Jamiyat | 21:02 / 23.01.2017
7606
2 daqiqa o‘qiladi

“Kitobxon” intellektual shousi yana bir oilaviy ko‘rsatuvga aylandi

O‘zMTRKning “Toshkent” telekanali ijodkorlari “Kitobxon” intellektual shousini efirga uzata boshlashdi.

Mazkur ko‘rsatuv o‘ziga xos bo‘lib, kitob targ‘ibotini qamrab olgani bilan tahsinga sazovordir. Tomoshabinlarni zeriktirmaslik maqsadida ikki quvnoq boshlovchi shou ishtirokchilarini ikki jamoaga ajratadi va qiziqarli shartlar e'lon qilinadi. Shu orqali ularni topqirlik, hozirjavoblik bilan kitoblar yoki ulardagi qahramonlar nomini aytishga undaydi.

Boshqa shoulardan farqli o‘laroq, “Kitobxon” san'at ahli qatorida turli ijodkorlar va shoirlarni ham efirga chiqargani bilan ahamiyat kasb etadi. Aktyorlar turli monologlar o‘qigan bo‘lsalar, shoirlar yangi yozgan she'ridan o‘qib beradilar. Shou nihoyasida ishtirokchilarga kitob tuhfa qilish yanada joziba baxsh etdi.

“Kitobxon” ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in kutib olindi. Mazkur shouning oila davrasida qiziqib ko‘rish mumkin bo‘lgan maroqli ko‘rsatuv ekanligi aytilmoqda. Uning boshqa shoulardan afzalligi ham e'tirof etilyapti. Jumladan, qalamkash Nodirabegim Ibrohimova “Kitobxon”ning “Imkon-shou”dan ko‘ra ma'niliroq” ekanligini ta'kidlagan.

Mavzuga oid