O‘zbekiston | 18:29 / 20.12.2016
69519
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qrim masalasi bo‘yicha Rossiyaga qarshi BMT rezolyutsiyasi qabul qilinishiga "yo‘q" dedi

BMT Bosh Assambleyasi Qrimda inson huquqlari masalasini monitoring qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi.

Bu rezolyutsiya matnida, Rossiya bosqinchi (okkupant) davlat deb atalgan, Qrim va Sevastopol esa vaqtincha bosib olingan (anneksiya) hududlar sifatida qayd etilgan.

Hujjatda BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasiga Qrimdagi vaziyat bo‘yicha alohida hisobot tayyorlash so‘rab murojaat qilingan.

Bundan tashqari, hujjat BMT Bosh kotibiga Qrimga xalqaro huquq himoyachilari missiyalarini yo‘llashni taklif qiladi. Rossiyadan esa ularni yarim orolga kiritish talab etiladi.

«Xalqaro ekspertlarning bo‘lishi Qrimda vaziyatning yanada yomonlashishining oldini olishda birinchi darajali ahamiyatga ega», — deyilgan rezolyutsiyada.

Bu rezolyutsiya tashabbuskori Ukraina tomoni bo‘lib, hujjat qabul qilinishi uchun 70ta davlat vakillari ovoz bergan, 26 davlat qarshi chiqqan, yana 77 davlat esa betaraf qolgan.

Loyiha qabul qilinishi uchun AQSh, Kanada hamda Yevropa davlatlari, jumladan, Turkiya va Yaponiya ham ovoz bergan bo‘lsa, Rossiya, Xitoy, KXDR, Serbiya, Hindiston, JAR, Suriya, Armaniston, Kuba, Belarus, Eron, Qozog‘iston kabi davlatlar qatorida O‘zbekiston ham bu rezolyutsiya qabul qilinishiga qarshi chiqqan.

77 davlat betaraf qolgan, jumladan, Qirg‘iziston hamda Tojikiston.

Noyabr oyida Ukraina BMT Bosh Assambleyasi 3-qo‘mitasida Qrimdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni qoralovchi hamda Rossiyani yarimorolga xalqaro kuzatuvchilarni kiritishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qilinishiga erishgandi. O‘shanda ham O‘zbekiston Rossiya tomonida turgan.

4 sahifali hujjatda, "Qrim aholisiga nisbatan inson huquqlari buzilayotgani, ularning kamsitilayotgani", xususan "qrim-tatarlar, ukrainlar hamda boshqa etnik va diniy guruhlar a'zolari ta'qiblarga uchrayotgani" aytiladi. Unda, shuningdek, Rossiya hukumatini "Qrim aholisiga nisbatan barcha tahqirlovchi holatlar va inson huquqlarining buzilishiga barham berish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rish"ga chaqiruvchi hamda "yarimoroldagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni kuzatish bo‘yicha xalqaro missiyalarga ruxsat berish"ga undovchi bandlar mavjud. 

Bundan oldinroq, Rossiyaning BMTdagi maxsus vakili bu hujjatni «noxolis va to‘qib-bichilgan» deb atagandi.

Rossiya Qrimni 2014 yilning martida, xalq referendumidan keyin anneksiya qilgandi. Ukraina va xalqaro hamjamiyat referendum natijalarini tan olmaydi. AQSh va Yevroittifoq Qrimning Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi ortidan Rossiyaning bir qator kompaniyalari va amaldorlariga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan.

Mavzuga oid