Fan-texnika | 09:15 / 16.12.2016
6027
2 daqiqa o‘qiladi

BMW muallaq turuvchi tachskrin ixtiro qildi

Foto: motor.ru

BMW kompaniyasi Las-Vegasdagi CES iste'molchilik elektronikasi ko‘rgazmasida avtomobilning multimedia majmuasi va boshqa funksiyalarini boshqarish uchun muallaq turuvchi tachskrinni taqdim qiladi. HoloActive Touch innovatsion tizimi biror-bir sirtga qo‘llarni tekkizmay, imo-ishoralargina bilan boshqarishni ko‘zda tutadi. 

Tachskrin ixtirochilarining aytishicha, u o‘zida proyektsion displey, imo-ishoralar bilan boshqarish funksiyalari va sensor ekranning ustuvor tomonlarini mujassamlashtirgan. BMW hozircha yangi tizimning barcha tafsilotlarini keltirmagan, biroq uning ishlash prinsipini qisman tushuntirgan.

Foydalanuvchi kerakli bandni tanlashi uchun go‘yoki havoda muallaq turgan virtual tugmaga tegadi, maxsus kamera esa qo‘l harakatlarini qayd qilib, tegishli buyruqlarni uzatadi.

Tizim yaratuvchilarining ta'kidlashicha, foydalanuvchi tizimni ishlatishda qandaydir tarzda teskari aloqani oladi.

Bugungi kunda BMW yangi avloddagi "yettinchi" va "beshinchi" modellaridagi multimedia tizimlarida imo-ishoralar bilan boshqarish funksiyasini joriy qilgan. Misol uchun, qo‘l harakatlari bilan audiotizim ovozini yoki trekni o‘zgartirish mumkin.

CES ko‘rgazmasi yanvar boshida o‘z ishini boshlaydi.

 

Mavzuga oid