Jahon | 23:49 / 14.12.2016
11818
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy eng yirik musulmon veb-sayti faoliyatiga chek qo‘ydi

Foto: Reuters

Xitoy musulmonlarining eng yirik onlayn-jamiyatlaridan biri o‘z sahifasida XXR prezidenti Si Tszinpin nomiga uning faollari "shafqatsiz bosimi"ni to‘xtatishi so‘ralgan  petitsiyani joylashtirganidan keyin yopib qo‘yildi. Bu haqida 14 dekabr, chorshanba kuni petitsiya mualliflari AFP'ga xabar berishdi

Manbaga ko‘ra, 2003 yildan "Zhongmu Wang" veb-sayti yoki  2muslim.com islom diniga e'tiqod qiluvchilarning onlayn nashri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelardi. 

Biroq chorshanba kuni saytga kirishning iloji bo‘lmagan, unda texnik xizmatlar ko‘rsatilayotgani to‘g‘risidagi yozuvdan boshqa hech narsa ko‘rinmagan. 

Shuningdek uning ikki sho‘'ba media akkauntiga ham kirishning imkoni bo‘lmagan. 

Xitoy rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 23 million musulmon istiqomat qiladi. Ba'zi norasmiy baholarga ko‘ra esa, u yerdagi musulmonlarning soni 50 millionni tashkil qiladi. Bunday ko‘rsatkich esa Xitoyni dunyoning top-10 musulmon davlatlari qatorida qayd etilishiga sabab bo‘ladi. 

XXR Konstitutsiyasida diniy erkinlik huquqi qayd etilgan  bo‘lsa-da, hukumat bunga qat'iy cheklovlar qo‘yadi. 

Petitsiya mualliflarining fikricha, XXR prezidenti Si Tszinpin nomiga uning faollari "shafqatsiz bosimi"ni to‘xtatishiga hamda davlat tomonidan qo‘lga olingan shaxslarni ozod qilishga chorlovchi  petitsiya joylashtirilganidan keyin islomiy sayt yopib qo‘yilgan. 

Xat mualliflari Si Tszinpinni 2012 yilda hukumat tepasiga kelgandan buyon yuzlab huquqshunoslar, olimlar va faollarni hibsga olib, boshqa dinga e'tiqod qiluvchilarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lganligi tanqid ostiga olishgan. 

"Siz totalitar tizimning barcha jinoyatlari uchun javobgar emassiz, lekin totalitar tizim rahbari sifatida begunoh to‘kilayotgan qon va ko‘z yoshlari uchun mas'uliyatni o‘z zimmangizga olishingiz kerak", - deyiladi unda. 

"Kelasi bahorda Xitoyning yangi Yasmin Inqilobida bizni yo‘q qilishga yo‘naltirilgan tanklaringizni kim boshqaradi - 1989-yillardan keyingi talabalar avlodimi?"

Manbada veb-sayt egasiga qo‘ng‘iroq qilinganligi, lekin  uning javobsiz qolganligi ta'kidlangan.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy hukumati mamlakat ichidagi, ayniqsa Shinjondagi musulmonlarga nisbatan yaxshi munosabatda emas. AFP'da ma'lum qilinishicha, xat mualliflaridan biri Entoni Chang Avstraliyaning Kvinslend Universitetida tahsil oladi. 

 

Mavzuga oid