Jamiyat | 10:47 / 22.01.2017
48383
14 daqiqa o‘qiladi

Har bir insonning o‘z shaxsiy qiyomati bor...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollalohu alayhi vasallamga behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin!

Alloh taolo olamlarni yaratar ekan, bu olamlar necha mingta bo‘lsa, barchalarining orasida o‘zaro nizomlarni joriy qilgandir. Alloh yaratgan barcha mavjudotu maxluqotlar U tuzib bergan nizom ostida, Uning qonun-qoidalariga rioya qilgan holda hayot kechiradi va o‘z harakatida davom etadi.

Agar Alloh tuzib bergan qonunlarga amal qilinmasa, har bir mavjudot va maxluqot o‘z xohishi bilan ish ko‘radigan bo‘lsa, ana shunda qiyomat boshlanadi, hammayoq ostin-ustun bo‘ladi, falokatlar, fojialar va insonning ko‘zi ko‘rib, qulog‘i eshitmagan voqea-hodisalar sodir bo‘ladi.

Xuddi shunday, yer sharini olib qaraydigan bo‘lsak yoki cheksiz osmonda suzib yurgan, minglab, balki millionlab sayyoralar, yulduzlar va hokazo – barchasi Alloh taolo belgilab qo‘ygan nizom orqali harakatlanadi. Ushbu nizomdan ozgina chetga chiqiladigan bo‘lsa, katta-katta falokatlar bo‘ladi. Buni xozirgi kunda shu sohaning mutaxassis olimlari ham o‘zlarining hisob-kitoblari asosida, uskunalari bilan ko‘rib, tekshirib, shunga iymon keltirishmoqda va e'tirof etishmoqda.

Ular koinot haqidagi turli taxminlarni, «Falon metiorit falon vaqtda kelib, to‘ppa-to‘g‘ri yerga urilar ekan», deganga o‘xshash gaplarni tez-tez aytishni boshladilar. Lekin Alloh taolo o‘zi belgilagan kun keladi, Qiyomat soatlari yaqinlashadi, ana shunda barcha sayyoralar, yulduzlar, quyosh, oy, yer shari – hammasi bir-biri bilan urishadi, parcha-parcha bo‘lib osmonda xuddi patga o‘xshab, xuddi changga o‘xshab uchib yuradigan narsaga aylanadi.

Alloh taoloning o‘zi butun olamlardagi ohistalikni, tinchlik va osudalikni saqlashligi uchun ularni o‘z falaklarida yuradigan qilib yaratib qo‘ygan. Bu haqida Alloh taolo quyidagicha marhamat qiladi:

وَهُوَ الَّذِي خَلَقَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ كُلٌّ فِي فَلَكٍ يَسْبَحُونَ

«U kecha va kunduzni, quyoshu oyni yaratgan zotdir. Hammasi falakda suzmoqdalar» (Anbiyo surasi, 33-oyat).

Ko‘zimizga ko‘rinib turgan eng katta maxluqotlardan biri quyosh va oydir. Kecha va kunduzni hamda bahor, yoz, kuz, qish fasllarining qanday ajoyib tarzda, aniqlik bilan almashib turishi insonning aqlini lol qoldiradi. Oy bilan quyosh ham xuddi shunday o‘z yo‘lida suzib yuradiki, agar quyosh hozirgi belgilangan chizig‘idan yerga ozgina yaqinlashsa, yer yuzida hayot qolmaydi, hamma narsa kuyib ketadi. Ozgina uzoqlashsa esa, xuddi Antarktidadek hammayoq muzlab, qotib qoladi. Quyosh o‘zi uchun belgilangan chiziqdan zarracha uzoqlashmaydi va zarracha yaqinlashmaydi, Alloh belgilab qo‘ygan, shu nizomdan tashqariga chiqolmaydi. Oy ham xuddi shunday. Agar oy ham belgilangan chizig‘idan ozgina chiqib ketadigan bo‘lsa, turli meva-chevalar va boshqa narsalarga rang ham, lazzat ham, maza ham kirmaydi hamda okeanlardagi suv sathi ko‘tarilib yoki tushib ketadi va yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishiga katta ta'sir etadi. Qarabsizki, dunyo ostun ustun bo‘ladi.

