O‘zbekiston | 19:30 / 23.12.2016
11989
13 daqiqa o‘qiladi

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

Joriy yilning 23 dekabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzusida respublika Davra suhbati o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 27 maydagi 132-sonli Qaroriga binoan tashkil etilgan mazkur Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bosh prokuratura, Markaziy bank, vazirlik va idoralar mutasaddilari, hamkor tashkilotlar, ish beruvchilar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari va hududiy  kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalari rahbarlari ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan ijtimoiy-mehnat munosabatlarining muhim komponentlari bo‘lgan bandlik, ijtimoiy himoya, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va galdagi vazifalar muhokama etildi.

Ta'kidlash zarurki, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan xuddi shu turdagi Davra suhbatlari respublikamizdagi barcha tuman va shaharlarda, so‘ngra hududlar miqyosida tashkil etilgan edi. Ushbu tadbirlarda mehnatkashlar tomonidan o‘rtaga tashlangan ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid savollardan aksariyatining joyida hal etiliga erishildi. Shu bilan birga, respublika miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar Respublika Davra suhbatiga taklif etilgan tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari e'tiboriga havola etildi. Xususan, bandlik, ijtimoiy himoya, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy himoya hamda mehnat muhofazasi tadbirlarini moliyalashtirish, qishloq joylarida plastik kartochkalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida hududlardan kelgan murojaatlarning yechimini topish bo‘yicha qizg‘in fikr va mulohazalar bildirildi. Faol bahs-munozaralarga boy o‘tgan tadbir davomida hududlardagi kasaba uyushma faollari tomonidan aholining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga oid masalalar  bo‘yicha to‘plangan savollarga vazirlik va idoralar, Markaziy bank mutasaddilarining javoblari olinib, ularni to‘laqonli hal etish maqsadida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish masalasiga urg‘u berildi.

Tadbir davomida joriy yilda respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qator ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganligi alohida ta'kidlandi. Jumladan, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning yangi taxriri qabul qilingani, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, Xalqaro mehnat tashkilotining “Birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi 87-sonli Konventsiyasi ratifikatsiya qilingani alohida e'tirof etildi. Davlat xizmatchilarining mehnatini tartibga solish xususiyatlarini qonun bilan belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat muassasalari xodimlarining mas'uliyatini oshirishni, shuningdek ularning huquqlari kafolatlarini mustahkamlashni ko‘zda tutuvchi «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish vazifasi qo‘yilgani muhim voqea bo‘lgani alohida ta'kidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda aholining real daromadlarini oshirish, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy masalalarni yechish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyoyev ta'kidlaganidek, samarali mehnat uchun zarur sharoitlar, munosib ish haqi, zamonaviy uy-joylar, sifatli ta'lim va tibbiy yordam, dam olish va hordiq chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratish – bularning barchasi iqtisodiy sohadagi islohotlarimiz mohiyati va mazmunini belgilab beradigan muhim omillar ekanligi e'tirof etildi.

Mazkur talablardan kelib chiqqan holda kasaba uyushmalari tomonidan ham xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoyasini ta'minlash borasidagi ishlarning kuchaytirilgani ayni muddao bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, uning tarkibida xususiy mulk ulushini ko‘paytirish barobarida ijtimoiy-mehnat sohasidagi masalalarni samarali hal etish uchun yaratilgan mustahkam huquqiy negiz va ta'sirchan amaliyot natijasida xususiy sektorning tobora rivoj topayotganini ta'kidlash zarur. Mazkur jarayon mehnat sohasida faoliyat yurituvchi mamlakat kasaba uyushmalari zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Xususan, bugun kasaba uyushmalari yangi tashkil etilayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini kasaba uyushmalariga jalb etish, jamoa shartnomalarini tuzish, bu orqali ularda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini ta'minlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid Bosh kelishuv muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi samarali ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklikning ijtimoiy-mehnat munosabatlarini yanada rivojlantirish, turli soha xodimlari ijtimoiy himoyasini samarali ta'minlash imkoniyatlarini kengaytirayotgani xalqaro ekspertlar tomonidan ham e'tirof etilmoqda.

Tadbirda bugungi kunda Bosh kelishuvdan kelib chiqqan holda jamoa shartnomalari va kelishuvlari ijrosini ta'minlash, ularning mazmun-mohiyatini davr talabi asosida zarur tadbirlar bilan boyitish, bu orqali xodimlarga qulay mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar ham muhokama etildi. Xususan, Jamoa kelishuvlarida xodimlarning mehnatiga haq to‘lashni tashkil etish, qonun hujjatlarida ko‘rsatilganidan yuqoriroq to‘lovlarni o‘rnatish tartibini belgilash, xodimlar uchun uzaytirilgan asosiy va qo‘shimcha ta'tillar o‘rnatish va tarmoq xususiyatlaridan kelib chiqadigan boshqa masalalarga oid aniq va batafsil me'yorlar keltirilgani ta'kidlandi. Ijtimoiy kafolatlar, sog‘liqni muhofaza qilish, xodimlar va ularning oila a'zolarini, shu jumladan bolalarni sog‘lomlashtirishni tashkil etish masalalari aks ettirilgani qayd etildi.

