Sport | 17:02 / 19.12.2016
9407
8 daqiqa o‘qiladi

Vengerga Gvardiolacha javob. «Siti» nimaning evaziga g‘alaba qozondi?

«Men Angliyadagi bir qator o‘yin uslublarining mayda jihatlariga to‘liq moslashib olishim kerak. Buning uchun vaqt talab qiladi. Ammo o‘yin uslubim, prinsiplarimni o‘zgartirish? Men hech qachon bu yo‘ldan bormayman. Hech qachon!»

«Arsenal»ga qarshi uchrashuv oldidan Sky Sports esperti sifatida ishlayotgan Terri Anriga bergan intervyusida Gvardiola xuddi shu so‘zlarni aytib o‘tgandi.

«Arsenal»ga qarshi uchrashuvda ham Gvardiola o‘z uslubiga sodiq qolgan holda futbol ko‘rsatdi. Faqat jamoadagi o‘zgarish boshlang‘ich taktik sxemaning 4-2-3-1 ko‘rinishini olgan bo‘ldi. Gvardiolaning «Bavariya»dagi faoliyati haqida ikkita kitob yozgan Marti Perarnau bu sxemani Pep odatda juda muhim, hal qiluvchi holatlardagina qo‘llashini eslatib ketgan. Bu ko‘proq raqibning pozitsion hujumlarini kuchsizlantirish va to‘pni nazorat qilishda tayanch zonasidagi o‘yinchilarning son ustunligidan foydalanish maqsadida qo‘llanilgan. Markaz to‘liq uning jamoasi ixtiyorida bo‘lishi kerak.

Birinchi bo‘limning dastlabki qismini hisobga olsak, bu taktik o‘ylov deyarli ish bergani yo‘q. Venger shogirdlari tezkor gol kiritib olgach, butun birinchi bo‘limni ajoyib tarzda o‘tkazishdi. To‘p raqibga topshirib qo‘yilgan bo‘lsada, jamoa juda yaxshi himoyalandi. Ikkinchi qavatda «Siti»ga hech qanday imkoniyat qoldirilmadi. Birgina Loran Koselnining o‘zi bitta taymda uch marta havo kurashida yutib chiqdi, 8 to‘pni qaytarib yubordi, 2 marta to‘pni raqibdan olib qo‘ydi va 2 marta raqib zarbalariga to‘g‘anoq bo‘lib qoldi. Gvardiola jamoasining doimiy pressingga asoslangan to‘pni total ustunlik bilan nazorat qilib turuvchi o‘yini oldida Vengerning birinchi bo‘limning uchun o‘ylab qo‘ygan rejalari juda ham foydalidek ko‘rindi.

Ammo ikkinchi bo‘limda esa butunlay boshqacha Gvardiola «Siti»si maydonga tushib keldi. Gvardiola o‘yindan keyin bergan intervyusida tanaffus vaqtida shogirdlariga tayinli hech narsa aytmaganini ta'kidlagan bo‘lsada, «Siti» butunlay boshqacha kayfiyatda maydonga qaytdi. Belerin va Gabriel o‘rtasida ko‘p vaziyatlarda yuzaga kelayotgan tushunmovchilik mezbonlar e'tiborini tortdi va endi o‘sha qanotda ko‘proq Leroy Sane paydo bo‘la boshladi. Rahim Sterling esa ko‘proq markazdan emas o‘ng qanotda chopishga o‘tdi. Qanotlarning kuchaytirilishi natijasida hujumlarda tezlik va variantlar ko‘paydi. Natijada birinchi gol yuzaga keldi. David Silva birgina harakat bilan Leroy Saneni Petr Chex qarshisida birga-bir vaziyatga olib chiqdi va o‘rtadagi muvozanat tiklandi. To‘g‘ri, bu vaziyatda juda ko‘pchilik ofsayd bo‘lgani haqida gapirmoqda. Arsen Venger ham o‘yindan keyin hakamlarning qarorlaridan nolidi. Uning fikriga ko‘ra, ikkinchi kiritilgan golda besh metrlik o‘yindan tashqari holat qayd etilishi kerak edi. Bu haqida keyinroq alohida to‘xtalib o‘tamiz.