Bularning barchasini Alloh taolo bizlarga ibrat bo‘lishlik uchun yaratgan bo‘lib, U yana marhamat qiladi:

وَالشَّمْسُ تَجْرِي لِمُسْتَقَرٍّ لَهَا ذَلِكَ تَقْدِيرُ الْعَزِيزِ الْعَلِيمِ(38)وَالْقَمَرَ قَدَّرْنَاهُ مَنَازِلَ حَتَّى عَادَ كَالْعُرْجُونِ الْقَدِيمِ(39)لَا الشَّمْسُ يَنْبَغِي لَهَا أَنْ تُدْرِكَ الْقَمَرَ وَلَا اللَّيْلُ سَابِقُ النَّهَارِ وَكُلٌّ فِي فَلَكٍ يَسْبَحُونَ(40)

«Quyosh o‘z istiqrori uchun jarayon etar. Bu Azizu, o‘ta bilguvchi Zotning taqdir qilganidir. Oyni esa, toki eski (xurmo) shingili (holiga) qaytgunga qadar manzillarini o‘lchab qo‘yganmiz. Na quyoshning oyga yetib olmog‘i durust bo‘lar va na kecha kunduzdan o‘zib ketar. Har biri falakda suzib yurar» (Yosin surasi, 38-40-oyatlar).

Quyosh va oy o‘z belgilangan chizig‘idan bir lahza tezlashib ham, sekinlashib ham ketmaydi. Bularning hammasi insonlar uchun ibratdir. Quyosh va oy ham o‘z manzili orqali suzib yurganligi sababli, bizning hayotimiz tinch, xotirjam va osoyishta holatda davom etib bormoqda. Bularning hammasi bizlar uchun musaxxar qilingan maxluqotlardir.

Bundan xulosa shuki, madomiki barcha maxluqotlar Alloh taoloning nizomiga amal qilgan holatda harakatlanadigan bo‘lsa, bizning hayotimiz, xuzur-halovatimiz va salomatligimiz ta'minlanadi. Ammo u maxluqotu mavjudotlar yoki biz insonlar Allohning aytganidan tashqariga chiqib, ozgina adashadigan bo‘lsak, mana shu har birimiz uchun qiyomatdir! O‘ylamaylik, u katta qiyomat kelgunicha qiyomat bo‘lmaydi deb. Har bir insonning o‘z shaxsiy qiyomati bor bo‘lib, kimki o‘lsa, bu uning qiyomati qoim bo‘lganidir.

O‘lim degani esa, faqatgina jasaddan ruhning ajralishi bilan bo‘lmaydi. Jasaddagi qalbda iymon bo‘lmasa u o‘lik bo‘ladi, u xaroba qalb bo‘ladi, vayron bo‘lgan xaroba uyga o‘xshab qoladi. Shuning uchun azizlar, insonning tirikligi iymon e'tiqod bilandir.

Iymon e'tiqodning madori nima? Uning madori – iymonning taqozosiga ko‘ra amal qilishlik va iymonning qaytarganidan qaytishlik bilan bo‘ladi. Agar bordi-yu, biz aytib o‘tgan millionlab yulduzlar, sayyoralar, quyosh, oy va yer shari o‘z nizomida bir tekis suzib tursa-yu, lekin insonlar Allohning buyruqlaridan chetga chiqib, u yoqdan bu yoqqa o‘zini tashlab, uning uchun belgilab qo‘yilgan qonun-qoida va nizomlarga rioya qilmasdan, pala-partish hayot kechiradigan bo‘lsa, bu insonlarning qilayotgan qiliqlarining kasofati yulduzlarga ham, oyu quyoshga ham ta'sir qila oladi. Insonlarning gunohu ma'siyati, osiyligi va isyoni ko‘payib ketganligi sababidan, Alloh taolo insonlarni jazolash uchun mana shunday katta maxluqotlarni ham o‘z nizomidan chiqartirib yuborib, ular insonlarga katta-katta ofatlar va zararlarni keltirishligiga sababchi bo‘ladilar. Asli sabab esa o‘zimiz bo‘lamiz.

