O‘zbekiston | 19:57 / 19.12.2016
77607
6 daqiqa o‘qiladi

FHDYo yangi Qonunida bir qator o‘zgarishlar qayd etildi

Foto: norma.uz

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi 387-sonli qarori bilan Fuqarolik ro‘yxatga olish qoidalari (bundan keyin Qonun deb yuritiladi) tasdiqlandi. Bundan avvalgi tahrir esa (1999 yilning 12 aprelidagi 171-sonli qarori) o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblanadi. Norma.uz ikki tahrirning qisqacha qiyosiy tahlilini keltirdi
  
Qonunda eng avvalo FHDYo organlari tarkibiga kiruvchi idoralar ro‘yxati berilgan: 
FHDYoning shaharlar va tumanlardagi bo‘limlari;
Nikoh uylari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining FHDYo arxivlari va viloyatlar hamda Toshkent shahri adliya boshqarmalari.
  
Endilikda Qonun va qonunchilikning boshqa hujjatlarida keltirilgan talablarga javob bermaydigan hujjatlar taqdim etilgan holatda ular ro‘yxatga olinmasligi mumkin. 
 
FHDYo organlari xodimi, shuningdek konsul o‘zi, turmush o‘rtog‘i, o‘zi va juftining qarindosh-urug‘lariga tegishli  hujjatlarni ro‘yxatga olish, ularga o‘zgartirish, to‘g‘rilash yoki qo‘shimcha ma'lumot kiritish huquqiga ega emas. Bundan avvalgi Qonunda taqiq faqat o‘zi, turmush o‘rtog‘i va farzandlariga nisbatan joriy qilingan edi. 
 
Shunday vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, ro‘yxatga olish FHDYoning boshqa xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. 
 
Bundan buyon tug‘ilganlik to‘g‘risidagi ma'lumotnoma yanada batafsil bo‘lishi kerak.
 
Xo‘sh, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi yangi tibbiy ma'lumotnoma qanday mazmunda bo‘lishi kerak?

Onaning familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili, tug‘ilgan sanasi, millati, fuqaroligi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti (oliy, o‘rta);
Bolaning tug‘ilgan vaqti, sanasi, joyi, jinsi, vazni va bo‘yi;
Homiladorlik muddati, nechanchi homiladorlik;
tug‘ilish mezonlari (nafas olishi, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi, mushaklar qisqarishi);
tibbiy ma'lumotnoma berilgan vaqt, uning tartib raqami va tibbiy muassasa nomi.
 
Tug‘ruqxonadan tashqarida, tibbiy yordamsiz dunyoga kelgan bola haqidagi tibbiy ma'lumotnoma shu onadan farzand tug‘ilganiga guvoh bo‘lgan kishilar ishtirokida tuzilgan va mahalliy shifokor tomonidan tasdiqlangan hujjatga asosan beriladi. Bundan avval shunday vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda guvohlar ma'lumotnomaning o‘zini imzolab qo‘yishardi. 
 
Qonunga ko‘ra, bolaning familiyasi milliy an'analarga muvofiq, bobosining (ota yoki onaning otasi) nomidan kelib chiqishi mumkin. Bundan avval esa otaning ismidan kelib chiqib ham familiya berilishi mumkin bo‘lgan.
  
Farzand asrab olish  bo‘limiga kiritilgan o‘zgarishlar esa bu jarayonning bundan buyon sud orqali amalga oshirilishi bilan bog‘liq. 
   
Yangi Qonunda ko‘rsatilishicha, endilikda nikohni qonuniylashtirishda necha kishi guvohlik berishi oila qurayotgan yoshlar tomonidan belgilanadi. Bundan avvalgi Qonunda ularning soni ikki kishidan oshmasligi kerak bo‘lgan. 
 
Xorij fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs nikohdan o‘tish uchun o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasidan tashqari, joriy vaqtda qonuniy nikohda emasligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi kerak. Barcha hujjatlar davlat tilidagi tarjimasi bilan topshiriladi. 

FHDYo nikohni ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng belgilangan tartibda xorij davlatiga uning fuqarosi O‘zbekiston fuqarosi bilan nikohdan o‘tgani to‘g‘risidagi xabarni yetkazadi. 
   
Muayyan harakatlar va ularning amalga oshirilish tartibi muddatlariga ham o‘zgarishlar kiritildi:

Hujjat yozuvlarining qayta tiklanishiga doir arizani ko‘rib chiqish - 1 oy davomida (avval - 15 kun);
Hujjatga o‘zgartirishlar, to‘g‘irlashlar va qo‘shimcha ma'lumot kiritishga doir arizalar - ariza tushgan kundan boshlab 15 kun davomida (avval - arizaga qo‘shimcha barcha hujjatlar ilova qilingan vaqtdan boshlab);
Familiya, ism va otaning ismi o‘zgarishiga doir ariza - ariza topshirilgan kundan boshlab 2 oy ichida (avval - 45 kun). 

Barcha hujjatlar davlat tilida, lotin alifbosida to‘ldiriladi. Davlat tilini bilmaydigan shaxslar tarjimon xizmatidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. 

Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan kishilar ishtirokidagi hujjatlarni qayd etishning yangi tartibi keltirilgan. Ko‘zi ojiz insonning hujjati qayd etilayotgan paytda hujjat mazmuni FHDYo organi xodimi tomonidan o‘qib beriladi. Agar kar, soqov fuqaro yetarli bilimga ega bo‘lmasa, hujjatni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida unga hujjat mazmunini yetkazib bera oladigan shaxs ishtirok etishi mumkin. 

FHDYo xodimlari xizmat jarayonida o‘zlariga ma'lum bo‘lgan ma'lumotlarni hatto mehnat shartnomasi tugaganidan keyin ham ovoza qilishi taqiqlanadi.

Hujjatlar nusxalari Adliya vazirligi, sud va huquq-tartibot organlari, noturiuslar, shuningdek respublikaning FHDYo organlari va konsullik muassasalari so‘roviga binoan beriladi. Hujjatlar nusxalari fuqarolarga berilmaydi.

Maxfiylik qonunlariga rioya qilmagan xodimlar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. 

Endilikda FHDYo organlari tegishli adliya boshqarmalariga tug‘ilish, o‘lim, nikoh qurish va uni bekor qilishga oid oylik hisobotni 97 shakl ko‘rinishida, elektron va qog‘oz variantlarda taqdim etishlari kerak bo‘ladi. 

Shuningdek FHDYo organlarini tekshirish muddatlari belgilandi:

Adliya vazirligi tomonidan - har 2,5 yilda 1 marta (avval - har 2 yilda 1 marta);

Adliya boshqarmalari tomonidan - har 2 yilda 1 marta (avval - har yili 1 marta).

Mavzuga oid