Jamiyat | 08:19 / 19.11.2016
9439
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda insonga birinchi bo‘lib sun'iy yurakni ko‘chirib o‘tkazgan jarroh vafot etdi

Foto: © AP

Dunyoda birinchi bo‘lib insonga sun'iy yurakni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini amalga oshirgan kardiojarroh Denton Kuli 96 yoshida AQShda vafot etdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. Jarroh 18 noyabrda Xyustondagi uyida 4 qizi qurshovida hayotdan ko‘z yumdi.

Kuli 1920 yil 22 avgustda Xyustonda tug‘ilgan. 1941 yilda Ostindagi Texas universitetini zoologiya ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. U keyinchalik tibbiy ma'lumot olgan, Jons Xopkins universitetining tibbiyot maktabida jarrohlik amaliyoti va internaturadan o‘tgan. 

Marhum 1962 yilda Texas kardiologiya institutiga asos solgan, 1969 yilda esa 47 yoshli Xaskell Karpga sun'iy yurak ko‘chirib o‘tkazgan. Sun'iy yurak Karpning hayotini 65 soat davomida ushlab turgan, so‘ngra unga donorlik yuragi o‘tkazilgan. Erkak shundan keyin bir kundan ko‘proq yashay olgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Kuli o‘z faoliyati davomida 100 mingga yaqin kishiga jarrohlik qilgan. U shuningdek kardiojarrohlikda qo‘llanadigan ko‘plab metodikalarning muallifi sanaladi. Kardiojarroh ulkan xizmatlari uchun AQShdagi eng oliy fuqarolik mukofoti – prezidentning Ozodlik medali bilan taqdirlangan. 

 

Mavzuga oid