Davra suhbatida ta'kidlanganidek, bugun ish beruvchilar va boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari o‘rtasida tuzilayotgan jamoa shartnomalari orqali xodimlarning kasbi, malakasi va mehnat shartnomasiga binoan to‘la bandligini ta'minlash, kollej bitiruvchilari uchun imtiyozlar tizimini joriy etish, yangi ish o‘rinlarini barpo etish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish chog‘ida qonun me'yorlariga rioya etish masalalari hal etilmoqda. Shuningdek, mehnat havfsizligi darajasini yuksaltirish, ish joylarining sanitar-gigiyena holatini yaxshilash, maishiy xonalar bilan ta'minlash, ish o‘rinlarini shahodatlash, mehnat muhofazasi qoidalariga o‘qitish, tegishli tartibda imtiyoz va kompensatsiyalar o‘rnatish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Natijada, bugungi kunga kelib respublikamizda 14 ta hududiy, 95 ta tarmoq kelishuvlari, 112  mingdan ziyod jamoa shartnomalari mehnat munosabatlarini samarali tartibga solish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, xodimlar uchun ko‘plab imtiyoz va kafolatlar yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Kasaba uyushmalari tizimida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashning yagona va markazlashgan tartibini joriy etish, murojaatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini ta'minlash maqsadida maxsus markazlashgan onlayn tizim yaratildi. Mehnatkashlardan kelgan jami 6 ming 112 ta murojaatning har biri o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, ulardan 4783 tasi qanoatlantirildi, 102 ta murojaat mualliflar xabardor qilingan holda taalluqliligiga ko‘ra vakolatli organlarga yuborildi. Kasaba uyushmalari organlariga kelib tushgan murojaatlarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va fuqarolar huquqlarining himoya qilinishi natijasida 1373 nafar shaxsning qonuniy huquqlari tiklanishiga va ular foydasiga 1011,6 mln. so‘m miqdordagi zarar undirib berilishiga erishildi. Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan mehnatga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash maqsadida 20 ta vazirlik va idoralarning malaka oshirish muassasalari o‘quv dasturlariga mehnat munosabatlari bo‘yicha mavzular kiritilib, kasaba uyushmalari mutaxassislari ushbu mavzularda ma'ruzalar bilan ishtirok etishi ta'minlanib kelinmoqda.

Milliy va xalqaro mehnat standartlari bo‘yicha aholi xabardorligini yanada oshirishga qaratilgan axborot-tushuntirish kampaniyasi doirasida mehnatkashlarning asossoluvchi huquqlariga oid 386 ta banner va 44,5 mingta posterlar aholi gavjum joylarga joylashtirildi, ish beruvchilarga 100 mingta flayerlar taqdim etildi.

Ijtimoiy sheriklik asosida ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish samaradorligini yanada oshirish, mehnatkashlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil davomida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida jamoa shartnomalari orqali oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar shartnoma pullarining bir qismi qoplandi. Korxonalarda yosh xodimlar boshqa kasbga o‘rgatildi va malakasi oshirildi, xodimlarga safarbarlik zaxirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan foizsiz ssudalar berilishiga erishildi. Shu bilan birga keksalarga har tomonlama ko‘mak berilib, pensiya yoshiga yetgan xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Xodimlar mehnatini muhofaza qilish borasida joylarda namunaviy o‘quv dasturi asosida 26 ming 160 nafar mehnat muhofazasi bo‘yicha vakillar o‘qitildi. Xo‘jalik sub'yektlarida mehnatni muhofaza qilish masalalariga e'tiborni oshirish maqsadida «Mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoat nazoratini eng yaxshi tashkil etish yuzasidan respublika ko‘rik-tanlovi» o‘tkazildi.

Yangi ish o‘rinlarini tashkil etish dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan kasaba uyushmalari tashabbusi bilan har bir tuman (shahar)da xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali kollej bitiruvchilari uchun 4 ming 882 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Respublika bo‘yicha o‘tkazilgan mehnat yarmarkalarining 870 tasida kasaba uyushmalari faol ishtirok etib, qariyb 41 ming nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomalari orqali korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan 4 ming 514 ta yosh oilaga uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish hamda uy-joy qurish uchun foizsiz csudalar ajratildi. Yosh oilalardan 73 ming 314 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. Ushbu maqsadlarga kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida 37 mlrd. 666 mln. so‘m yo‘naltirildi. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalarning 57 ming 581 nafar farzandlari o‘quv anjomlari bilan ta'minlandi. 2 yoshdan 3 yoshgacha farzandlari bo‘lgan 20 ming 976 nafar ayolga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Davlat dasturi doirasida nodavlat sektoridagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoyasi ham kuchaytirildi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarida mehnat qilayotgan 9 ming 875 nafar bolali ayolning oylik maoshi saqlangan holda ish haftasi 1 soatga qisqartirildi. Chekka qishloqlardagi ijtimoiy ko‘maktalab ishlayotgan 959 nafar ayolning Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva kabi tarixiy shaharlarga sayohatlari tashkil etildi. 625 nafar onalar va yosh oilalar vakillari kasaba uyushmalari tasarrufidagi sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirildi.

Ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida amalga oshirilayotgan mazkur tizimli ishlar, bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan qizg‘in muhokama etilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Davra suhbati yakunida mehnatni muhofaza qilish, ish o‘rinlarini shahodatdan o‘tkazish, xodimlarni maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlash, ish beruvchilarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, qishloq xo‘jaligi xodimlariga beriladigan kafolatlar, plastik kartochkalar vositasida to‘lovlarni amalga oshirish masalalariga oid o‘rtaga tashlangan savollarga aniq va batafsil javoblar berilib, kelgusida ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni kuchaytirish borasida kelishib olindi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati

Mavzuga oid