Shuning uchun ular – oyu quyosh, yulduzlar va barcha boshqa mavjudotu maxluqotlar Alloh taoloning buyrug‘idan qilcha chetga chiqa olmaydi. Allohning buyruqlariga dunyodagi eng isyon keltiradigan tajovuzkorlar – biz insonlarmiz, eng isyonchi xalq aslida bizmiz. Alloh taoloning buyruqlariga bo‘ysunmaydigan, Alloh tuzib qo‘ygan nizomga amal qilmaydigan biz bo‘lamiz. Har birimiz go‘yoki o‘zimiz, hayotimiz uchun qonun-qoidani belgilaymiz, kun-tunimizning tartibini o‘zimiz xohlagandek tuzamiz. Alloh taolo tuzib bergan nizomga, qonun-qoidasiga, kun tartibiga rioya qilmaymiz va biz uchun u go‘yoki manfaatsizdek tuyulishi mumkin. O‘zimizni dono, har narsani biluvchi aqlli, deb his qilamiz. Natijada Alloh taoloning amrlarini unutib, bilganimizdan qolmaymiz. Aynan shuning sababidan turli-tuman fitna-fasodlar, mudhish hodisalar yuz beradi. Bir dunyoga nazar tashlang – qanchadan-qancha ofatlar, kulfatlar, qirg‘inbarot urushlar, fitnalar sodir etilmoqda. Albatta, bularning barchasi bejiz emas!

Tag‘in ham, Alloh taolo yuqorida ko‘rsatilgan katta-katta maxluqotu mavjudotlarni, oyu quyoshlarni xali ham o‘z me'yorida aylanishini ta'minlab turibdi, ular zarracha chetga chiqqanlari yo‘q.

Lekin biz insonlar Alloh taolo belgilab qo‘ygan deyarli barcha chegara hududlarga tajovuz qilyapmiz. O‘zimizni nima uchun yaratilganligimizning mohiyati va hikmatini ko‘pchiligimiz bilmaganimiz uchun o‘zimizni o‘zimiz halokatga tashlayapmiz. Aslida, bu dunyoda mavjud bo‘lgan har bir jonzot va mavjudotning o‘ziga yarasha mas'uliyati, javobgarligi va xizmati bor. Biz bu o‘rinda ko‘pgina insonlarni din yo‘lida Allohga nisbatan qilayotgan isyonlari va gunohi kabiralari to‘g‘risida gapirib o‘tirmoqchi emasmiz. Chunki u katta gunohlarni deyarli barchamiz yaxshi bilamiz. Shuningdek, ibodatlardagi sustkashlik, yalqovlik va dangasalikni ham gapirmoqchi emasmiz. Albatta, bularning gapirishni o‘z o‘rni bor. Quyida esa biz odamlar tarafidan o‘ylab chiqarilgan ba'zi bir oddiygina qonun-qoidalarga rioya qilinmaganda kelib chiqadigan muammolar to‘g‘risida so‘z yuritmoqchimiz.

Insonlarning o‘z yo‘lida sayr qilishlari va ularning xavfsizligini, tinchlik va xotirjamligini ta'minlash maqsadida, butun dunyo xalqlari o‘zaro yo‘l qoidalarini ishlab chiqqanlar. Mana shu yo‘l qoidalari ham butun insoniyat tinch-omonligi, tanu jonining sihat-salomatligini ta'minlab berishlik uchun ishlab chiqiladi. Biror bir odam: «Falon mamlakatning yo‘l harakati qoidalari xalqining manfaati uchun emas, balki zarari uchun ishlab chiqarilgan», deb ayta oladimi? Albatta, hech qaysi mamlakatda bunday yo‘l qoidasi yo‘q. Dunyodagi eng rivojlanmagan va eng qoloq bo‘lgan mamlakatning yo‘l harakati qoidalari ham, o‘z xalqining tinch-omonligi, sihat-salomatligini ko‘zlagana holda ishlab chiqarilgan bo‘ladi. Bizning mamlakatimizda ham yo‘l harakati qoidalari tuzilgan ekan, shu yo‘lda harakatlanuvchi har bir shaxs, jumladan, mo‘min-musulmonlar shunga rioya qilishlari shart. Ba'zi birlar: «Qur'oni karimda yo‘l harakati qonun-qoidalariga amal qilinglar degan oyat yo‘q-ku», deb da'vo qilishi mumkin.

