Eng achinarlisi tub aholisi musulmon bo‘lgan xalqlar bu sitamlardan eng ko‘p jabr chekmoqdalar.

Manba: Ummat.uz

Mavzuga oid