Jahon | 11:58 / 10.01.2017
12274
3 daqiqa o‘qiladi

MRB rahbari: Obama “arab bahori” davomida g‘arbiy demokratiyani o‘rnatishga harakat qilib, jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi

Foto: AP

AQSh prezidenti Barak Obama ma'muriyati “arab bahori” davomida g‘arbiy demokratiyani o‘rnatishga harakat qilib, jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu haqda mamlakat Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Brennan CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

"O‘ylashimcha, Vashingtonda “arab bahori” avtoritar rejimlarni ag‘darib tashlashi, shuningdek demokratiya faqatgina xalqlar buni istasagina, gullab-yashnashi borasida asossiz umidlar bo‘lgan", - deya ma'lum qildi Brennan 2011 yilda arab dunyosida ro‘y bergan norozilik aksiyalari to‘lqini haqida gapirar ekan. O‘shanda Tunis, Misr va Yamanda amaldagi hukumat to‘ntarib tashlangan, Liviya va Suriyada fuqarolik urushi boshlangan, Jazoir, Iroq, Marokash, Ummon va boshqa davlatlarda ommaviy norozilik namoyishlari avj olgandi. Ma'lum bo‘lishicha, aslida u yerda "o‘zlariga, o‘z qabilasi yoki guruhiga ozodlik" istashgani oshkor bo‘ldi. "Haqiqiy demokratiya u yerdagi ko‘plab xalqlar va madaniyatlarga mos kelmadi", - dedi MRB direktori.

Shuningdek, uning fikricha, Iroqdan amerikalik qo‘shinlarni olib chiqish IShID terrorchilik guruhi paydo bo‘lishiga turtki bergan omillardan biri bo‘ldi. "Men bu sabab bo‘ldi, deb o‘ylamayman. Menimcha, bu ro‘y bergan holatga turtki bergan, xolos. Sababi biz u yerda yo‘q edik va harbiy tayyorgarlik hamda yordamni ko‘rsatish imkonidan mosuvo bo‘ldik", - aniqlik kiritdi Brennan.

"IShID Iroq va Suriyada bunchalik katta hududlarni egallab olishini bilganimizda edi... Biz bunday yo‘lni tanlamagan bo‘lardik", - tan oldi u.

MRB direktori Suriyada qurollangan muxolifatni birinchi bosqichda faol ravishda qo‘llab-quvvatlashdan voz kechilganda, qanday ehtimoliy vaziyat yuzaga kelishi mumkinligi borasida ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi. "Ehtimol. O‘shanda Suriya rejimi ancha kuchsiz edi", - dedi u. "Biroq muxolifatni ko‘r-ko‘rona qo‘llab-quvvatlash hamda Suriyaga qurol-yarog‘ yetkazib berish hozirgidan ham yomon holatga olib kelishi mumkin edi", - deya qo‘shimcha qildi Brennan.

Mavzuga oid