Jahon | 17:45 / 31.12.2016
6761
2 daqiqa o‘qiladi

Pan Gi Mun BMT bosh qarorgohini butunlay tark etdi

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun tashkilotning Nyu-Yorkdagi qarorgohi binosini tark etdi. Hamjamiyatning hisob bo‘yicha sakkizinchi ma'muriy rahbari binoning 38-qavatida joylashgan xonasidan chiqib, o‘z xodimlari bilan xayrlashgan. 

"Men so‘nggi o‘n yilda minglab nutqlar so‘zladim. Biroq hali ham ko‘p narsa haqida gapirmoqchiman. Men sizlarni hamkasblarim deb atashdan juda ham faxrlanaman", - degan bosh kotib binodan chiqib ketarkan.

Shuningdek, u o‘zini “Zolushka kabi” his etayotganini tan oldi. "Soatlar yarim tunni ko‘rsatganida hammasi o‘zgaradi. Men o‘zimni biroz noqulay his qilmoqdaman. Endilikda hammasini o‘zim qilishim lozim bo‘ladi. Bunga qadar esa menga BMTga a'zo-davlatlar va minglab mehnatkash xodimlar yordam berishardi", - qo‘shimcha qildi Pan Gi Mun.

BMT bosh kotibi bilan xayrlashuv uch bosqichda o‘tkazilgan va qarorgohning ichki televideniyesi kanallaridan biri orqali jonli efirda translyatsiya qilingan. Pan Gi Munga 38-qavatda "Biz seni unutmaymiz, omad" so‘zlari bitilgan katta otkritkani taqdim etishdi. Bosh Assambleya binosining ikkinchi qavatidagi sharqiy foyeda esa uni taxminan 200 kishi kutib turgan. BMT ma'muriy rahbariga rafiqasi Yu Sun Dek hamrohlik qildi. 

Pan Gi Mun majmuadan chiqib, Mercedes qora limuziniga o‘tirgan hamda qo‘l silkitib, BMT qarorgohini butunlay tark etgan.

Ma'lumot uchun, Pan Gi Munning omma oldidagi so‘nggi chiqishi bugunga rejalashtirilgan. U Nyu-Yorkdagi Tayms-skver maydonidagi yangi yil bayram tadbirlarida ishtirok etadi. 

Mavzuga oid