O‘zbekiston | 17:46 / 05.12.2016
12287
4 daqiqa o‘qiladi

MDH missiyasi raisi: “G‘arb oilaga bo‘lgan munosabat masalasida o‘zbeklardan o‘rnak olsin!”

Foto: O‘zA

MDH davlatlarining 73 nafar vakili 17 noyabr kuni O‘zbekistondagi Prezidentlik saylovlarini kuzatish uchun tashrif buyurdi. MDH missiyasi raisining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasidagi saylovlar ochiq, shaffof, demokratik tamoyillarga muvofiq ravishda bo‘lib o‘tdi. MDHning O‘zbekistondagi missiyasi saylovlarning tashkilotchilik jihatlariga alohida e'tibor qaratishdi va uning yuqori saviyada o‘tkazilganligiga urg‘u berishdi. Barcha saylov uchastkalarida aniq va qonunchilikka to‘la rioya qilinganligini aytishdi. MDH missiyasi vakillarining aksariyati bundan avvalgi prezidentlik saylovlarida bo‘lganliklari, bu safargisi esa oldinga tashlangan dadil qadam sifatida qayd etilganligini e'tirof etishdi. 

MDH missiyasi raisi Sergey Lebedev O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida saylov jarayonlarining yoritib borilishi, bu borada amalga oshirilgan ishlar, jumladan, press-klubning ochilishini alohida ta'kidladi. U saylov davomida yuzlab onlayn-intervyular berib borilganiga diqqatni qaratdi. Jurnalistlar uchun saylovlarni yoritishga qulay texnik imkoniyatlar yaratib berilgan bo‘lsa, partiya nomzodlari uchun o‘z dasturlarini bayon qilish uchun to‘liq sharoit yaratilgani taraqqiyotdan darak berishini aytdi. 

Bundan tashqari, MDH missiyasi vakillari O‘zbekistondagi saylovchilarning faollik darajasini yuksak baholashdi va bu o‘zbek xalqining o‘z kelajagiga befarq emasligidan dalolat berishini ta'kidlashdi. 

Vakillar, shuningdek, saylovda ilk marta ishtirok etgan 18 yoshdagi fuqarolarga bo‘lgan e'tiborni maqtovga sazovor deb atadi va bu yoshlarning hayotida bir umrga muhrlanib qoladigan muhim voqea bo‘lib qolishiga umid bildirdi. 

Saylovni o‘tkazishda kamchiliklar deyarli bo‘lmaganini e'tirof etdi. Yagona e'tiroz - ba'zi insonlarning o‘zi bilan birga oila a'zolari pasportini olib kelganligi, lekin uchastka xodimlarining uyushqoqligi natijasida bu holatga barham berilganligi aytildi. Misol sifatida bir yigitning xasta onasining pasportini o‘zi bilan birga olib kelganligi, biroq saylov uchastkasidagilar o‘zlari yigitning uyiga borib, onasining shaxsan o‘zi ovoz berishiga erishishgani keltirildi. Shu bois bu holatni qonun buzilishiga kirmasligi ta'kidlandi. 

Saylovlarni o‘tkazishda prezidentlikka nomzodlarning yuqori madaniy saviyasiga urg‘u berildi hamda O‘zbekistondagi saylovlarni AQShdagi prezidentlik saylovlari bilan qiyoslandi. Amerikalik nomzodlar bu borada O‘zbekiston nomzodlaridan ibrat olsa arzishi ta'kidlandi. O‘zbekistonda hech qanday qora "piar" bo‘lmaganligi MDH missiyasi vakillarini quvontirganligi qayd etildi. 

"Hamdo‘st mamlakatning ana shunday yuqori saviyada Prezidentlik saylovlarini o‘tkazganligi bizni quvontirdi. E'tibor berib qaralsa, O‘zbekistondagi har bir partiyaning nomida demokratiya so‘zi ishtirok etar ekan va bu juda yaxshi. Demak ular uchun xalqning xohish-istaklari - birinchi o‘rinda", - dedi mamnuniyat bilan Lebedev. 

MDH missiyasi tomonidan O‘zbekistondagi kattalar va bolalarga bo‘lgan alohida e'tibor, oilaviy qadriyatlar tahsinga sazovorligi ta'kidlandi. 

"Oila yuqori madaniyatning bir ko‘rinishidir. G‘arb oilaga bo‘lgan munosabat masalasida sizdan o‘rnak olishi kerak! Ko‘chalar, saylov uchastkalaridagi tozalik, tartibga rioya qilish, ko‘ngillilarning yordamga kelishi - barchasi kishini quvontiradi. Shuni ta'kidlamoqchi edimki, dunyoning hech bir mamlakatida birinchi marta ovoz berishga kelgan yoshlarga bunday katta e'tibor berilmaydi", - deya so‘zlarini yakunladi MDH missiyasining yana bir rossiyalik vakili.
 

Mavzuga oid