Jamiyat | 18:18 / 27.01.2017
7512
3 daqiqa o‘qiladi

Harakatlar strategiyasi doirasida Xalqaro davra suhbati o‘tkazildi

27 yanvar kuni "International Hotel Tashkent" mehmonxonasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasi va uning keng jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan mediahaftalik doirasida ekspertlar, jurnalistlar, davlat boshqaruv organlari, jamoat tashkilotlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirokida xalqaro davra suhbati o‘tkaziladi. 

Mazkur tadbir doirasida besh kun mobaynida Harakatlar strategiyasi loyihasining 5 yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotlar va munozaralar yakunlari to‘g‘risida ma'lumotlar beriladi. Ta'kidlash joizki, Harakatlar strategiyasi loyihasiga bag‘ishlangan mediahaftalik 23 yanvardan 27 yanvarga qadar bo‘lib o‘tdi. Tadbirning bosh maqsadi - O‘zbekiston aholisini Harakatlar strategiyasi bilan yaqindan tanishtirish, ularni qiziqtirgan savollarga javob berish, soha mutaxassislari va jamoatchilik fikr-mulohazalari, taklif va izohlarni o‘rganish. 

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Stefan Prisner, Oliy Majlis Senat raisi o‘rinbosari Svetlana Artikova, YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat, O‘EOAVMA (O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi) boshqaruv raisi Firdavs Abduxoliqov, YeXHT loyihalarining mamlakatimizdagi koordinatori Jon MakGregor hamda tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Javlon Vahobov Harkatlar strategiyasi bo‘yicha yakuniy xulosalarini bayon qilishdi. 

"Erkin mikrofon" bo‘limida esa AQSh, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston kabi bir qator xorijiy davlatlar elchilari mediahaftalik borasida so‘z yuritishdi. Shuni alohida qayd etish lozimki, barcha xorijiy diplomatik missiyalar yurtimizdagi o‘zgarishlar haqida ijobiy fikr bildirishdi va tashqi aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan siyosatimizdan mamnun ekanliklarini yashirishmadi. 

Mavzuga oid