Umuman olganda, ikkinchi bo‘limda Venger jamoasi ko‘rsatgan o‘yinni futbol deb ham bo‘lmaydi. Balki, kuchsizroq jamoa uchun bu o‘yin uslubi bo‘lishi mumkin, ammo chempionlik uchun kurash olib borayotgan jamoa bu kabi yo‘l bilan natija erisha olmasligi tayin. Jamoa yetakchisi Mesut O‘zil umuman maydonda ko‘zga tashlanmadi. Aleksis Sanches bitta o‘zi jangda qolgan askardek taassurot uyg‘otdi. Bir so‘z bilan aytganda, «Arsenal» mavsumdagi eng yomon bo‘limlaridan birini o‘tkazdi.

«Siti» esa aksincha chempionlik uchun kurash olib borayotgan haqiqiy jamoaga o‘xshadi. Umuman Gvardiolaning kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlariga e'tibor bersak, jamoa autsayderlarga qarshi o‘ynagandan ko‘ra, yaxshiroq futbol ko‘rsatganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. «Barselona»ga qarshi «Etihad»dagi ikkinchi bo‘lim. «Chelsi» bilan o‘yinning dastlabki bir soati va «Arsenal»ga qarshi ikkinchi bo‘limda ko‘rsatilgan futbol hozircha Gvardiolaning haqiqiy imzosini ko‘rsatdi.

«Arsenal»ga qarshi o‘yin shunisi bilan boshqalaridan ustun ediki, jamoa Fernandino («menga uchta Fernandino bering – va men APL chempioni bo‘laman» ©) va Serxio Aguerosiz (asosiy to‘purar) mavsumning oson bo‘lmagan qismida g‘alaba qozondi. Juda muhim bo‘lgan natijaga erisha oldi.

Endi Venger noligan vaziyatlar yana gol kiritilgan vaziyatlarga e'tiborni qaratamiz.

David Silva to‘pni oshirayotgan vaziyatda bir qarashda Leroy Sane himoyachidan ko‘ra darvozaga yaqinroq joylashgandek ko‘rinadi. Biroq suratga yaxshilab nazar solsangiz, Loran Koselni so‘nggi soniyalarda oyog‘ini orqaga biroz kengroq yoyib yuborganini ko‘rishimiz mumkin. Aynan shu nuqtadan olib qaraganda hakam golni hisobga olishga to‘la haqqi bor edi.

Ikkinchi goldagi vaziyat anchagina bahsli. Agar bu vaziyat uchun hakam ofsayd belgilashi kerak bo‘lsa ham, belgilamagan taqdirda ham vaziyat ikki tomonlama muhokama qilinishda davom etadi. Birinchidan, Rahim Sterling Kevin De Bryuynening zargarona to‘p uzatishidan keyin bor e'tiborini zarba berishga qaratdi va bu yerda David Silvaga to‘pni oshirish uchun bir soniya bo‘lsada o‘ylab ko‘rgani yo‘q. Ikkinchidan, Rahim darvozaga zarba berayotganida (rasmga e'tibor bering) David Silva Petr Chex aytganidek uni umuman to‘sadigan pozitsiyada emasdi. Ya'ni ofsaydda qolib ketgan Silva bu vaziyatning aktiv ishtirokchisi emasdi. Passiv holatda deyishimiz to‘g‘riroq bo‘ladi.

Umuman olganda, agar vaziyatlar gol sifatida hisobga olinmagan taqdirda ham ikkinchi bo‘limdagi o‘yin shuni ko‘rsatib turgandiki, «Siti» baribir gol urishi kerak edi. Faqat savol vaqt masalasida bo‘lib qolgandi. Londonliklar ikkinchi bo‘limni butunlay raqibga topshirishdi va o‘yinni boy berishdi. Gvardiola esa uni tinmasdan tanqid qilayotgan ingliz jurnalistlariga munosib javob qaytara oldi.

Manba: Tribuna.uz

Mavzuga oid