Jahon | 18:26 / 16.01.2017
6157
3 daqiqa o‘qiladi

Ruminiyaning sobiq prezidentiga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblov e'lon qilindi

Ruminiya harbiy prokuraturasi mamlakatning sobiq prezidenti Ion Iliyeskuni insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etishda aybladi. Unga 1990 yilning 13-15 iyun kunlarida Buxarestda yuz bergan tartibsizliklarni shafqatsizlik bilan bostirgani uchun ayblov qo‘yilgan. Bu haqda Agerpres agentligi xabar bergan.

"Iliyeskuga qarshi jinoiy ish bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda. Endi u ayblanuvchi maqomida. Ayni vaqtda biz himoyaga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz", degan sobiq prezidentning advokati Andrey Jorjyesku.

Sobiq davlat rahbari prokuraturada bir soat davomida bo‘lgan, u jurnalistlar bilan gaplashishdan bosh tortgan.

Bu ish bo‘yicha Ruminiya sobiq rahbariyatining yana bir necha sobiq vakiliga nisbatan tekshiruvlar olib borilmoqda. Bular o‘sha vaqtdagi bosh vazir Petre Roman, bosh vazir o‘rinbosari Jyelu Voykan Voykulesk, Ruminiya axborot xizmati sobiq direktori Virjila Meguryanu va boshqalar. Ulardan ba'zilariga ham ayblov e'lon qilingan.

Fojiaviy voqealar 1990 yilning aprelida boshlangan edi. Mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan namoyishlar saylovlarda Iliyesku boshchiligidagi Milliy qutqaruv fronti g‘alaba qozongandan keyin ham davom etdi. Deyarli uch oy davomida hukumat tepasiga sobiq kommunistlar kelishidan norozi bo‘lgan namoyishchilar kechayu-kunduz Buxarest markazida norozilik namoyishi o‘tkazadi.

Harbiy prokuror ma'lumotiga ko‘ra, 13 iyunda politsiya namoyishchilarni maydondan quvib chiqarishga uringan. Yuzaga kelgan to‘qnashuvda namoyishchilar IIV, davlat xavfsizligi, televideniye va boshqa davlat binolariga hujum qilgan. Shunda Iliyesku hukumatga yordam uchun turli viloyatlardan o‘n minglab konchilarni chaqirgan. To‘qnashuv natijasida 6 kishi halok bo‘lgan, 1269 nafari tibbiy yordam uchun murojaat qilgan, 1242 kishi siyosiy ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum etilgan.

2005 yilda konchilar tartibsizligi chog‘idagi odamlarning halok bo‘lgani yuzasidan Iliyeskuga qarshi ayblov e'lon qilingan, ammo ish natijasiz yakunlangandi.

Mavzuga oid