Sport | 10:16 / 04.01.2017
6858
2 daqiqa o‘qiladi

“Shapekoense”ning aviahalokatda tirik qolgan futbolchilari raqami ishlatilmaydi

Braziliyaning “Shapekoense” klubi aviahalokatida omon qolgan futbolchilarning raqamlari ular jamoaga qaytishiga qadar ishlatilmaydi. Bu haqda Tribuna.uz xabar bermoqda.

“Shapekoense” rahbariyati seshanba kuni jamoaning 2017 yilga tayyorgarligi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi. Klub prezidenti Plinio David de Nes uchta futbolchi bilan ijara kelishuvlari imzolangani haqida ma'lum qildi. Jamoa ijrochi direktori Ruy Koshta esa omon qolgan futbolchilarning o‘yin raqamlari hurmat belgisi sifatida ishlatilmasligini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, bu holat klub o‘yinchilarning futbol va jamoaga tezroq qaytishiga umid bildirayotganidan darak beradi.

Aviahalokatda futbolchilar Alan Rushel, Neto va darvozabon Jyekson Folmann tirik qolishdi.

Ma'lumot uchun, bortida “Shapekoense” o‘yinchilari va xodimlari bo‘lgan samolyot 29 noyabr kuni aviahalokatga uchradi. Jamoa Kolumbiyaga, Janubiy Amerika kubogi finalida mahalliy “Atletiko Nasonal” klubi bilan kuch sinashish uchun ketayotgan bo‘lgan. Aviahalokat natijasida 71 kishi halok bo‘ldi, olti inson, ulardan uchtasi – futbolchilar omon qoldi. Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi 5 dekabr kuni “Shapekoense”ni Janubiy Amerika kubogi g‘olibi deb e'lon qildi. Shuningdek, jamoa halokatdan so‘ng ilk uchrashuvini 29 yanvar kuni o‘tkazishi ham xabar qilindi.

Mavzuga oid