Jamiyat | 11:47 / 30.01.2017
8443
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh prodyuserlar gildiyasi mukofotlari topshirildi: «La-La Lend», Emma Stoun va Denzel Vashington sovrindorlar qatorida

Los-Anjyelesda AQSh prodyuserlar gildiyasining aktyorlik mahorati uchun ta'sis etgan SAG Awards mukofotlari egalariga topshirildi.

«Oskar» mukofotiga 14 yo‘nalish bo‘yicha da'vogarlik qilayotgan «La-La Lend» myuzikli gildiyaning bosh mukofotini qo‘lga kiritdi. 

Myuzikldan tashqari, bosh mukofot uchun «Dengiz bo‘yidagi Manchester», «Oy shu'lasi», «Sher», «Yashirin shakllar», «Tashrif», «Dedpul», «To‘siqlar», «Vijdon amriga ko‘ra» va «Istalgan yo‘l bilan» filmlari da'vogarlik qilgandi.

Bungacha «Oskar» nominatsiyalari soni bo‘yicha «Titanik» filmi rekordini takrorlagan bu myuzikl bir necha yo‘nalishda «Oltin globus» mukofoti bilan ham taqdirlangan edi.

Eng yaxshi aktyor sifatida Denzel Vashington «To‘siqlar» filmidagi ijrosi uchun taqdirlandi. U shu vaqtgacha bu mukofot uchun 5 marta nomzod bo‘lgandi va oltinchi urinish muvaffaqiyatli chiqdi.

«La-La Lend» myuziklida bosh rol ijrochisi Emma Stounga eng yaxshi aktrisa uchun mukofot topshirildi.

Ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak roli uchun mukofot Maxershala Aliga («Oy shu'lasi») berildi, ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa Viola Devis («To‘siqlar») bo‘ldi. 

Eng yaxshi aktyorlar jamoasi uchun mukofotga «Yashirin shakllar» kartinasi (Taradji Xenson, Oktaviya Spenser va Janel Mone kabi aktyorlar) munosib ko‘rildi.

Screen Actor Guild Awards va SAG Awards kabi nomlarda ataladigan bu mukofot 1995 yildan buyon topshirib kelinadi va jahon kinosidagi eng nufuzli mukofotlar sirasiga kiradi. G‘oliblarga aktyorning 16 santimetrlik bronza haykali beriladi.

Mavzuga oid