Sport | 10:40 / 18.12.2016
6731
3 daqiqa o‘qiladi

«Sport-Ekspress» doping bilan qo‘lga tushgan Povetkin ishtirokidagi jang haqida yozishdan bosh tortdi

«Sport-Ekspress» («SE») gazetasi tahririyati 17 dekabr kuni o‘tkazilgan rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkin va fransiyalik Yoan Dyuopning jangi haqida yozmaslikka qaror qildi. Bu haqda nashr saytida xabar qoldirilgan.

Jurnalistlar sportchining qonida doping topilganidan qattiq darg‘azab bo‘lishgan. Ular ushbu sportchi «hech narsa bo‘lmagandek» boshqa raqibga qarshi yana ringga ko‘tarilganidan hayron qolishgan.

«Professional boksda "bunday vaziyatlar uchun oqlovchi qoidalar" bo‘lmasligi kerak. Doping qabul qilingani bo‘yicha dalil bor. U hatto bizning bokschi bo‘lsa ham, qoida buzilishini oqlab bo‘lmaydi», — deyilgan «SE» bayonotida.

Shuningdek, «doping qabul qilgan rossiyalik sportchilarni qahramonlarga tenglashtirayotganlar» qoralangan.

«Doping bilan qo‘lga tushgan sportchi ringga chiqish — butun dunyoga Rossiyada toza sportga shunchaki tupurib qo‘yilganini namoyish etishdir. "SE" bunga qarshi. Biz bu sportchi haqida yozmaymiz», — deyilgan e'londa.

17 dekabr kuni Aleksandr Povetkinning Butunjahon boks kengashi (WBC) kamari uchun kanadalik Bermeyn Stivernga qarshi o‘tkazishi kerak bo‘lgan jangi oldidan topshirgan doping namunasida taqiqlangan modda (ostarin) aniqlandi. Bu haqda jang boshlanishiga 1 soat vaqt qolganida ma'lum bo‘ldi. Stivern jangga chiqishdan bosh tortdi va jang bekor qilindi.

Shu kuni Povetkin baribir ringga chiqdi va fransuz Yoan Dyuopni 10 raundlik jangning oltinchi raundida nokautga uchratdi. Bu jangda hech qanday sovrin o‘ynalmadi.

Povetkin bu yil bir marta doping bilan qo‘lga tushgan edi. 2016 yil 13 may kuni bokschining namunalaridan meldoniy moddasi topilgan edi. Shu sababli yilning eng kutilgan jangi — Povetkinning amerikalik Deontey Uaylder bilan to‘qnashuv yo‘qqa chiqqan. Rossiyalik sportchining vakillari Povetkin haqiqatan ham bu dori vositasini qabul qilgani, biroq meldoniy taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilishidan bir necha oy avval bu preparatdan foydalanishni to‘xtatganini bildirgan edi. O‘shanda bokschini diskvalifikatsiya qilmaslik qaroriga kelingan, biroq uning Uaylder bilan jangi bekor qilingan edi.

Mavzuga oid