Fan-texnika | 15:22 / 20.01.2017
7308
4 daqiqa o‘qiladi

Coursera asoschisi: Sun'iy aql taraqqiyotini endi to‘xtatib bo‘lmaydi

Google Brain va Coursera onlayn ta'lim xizmati asoschisi, Baidu kompaniyasining sun'iy aql texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha jamoasining rahbari Endryu In The Ringer nashriga intervyu berdi. U foydalanuvchilar texnik yordamchilar bilan qay tarzda hamkorlik qilishi, ishchilarning yangi iqtisodiyotga moslashishi haqida fikr yuritdi. 

Xususan, In onlayn ta'limning yangi iqtisodiyot turini barpo qilishdagi o‘rni haqida so‘z yuritgan. Uning The Ringer muharririga aytishicha, ayrim mutaxassislar sun'iy aqlni rivojlantirishga qarshilik ko‘rsatishlariga qaramay, bu jarayonni endi to‘xtatib bo‘lmaydi. «Biz siz bilan, bu hol ayrimlarni qanchalik qo‘rqitmasin, sun'iy aql rivojlanishini va takomillashib borishini tushunib turibmiz».

Tadbirkorning fikricha, uzoq istiqbolda texnologiyalar insoniyatni muntazamlikdan ozod qilib, qiziqarli mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishlariga imkon beradi. 

Aytish mumkinki, sun'iy aql kishini toliqtiruvchi ishlar bilan shug‘ullanadi. Misol uchun kishi ishga borib-kelishda mashinani boshqarishni yoqtirmasligi mumkin. Sun'iy aql ayni shu kabi vazifalarni uddalaydi. 

Inning fikricha, insoniyat qarshisidagi asosiy muammo, ko‘plab ish o‘rinlarini boy berishdan iborat emas, balki ishsizlarning yetarli malakasi bo‘lmagani sabab, yangi mashg‘ulotni topa olmasligidadir. Shunga ko‘ra, uning aytishicha, bu masalani ijobiy hal etishda, garchi yetarli bo‘lmasa-da, onlayn ta'lim muhim o‘rin tutadi. 

Tadbirkor, shuningdek, aholi uchun so‘zsiz daromad tizimini joriy qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. «Biroq hukumat hech bir ish qilmayotganlar uchun shunchaki pulni sovurishi kerak emas. Hukumat ularning yangi ishni o‘rganishlari, munosib ish topib, soliq to‘lashni boshlashi umidida yordam berishi kerak».

Google Brain asoschisi sun'iy aqlni elektrenergiyasi bilan qiyoslagan. «100 yil avval, elektrlashtirish agrosoha, transport, sanoatni tubdan o‘zgartirib yuborgan. O‘ylaymanki, sun'iy aql bilan ham shunday bo‘ladi. U sanoat ortidan sanoatni o‘zgartiradi. U, hozirdanoq, axborot texnologiyalarini o‘zgartirmoqda. Qidiruv algoritmlari, reklama, tarjima qilish texnologiyasi, tasvirlarni tanish kabilarga kirib bormoqda».

2017 yil yanvar oyi boshlarida bo‘lib o‘tgan CES texnologik ko‘rgazmasida Xitoyning Baidu kompaniyasi Amazon Echo va Google Home raqobatchisi—Little Fish xo‘jalik yordamchisini taqdim etdi. Little Fish’ning boshqa turdoshlaridan farqi shundaki, Baidu qurilmasi ekran bilan jihozlangan. 

Inning fikricha, foydalanuvchilar ko‘rgan vaqtda axborotni yaxshi o‘zlashtiradi va tanlash imkoniyati qulaylashadi. 

Bundan tashqari, bu kabi yordamchilardan uyda foydalanish, mobil qurilmalaridagi ilovalardan foydalanishga qaraganda ommaviyroq bo‘lishi aniq. Chunki, ularni ishga tushirish uchui shunchaki so‘zlash kifoya qiladi. 

Mavzuga oid