Sport | 08:33 / 29.12.2016
10903
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq birinchi raqamli ayol tennischi faoliyatini yakunlashini e'lon qildi

Sobiq birinchi raqamli ayol tennischi, serbiyalik Ana Ivanovich sport faoliyatini yakunlashini e'lon qildi. Bu haqda "R-Sport" xabar bermoqda.

29 yoshli sportchi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida videomurojaat orqali muxlislariga o‘z rejalarini ma'lum qildi. Sentyabrda tennischi bilagidagi eski jarohatlar qaytalanishi va oyog‘idagi barmog‘ida operatsiya o‘tkazish zarurligi sababli mavsumni muddatdan avval yakunlagandi. O‘shanda tennischi jarohatlari tufayli bor kuchi bilan o‘ynay olmasligini aytgan.

"Men 5 yoshimdan tennischi bo‘lishni orzu qilganman va bunga muvaffaq bo‘ldim. Men birinchi raqamli tennischi bo‘ldim, "Rolan Garros", WTA’ning 15 ta musobaqasini  yutdim, ko‘plab esda qoladigan o‘yinlar o‘tkazdim. Serbiyalik qiz uchun unchalik yomon emas", deb aytdi tennischi.

Sportchi bu qarorga kelish unga oson bo‘lmaganini aytdi. Uning aytishicha, oxirgi vaqtda uni jarohatlar taqib qilmoqda. Shuning uchun Ivanovich boshqa yo‘nalishda "olg‘a borish" kerakligini aytdi.

"Men sport va sog‘lom turmush tarzi elchisi bo‘laman, o‘zimni biznes, go‘zallik va moda sohasida sinab ko‘rishni istardim. Shuningdek, menda UNICEF’dagi ishim uchun ko‘proq vaqt bo‘ladi", deb ta'kidlab o‘tdi Ivanovich.

Eslatib o‘tamiz, Ivanovich nemis futboli yulduzi Bastian Shvaynshtaygerning rafiqasi hisoblanadi.

 

Mavzuga oid