Yuqorida keltirilgan oyat-karimalarimiz shunga dalolat qilmaydimi?! Alloh taolo har bir mavjudotni, osmon jismlarini o‘zining yo‘lida yurishligini ta'minlab qo‘ygan ekan, nima uchun biz bandalar o‘zimizni yo‘limizda yurmaymiz? Nima uchun quyosh, oy va yulduzlar Allohning qonun-qoidasiga rioya qiladi-ku, biz o‘zimizning xavfsizligimiz uchun ishlab chiqarilgan qonun-qoidaga rioya qilmaymiz? Aytishlaringiz mumkin: «Buni Alloh taolo ishlab chiqmagan, qonunchilar o‘tirib olib yo‘l harakati xavsizligi qonun-qoidalarini ishlab chiqqan, bu bandaning qonun qoidasi-ku!», deb. Shariatning hukmi shuki, usul ul-fiqhda keltiriladi – banda biror bir narsani boshqa bandalarning manfaati uchun ishlab chiqar ekan, Shariatning ahkomiga xilof bo‘lmasa, bu ham shar'iy dalil bo‘la oladi. Insonning manfaati uchun ishlab chiqilgan har bir narsa, Shariatning o‘zagiga, Shariatning asliga xilof bo‘lmagan taqdirda, u shar'iy hujjat o‘rnida qabul qilinadi. Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari esa, azizu mukarram bo‘lgan insonlarni tanu jonining sog‘lig‘i, tinchlik va omonlikda bo‘lishi uchun ishlab chiqilgandir. Ushbu qoidalarni buzilishi oqibatida turli xil fojialar, falokatlar yuz beradi, minglab odamlar hayotdan ko‘z yumadi.

Shuningdek, samolyotlar uchadigan havo yo‘llarini olsak, har bir havo kemasi uchun belgilab qo‘yilgan o‘z yo‘li bor. Bunday qarasangiz, osmon cheksizdek ko‘rinadi. Ammo shu cheksiz osmonda bitta samolyot o‘ziga belgilab qo‘yilgan yo‘ldan yuqoriga yoki pastga, o‘ngga yoki chapga chiqib ketsa, arzimas vaqtning ichida bir falokat yuz berishi mumkin. Nima uchun shunday katta osmonda kichkinagina samolyotlar sig‘masdan, bir-biri bilan urishib ketishi holatlari ko‘p uchraydi, nima uchun bu fojialarda yuzlab odamlar o‘ladi? Chunki ular uchun belgilab qo‘yilgan balandlik va pastlik, o‘z uchish chegaralari bor bo‘lib, agarda ularga rioya etmasalar falokat yuz beradi. Shuning uchun samolyotni boshqarib ketayotgan uchuvchi, doimiy ravishda yerdan kuzatib turuvchi nazoratchilar bilan bog‘lanib, ularning buyruqlarini bajarib, to‘g‘ri uchayotganini ta'minlab turadi. Endi o‘ylab ko‘ring – sizni shaxsiy samolyotingiz bo‘lsa va osmonning egasi yo‘q, o‘zim xohlagandek uchaman, deb o‘zingizcha ucha olasizmi? Albatta yo‘q, chunki siz tez orada bir fojiaga uchrab, o‘zingizni va boshqalarni halokatga yo‘liqtirasiz.

Xuddi shuningdek, Alloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalarga rioya qilmayotgan ma'lum bir insonlar, hozircha, zohiran turli fojialarga va halokatlarga duchor bo‘lmagandek ko‘rinsalar-da, lekin aslida, botinan, ruhan va ma'nan tuzatib bo‘lmas dardga giriftor bo‘lgan, alal-oqibat dunyo va oxiratdagi eng katta falokatlarga va balolarga uchraydilar.

Ishoqjon BeGMATOV,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Mavzuga oid