Jahon | 19:56 / 26.01.2017
6806
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Filippindagi harbiy bazalarini yangilaydi

AQSh joriy yilda Filippindagi harbiy bazalarini modernizatsiya qilib, ular hududida yangi inshootlar barpo etadi, deb ma'lum qildi Filippin mudofaa vaziri Delfina Lorenzanuga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Pentagon ikki davlatning mudofaa sohasidagi hamkorligini kengaytirish haqidagi kelishuvi (EDCA) doirasida ishni boshlashga ko‘rsatma bergan.  

"EDCA hamon amal qiladi", deb aytgan Lorenzana. Uning aytishicha, Vashington beshta kelishilgan joyda uchish-qo‘nish polosalari, omborlar va kazarmalar qurish majburiyatini olgan. Ma'lum qilinishicha, Filippin prezidenti Rodrigo Duterte ushbu loyihadan xabardor qilingan va AQSh bilan barcha mavjud kelishuvlarga amal qilishga va'da bergan.

Avvalroq AQSh va Filippin qurolli kuchlari vakillari birgalikdagi mashg‘ulotlar ko‘lami va sonini hamda ularga jalb qilinadigan amerikalik harbiylar sonini kamaytirishga kelishib olganlari ma'lum qilingandi.  

O‘tgan yili Duterte Filippindan AQShning harbiy kontingentini o‘zining prezidentlik muddati oxirigacha, ya'ni 2022 yilgacha chiqarib yuborishini va uni boshqa xorijiy qo‘shinlar bilan almashtirmasligini aytgandi.

Mavzuga oid