Jahon | 11:19 / 18.11.2016
10295
4 daqiqa o‘qiladi

Kiyevdagilar prankerning Poroshenko bilan suhbatini gibrid urushining bir qismi sifatida baholashdi

Foto: «Kommersant'»

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko bilan telefonda o‘zini Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atambayev kabi tutib gaplashgan pranker Vovan (Vladimir Kuznetsov) rossiyaliklarning maxsus xizmatlariga xizmat qiladi va bu hodisa Rossiyaning Ukrainaga qarshi gibrid urushning bir qismidir. Bu haqda Ukraina prezidentining matbuot kotibi Svyatoslav Tsegolko o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma'lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prankerlar ukrainaliklar yetakchisining«Qirg‘iziston prezidenti» bilan so‘zlashuvi yozuvini maxsus xizmatlar hamda Kreml bilan maslahatlashib olmaguncha oshkor qilmay turishgani shundan dalolat beradi.

«Poroshenko telefon muloqotida Rossiyani agressor deb atagan va Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqishi talab etilishi haqida gapirgan. Aynan shu gap tufayli ular bu yozuvni maslahatlashmasdan e'lon qila olmasdi», — degan Tsegolko.

U qo‘shimcha qilganki, bu muloqotning tashkillashtirilishida Qirg‘iziston TIV tomoni ham ishtirok etgan.

«Ular Qirg‘iziston prezidenti ma'muriyatining telefon raqamlarini taqdim etishgan. Bu voqeadan keyin esa ular bir necha kun davomida Ukrainadan bo‘lgan qo‘ng‘iroqlarga javob qaytarishmadi», — deya qayd etgan matbuot kotibi.

Uning aytishicha, bu suhbat ko‘p tahrir qilingan.

Suhbatda Poroshenko Donbassda 4 mln kishi azob chekayotgani haqida aytadi. 

«Almazbek, vaziyat shunday, hech kimga ravo ko‘rib bo‘lmaydigan vaziyat», — deya qo‘shimcha qilgan ukrainlar prezidenti.

Poroshenko «Atambayev»ni Ukrainaga ishchi safar bilan kelishga taklif etgan.

«Biz mehmondo‘stligimiz bilan ajralib turamiz, o‘z navbatida Bishkekka o‘z delegatsiyamizni yuborishimiz ham mumkin», — degan u.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya uchun «Qrim yiliga 2 mlrd dollarga tushadi, kommunikatsiya tizimlari barpo etish uchun yana 2 mlrd dollar». U DXR va LXRga yordam uchun ham yiliga 2 mlrd dollar sarflanishini aytib o‘tgan.

«112 Ukraina» telekanali saytida Ukraina prezidenti matbuot xizmati tomonidan ushbu suhbatning to‘liq matni e'lon qilingan.

Bundan oldinroq pranker Qirg‘iziston «prezidenti»ning Poroshenko bilan muloqoti aks etgan 15 daqiqalik audioyozuvni taqdim etgandi.

Poroshenko va Atambayevning muloqoti haqidagi xabar 2 noyabr kuni Ukraina prezidenti saytiga joylashtirildi. 3 noyabr kuni bu xabar olib tashlandi.

Keyinroq Bishkekdagilar Poroshenko bilan kimdir hazillashgani haqida aytishdi.

«Bu xabar ishonchli emas. Ehtimol, Ukraina yetakchisi bilan kimdir hazillashgan», — dedi Qirg‘iziston prezidenti apparati tashqi siyosat bo‘limi rahbari Sapar Isakov. 

Joriy yilda Poroshenko shaxsi bir necha marotaba telefon orqali hazil qiladigan kimsalar (prankerlar) obektiga aylandi. Bunday voqealardan birida Poroshenko nomidan The New York Times nashriga intervyu berishga urinish bo‘lgan. 

Mavzuga oid