Sport | 11:00 / 16.11.2016
21466
4 daqiqa o‘qiladi

JCh-2018 saralashi, Osiyo mintaqasida birinchi davra yakunlandi. Kimda qanday vaziyat?

Rossiya—2018 mundiali uchun harakat qilayotgan Osiyo terma jamoalari 3-saralash bosqichining birinchi davrasini yakunladi. 5-turni Seulda Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchrab qaytgan O‘zbekiston termasi hisobidagi 9 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi.

A guruhida Janubiy Koreya O‘zbekistonni 2:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, guruhning ikki uchrashuvida tomonlar golsiz durangga rozi bo‘lishdi. Qatar-Xitoy va Suriya-Eron uchrashuvlarida gol bo‘lmadi.

Suriya Eronning "oyog‘idan ushlab qolishi" eronliklar guruhda oldinga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Endilikda guruhda Eron 11 ochko bilan peshqadam, ikkinchi o‘rindagi Janubiy Koreyada 10 ochko bor, O‘zbekiston 9 ochko bilan uchinchi o‘rinda qolmoqda.

Ikkinchi davrani O‘zbekiston 2017 yilning 23 martida Suriyaga qarshi safar o‘yini orqali boshlaydi. 7-turda, 28 mart kuni Qatar qabul qilinadi. 8 va 9-turlarda Eron hamda Xitoyga safar qilinadi (13 iyun va 31 avgust), 10-turda, 2017 yilning 5 sentabr kunida Janubiy Koreyaga qarshi Toshkentda to‘p suriladi.

O‘zbekiston Jahon chempionatiga chiqishi uchun kamida 21 ochko olishi kerak hisoblanadi. Hozirga kelib yo‘qotilishi mumkin bo‘lgan 9 ochkodan 6 ochko ketdi. Endi qolgan o‘yinlarda mag‘lubiyat terma jamoani mundial orzusidan yanada uzoqlashtiradi. Hozirgi holatda nazariy maksimum jihatidan terma jamoada turnirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoni saqlanib qolayotgan bo‘lsada, real imkoniyatlar holatida O‘zbekiston guruhda uchinchi o‘rinni egallashi mumkin. Bu holatda ikkinchi guruhda uchinchi o‘rinni egallashi ehtimoli yuqori bo‘lgan Saudiya Arabistoni bilan pley-off o‘yini o‘tkaziladi. Saudiyaliklar to‘sig‘idan o‘tilsa, Shimoliy Amerika vakili (Bu ko‘p ehtimol bilan Panama yoki AQSh bo‘ladi) bilan o‘yinlar o‘tkaziladi.

V guruhida esa vaziyat chigal. O‘zbekiston bu guruhdan joy olmagani omadning kelgani. Ayni vaqtda bu guruhda kuchli to‘rtlik hosil bo‘lgan. Saudiya Arabistoni va Yaponiya 10tadan, Avstraliya va BAA 9tadan ochko jamg‘ardi. Iroqda 3 ochko bor, Tailand bugun Avstraliyaga qarshi o‘yinda ilk ochkosini qo‘lga kiritgan.

Guruhda Avstraliya va Yaponiya o‘z tajribasi evaziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olishi, Saudiya Arabistoni esa BAA bilan uchinchi o‘rin uchun raqobatlashishi kutilmoqda.

Tahririyat: Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinga ko‘p narsa tikilgan edi. Muhim o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar O‘zbekiston futbolida tubdan islohotlar o‘tkazilishi kerakligini ko‘rsatib berdi. Rossiya-2018 bilan xayrlashishga shoshilmasdan, ikkinchi davra boshlangunicha, futbol federatsiyasida va terma jamoada kadrlar almashinuvini o‘tkazgan holda navbatdagi o‘yinlar uchun tayyorgarlik boshlash kerak bo‘ladi. Jumladan, terma jamoaga xorijdan kuchli bosh murabbiy taklif etib, Janubiy Koreya va Eronni mag‘lub eta oladigan boshqa bir jamoa shakllantirish zarur bo‘ladi. Muxlislarning O‘zbekiston futbolidan ko‘ngli butkul sovisa, keyin kech bo‘ladi.

Mavzuga oid