O‘zbekiston | 17:31 / 11.01.2017
14175
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat vazirligi yangi axborot tizimini ishga tushirdi

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan yuridik shaxslarning mehnat daftarchasiga bo‘lgan ehtiyojlarini ta'minlash bo‘yicha yangi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar berdi.

Ishga tushirilgan tizim mehnat daftarchalari bilan ta'minlashning barcha jarayonini avtomatlashtiradi: yuridik shaxslar tomonidan mehnat daftarchasini olishdan tortib, mehnat organlari tomonidan mehnat daftarchalari harakatini to‘liq hisobga olishgacha, deyiladi xabarda.

Yuridik shaxs xizmatdan foydalanish uchun Mehnat vazirligining www.mehnat.uz rasmiy saytidan bir marotaba ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Shaxsiy kabinetda yuridik shaxs mehnat daftarchasini olish uchun murojaat yo‘llashi mumkin. Elektron murojaat asosida ushbu murojaatni mehnat bo‘yicha mahalliy organlar xodimlari tomonidan bajarilishi bo‘yicha biznes-jarayonlar ishga tushiriladi. 

Yana bir yangilik yuridik shaxslar tomonidan Milliy kadr portalidagi shaxsiy kabinet orqali bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ma'lumotlarni bo‘sh ish o‘rinlari Milliy bazasiga kiritishlari bilan bog‘liq. Qabul qilingan hisobot avtomatlashtirilgan rejimda qabul qilib olinib, qayta ishlanganidan so‘ng, bo‘sh ish o‘rni haqidagi ma'lumot ish.mehnat.uz saytida taqdim etiladi.

Mavzuga oid